O'zbekiston paxtasi va majburiy mehnat Kongressda yana muhokamada


Paxta plani bajariladi, lekin paxtakorlar qarzga botadi
AQSh Kongressiga berilgan tavsiyalardan biri shuki, O’zbekistonda paxta dalalarida majburiy mehnat davom etayotgani sabab bu davlatga qo’yilgan cheklovlarni bo’shashtirmaslik lozim. Xalqaro mehnat huquqlari forumi (International Labor Rights Forum) vakili Brayan Kempbell kecha Vakillar Palatasida qonunchilarga bu borada o’z xulosalarini tushuntirdi.

Vakillar Palatasining respublikachi a’zosi Kristofer Smit - O’zbekistonda diktatura hukmron va Islom Karimov inson huquqlarini muntazam ravishda buzib keladi deya keskin tanqidlari bilan tanilgan arbob. Uning nazarida Amerika ham uzoq vaqt mobaynida paxtani oq oltin deb, qulchilik siyosatini oqlab, majburiy mehnatni to’xtatmay kelgan. Lekin jamiyat bu adolatsiz amaliyot ekanini tushunib yetgan va bu mash’um siyosatdan voz kechilgan, deydi kongressmen.

Xalqaro mehnat huquqlari forumi vakili Brayan Kempbell deydiki, O’zbekistonga nisbatan bu borada qo’yilayotgan xorijiy bosim samara bermoqda. Bolalarni ekspluatatsiya qilish qonunan man etilgani, o’tgan yillarda kamroq bola paxta terimiga olib chiqilgani, hukumat rasman bo’lsa-da, bu siyosatdan voz kechayotganini ko’rsatishga urinayotganining o’zi buning yaqqol isboti, deydi Kempbell.

O’tgan yili BMT qoshidagi Xalqaro mehnat tashkiloti xodimlari terim paytida mamlakatni kezib, vaziyat bilan tanishdi. Hukumat ularning erkin ishlashiga yo'l bermadi, rasmiylar bu kuzatuvchilarning yonidan jilmadi, ammo bu guruh O’zbekistonga kiritilganining o’zi progress, deydi tashkilot a’zolari.

Xalqaro mehnat huquqlari forumi bunday xulosadan yiroq.

“O’zbekiston hukumati yaqin kelajakda paxta siyosatini o’zgartirishga harakat qilayotganini ko’rmayapmiz. Fuqarolarni terimga majburan olib chiqish va buni milliy hashar degan shior bilan oqlash chuqur ildiz otgan odat va rasmiylar unga haqiqatan ham nomaqbul ish deb qaramaydi”.

Kempbell O’zbekiston qishloq xo’jaligi, xususan paxta sohasi isloh qilinmayotganiga urg’u beradi. Paxta yetishtirish dehqon uchun talab; reja bajarilmasa, jazolanadi, deydi mutaxassis. Hosilni kimga va qay narxda sotish esa hukumat iznida. Dehqon hosilning rohatini ko’rmaydi, ko’p hollarda davlatdan qarzdor, deya kuzatadi Kempbell.

Kongressga uzatilgan 24 betlik hisobotda Xalqaro mehnat huquqlari forumi O’zbekiston paxtasi bilan bog’liq moliyaviy, texnik va siyosiy-ijtimoiy masalalarni sanab o’tadi va ularga izoh beradi.

“O’zbekiston xalqi majburiy mehnatga asoslangan tizimdan azob chekishda davom etmoqda. Hukumat esa biror konkret o’zgarish qilish harakatida emas”,- deydi Brayan Kempbell.

Milliy daromadining asosiy qismi paxtadan keladigan O’zbekiston pozitsiyasi shuki, unga nisbatan har qanday cheklov aloqalarga zarar keltiradi. Masalan, moddiy va moliyaviy yordam berilmasligi yoki biror bir zarur sohada hamkorlik qilinmasligi davlatlarni bir-biridan uzoqlashtiradi, deydi respublika rasmiylari.

Paxta va majburiy mehnat masalasi muzokaralarda doimiy mavzu. O’zbekiston tomon bu muammo emas desa, Amerika rasmiylari o’zgarish bo’lmagan taqdirda Kongress cheklovlarni olmaydi deya ta’kidlab keladi.

Huquq faollari nazarida paxtazorlarda odamlarning majburan ishlatilishi zamonaviy qulchilikning bir ko’rinishi. Davlat departamenti, AQSh Tashqi ishlar vazirligi ham o’zining o’tgan yilgi hisobotida, O’zbekistondagi siyosatni shunday deb ta’riflagan.
  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi ilk teledasturlar muallifi. TV, radio va onlayn diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America and a leading Washington-based authority on geopolitics and national development in Central Asia. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for over 15 years on TV, radio and online. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Masters in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Imamova played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented nearly 800 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari,” which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She is frequently asked to speak on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences, including the U.S. Foreign Service Institute, Princeton University, Columbia University, Johns Hopkins University, Georgetown University, George Washington University, Michigan State University, the University of Wisconsin, Northeastern University, and her alma mater Harvard University. Her essays on the region have been published in journals and edited volumes, including Central Eurasian Studies Review and Demokratizatsiya: The Journal of Post-Soviet Democratization.

    She began her career at the Uzbek state broadcaster. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from Maharaja’s College at the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University.

XS
SM
MD
LG