Breaking News

Sog’liqni saqlash tizimi toliqayotgan O’zbekiston karantinga qaytadi


O'zbekistonda karantin qayta joriy etiladi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:19 0:00

Sog’liqni saqlash tizimi inqiroz (kollaps) arafasida turgan O’zbekiston 10-iyuldan yana keskin karantin choralarini joriy etmoqda.

Davlat organlari xodimlarini ta’tilga chiqarish, majlis va yig’ilishlarni taqiqlash, jamoat transporti faoliyatini cheklash, ommaviy marosimlar va tadbirlarni bekor qilish ko’zda tutilgan.

Respublika maxsus komissiyasining 1-avgustga qadar kuchaytirilgan karantin cheklovlariga qaytish qarori mamlakatda virus tarqashi va o’lim holatlariga oid ko’rsatkichlar oshishi ortidan kuzatilmoqda.

8-iyul holatiga ko’ra koronavirusdan o’lganlar soni 42 kishiga yetgan. Kasallanganlarning umumiy soni 11 mingga yaqinlashmoqda.

O’lim holatlari ko’payishi so’nggi haftaga to’g’ri kelmoqda. 5-iyul kuni O’zbekistonda uchta o’lim holati qayd etilgan, bungacha esa koronavirus bilan bog’liq o’lim holatlarida muntazamlik kuzatilmayotgan edi.

Komissiya qarori e’lon qilinishi ortidan rasmiylar ishtirokida matbuot anjumani uyushtirilgan.

Sog’liqni saqlash vazirligi huzuridagi koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi, professor Habibulla Oqilovning aytishicha, karantinga qaytish qarori virus tarqashining kengayishi, mamlakat sog’liqni saqlash tizimi resurslarining nihoyasiga yetayotgani, shifoxonalardagi o’rin-joylar to’lgani, shifokorlar yetishmovchiligi bilan bog’liq.

Oqilovga ko’ra, O’zbekistonda ayni paytda har kuni 300-350 kishida virus aniqlanmoqda, ammo virus yuqtirganlar soni bundan ko’p bo’lishi mumkin. Bu ko’rsatkich kuniga 1000 kishiga chiqsa, sog’liqni saqlash tizimi falajlanadi.

Rasmiylar koronavirus kengayishini karantin choralari yumshatilishi, xorijdan kirib kelayotgan fuqarolar oqimi to’xtamagani bilan bog’lashgan, ammo ayni paytda nafaqat karantindagi, balki oddiy aholi orasida ham kasallikka chalinayotganlar jiddiy ko’paygani qayd etilgan.

Hozirgacha O’zbekistonda hududlar koronavirusga doir vaziyatga qarab “qizil”, “sariq”, “yashil” toifaga ajratib kelinayotgan edi. 10-iyuldan boshlab respublika hududlari mutlaq “qizil” toifaga o’tkazilishi belgilangan.

Sog’liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovga ko’ra, virus yuqtirganlar, og’ir ahvoldagi bemorlar ko’payishi tizimga jiddiy bosim yuklaydi. Ayni paytda virus bilan kasallanganlar nafaqat maxsus shifoxonalarda, balki boshqa tibbiy markazlardagi maxsus hududlarga ham joylashtirilmoqda, shifokorlar qayta ixtisoslashtirilmoqda.

Kasallikning avjga chiqishi sog’liqni saqlash tizimini og’ir vaziyatda qoldiradi. Nafaqat koronavirus, balki virusga daxli bo’lmagan boshqa bemorlarni qabul qilish, aholiga yordam ko’rsatish imkoniyatini jiddiy cheklashi mumkin.

Ta’kidlash joiz, Alisher Shodmonov birmuncha avval O’zbekiston sog’liqni saqlash tizimining koronavirus bilan kurashish imkoniyati talabga to’liq javob berishi, buning uchun mamlakatda tegishli resurslar, imkoniyatlar mavjudligi haqida gapirgan edi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG