Breaking News

O'zbekistonliklar xorijda biometrik pasport olishi mumkinmi?


O’zbekiston aholisi 2011-yilda joriy etilgan yangi biometrik turdagi pasportlar bilan hali to’liq ta’minlanmagan. Eski hujjat 2015-yil oxirigacha amal qiladi, yana bir yil. Ammo uni yangilash jarayoni juda sust kechmoqda. Ayniqsa xorijda yashovchi o’zbekistonliklar uchun biometrik pasportlarni olish muammoga aylangan.

O’zbekiston Davlat personallashtirish markazi direktori Najmiddin To’raho’jayevning bir necha oy oldin bergan ma’lumotiga ko’ra, mamlakatda kuniga 16 ming dona pasport ishlab chiqariladi. Shu kungacha olti millionga yaqin odam yangi turdagi hujjat olgan. Umuman esa O’zbekistonda jami 20 million aholi pasportizatsiyadan o’tishi kutilyapti.

Endi hisob-kitob qilaylik. Agar har kuni 16 mingtadan biometrik pasport tayyorlanadigan bo’lsa, 2015-yil 31-dekabriga qadar faqat 10 million odam yangi pasport egasiga aylanadi, 4-5 millioni esa ulgurmaydi.

Rasmiylar jarayonning sust kechayotganini texnik sabablar bilan tushuntirmoqda, mahalliy aholi esa uning uzunligidan, qog’ozbozlikdan noliydi. Biroq jarayondan eng ko’p aziyat chekayotganlar xorijga chiqqan o’zbekistonliklar. Ularning hammasi ham biometrik pasportni elchixona yoki konsullikda ololmaydi.

O’zbekistonning AQShdagi konsuli Sirojiddin Yaxshilikov Amerikadagi o’zbekistonliklarning to'rt toifasida uyga bormay turib pasportni yangilash imkoni borligini. Bular doimiy yashash uchun xorijga chiqib, konsullikda ro'yxatdan o'tganlar, talabalar, O'zbekiston Mehnat vazirligi orqali xorijda ishlash imkoniga ega bo'lganlar va muolaja uchun uzoq muddatga xorijga chiqqanlar.

Pasportni yangilash yoki boshqa konsullik masalalarida elchixonaga ishi tushgan o’zbekistonliklarning ayrimlari va ayniqsa Nyu-York va Vashington shaharlaridan uzoqda yashaydiganlar doim ham O’zbekiston diplomatik vakolatxonalari bilan telefon orqali aloqa qilib bo’lmasligidan noliydi.

Konsul bu masalaga oydinlik kiritdi. Uning aytishicha, fuqarolar konsulikka kunduzgi 3 dan 5 gacha qo'ng'iroq qilishi mumkin. Shu bilan birga konsulga uzbekconsul.org@gmail.com elektron pochta tizimi orqali ham murojaat qilish mumkin.

Konsul elchixonaning internetdagi sahifasi pasportni yangilash, qabulga yozilish kabi xizmatlarga doir ma’lumot bilan boyiganiga ishora qilib, Amerikadagi vatandoshlarga avval shu veb-saytning (http://www.uzbekistan.org) biometrik pasport sahifasi bilan tanishib chiqishni tavsiya etadi.

Aytish joiz, pasportni O’zbekistonga bormay turib yangilashi mumkin bo’lgan va konsul tilga olgan fuqarolarning to’rt toifasi ozchilikni tashkil etadi. Amerikadagi o’zbekistonliklarning aksariyati grin karta bilan kelgan. Ba’zilari AQSh fuqaroligini olgan bo’lsa ham O’zbekiston fuqaroligidan chiqishni istamaydi. Bundaylar pasportni yangilash uchun O’zbekistonga qaytib, kamida bir oy davomida nafaqat kutishi, balki yugurishi ham kerak.

Agar xorijga chiqishga ruxsat beruvchi chiqish vizasini ham olishi kerakligi hisobga olinsa, majburiy ta’til ikki oyga cho’zilishi ham mumkin. Bu esa Amerikada yashayotgan odamga o’ta malol keladi, chunki ishdan ikki oyga javob berilmaydi. Ko’pchilikning ijaraga turishi hisobga olinsa, ikki oy yashamasdan uy uchun to’lash hamyonga uradi. Axir O’zbekistonga borib-kelish ham arzon emas.

Shunday ekan, O’zbekistondagi mutasaddilar xorijdagi fuqarolarga biometrik pasportni berish jarayonining yangicha, samarali yo’lini o’ylab topmas ekan, 2015-yil 31-dekabrigacha ham jarayonning yakunlanmasligi aniq.

(Konsulning berilgan savollarga to'liq javoblarini quyidagi audiolink orqali tinglashingiz mumkin)

O'zbekistonliklar xorijda biometrik pasport olishi mumkinmi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:07 0:00
Yuklab oling

  • 16x9 Image

    Odil Ruzaliev

    Odil O'zbek xizmatiga 2005-yilda kelgan. Diktor va prodyuser. AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) xalqaro aloqalar sohasida magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekiston TV 1-kanalida ingliz tilidagi yangiliklar – FCN (First Channel News) – ko'rsatuvining muallif-boshlovchisi edi. "Axborot" dasturida mehnat qilgan. Odil ko'p yillar AQShning Toshkentdagi elchixonasi axborot bo'limida ishlagan. O'zbek, ingliz va rus tillarida chop etilgan qator maqolalar muallifi. Farg'ona shahrida tug'ilgan.

    Odil Ruzaliev is a reporter, radio and TV anchor, web editor and producer for Voice of America’s Uzbek Service since 2005. Prior to joining VOA, he worked at the State Radio and TV of Uzbekistan, BBC International’s Central Asia region, and was a regular Contributor for CNN World Report. He has also worked as an Information Assistant at the US Embassy in Tashkent, Uzbekistan. He was the creator and host of the TV program First Channel News, Uzbekistan’s first English language news broadcast. In his spare time he is a freelance photographer. A native of Ferghana Valley, Uzbekistan, Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. In addition, he was an exchange student at Pace University in New York City and holds a master’s degree in international affairs from the Fletcher School of Law and Diplomacy at Tufts University in Medford, Massachusetts.

XS
SM
MD
LG