Breaking News

AOKAdan nashrlarga ogohlantirish eski O’zbekistonni eslatmoqda


AOKA "Gazeta.uz" nashriga jo'natgan ogohlantirish xati

O’zbekiston hukumati energetik inqirozga qarshi norozilik kuchayishida, koronavirus statistikasiga doir mavhumlikda matbuotni aybdor ko’rmoqda.

O’zbekiston prezidenti devoni huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) har ikki muammoli holatni yoritgan nashrlarni noxolislikda ayblab, jiddiy huquqiy javobgarlikdan ogohlantirmoqda.

AOKA direktori Asadjon Xo’jayev imzosi bilan “Kun.uz”ga jo’natilgan rasmiy xatda energetik inqirozga doir vaziyatni yoritgan nashr mamlakatda o’tkazilayotgan islohotlarni chetlab, “aksincha, O’zbekiston hukumati aholiga nisbatan jinoyat sodir qilganlikda ayblangan” maqolalarga o’rin berganlikda ayblanadi.

Mamlakatdagi energetik inqirozga nisbatan ijtimoiy munosabat aks ettirilgan bu maqola tahririyat fikriga emas, aholining ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan murojaatlari va postlariga asoslangan. Jumladan, taniqli yozuvchi Ulug’bek Hamdamning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida e’lon qilingan, “21 asrda millatni chiroqsiz va gazsiz qoldirish jinoyat ekanligi”ga doir mulohazalari berilgan.

Yozuvchi bu boradagi mulohazalarini shunday asoslagan:

“Ochiqlashga harakat qilaman: bugungi globallashuv, har tomonlama integratsiyalashuv davrida xalqning elektr energiyasiz qolishi – dunyodan uzilish, demak! Dunyodan uzilish esa, qashshoqlik va johillik, demak. Qashshoqlik va johillik esa, yana fohishalik, yana mardikorlik, yana yollanma ishchilik, demak! Bu esa, tanazzul, demak! Millat tanazzuli!.. Davlat tanazzuli!.. ”.

AOKA nazarida yozuvchining mulohazalarini ko’chirib bosgan nashr energetik tizimdagi, tabiiy gaz yetkazib berish va iste’mol qilish sohasidagi qator islohotlarga atroflicha to’xtamagan.

Nashr “....qonunga xilof ravishda ijtimoiy ongga axborot vositasida ruhiy ta’sir ko’rsatishga, uni chalg’itishga yo’l qo’ymaslik” haqidagi “Axborot erkinligi prinsiplari va uning kafolatlari to’g’risidagi” qonun bandiga asoslanib, jiddiy huquqiy oqibatlardan ogohlantirilgan.

AOKA "Ku.uz" nashriga jo'natgan ogohlantirish xati
AOKA "Ku.uz" nashriga jo'natgan ogohlantirish xati

“Kun.uz” tahririyati hukumat idorasining bu rasmiy ogohlantirishini jiddiy e’tiroz bilan qabul qilgan. Nashrga ko’ra, AOKA ogohlantirishidan “Eski O’zbekistonning” isi keladi va agentlik jurnalistik faoliyat erkinligiga bosim o’tkazishga harakat qilmoqda.

AOKA direktori Asadjon Xo’jayev imzosi ostida xuddi shunday ogohlantirish “Gazeta.uz” nashriga ham jo’natilgan.

"Gazeta.uz" ham AOKAning bu xatini jiddiy e’tiroz bilan kutib olgan. Nashrning munosabatida ogohlantirish hukumat idoralariga “noqulay” savollar bilan murojaat qilayotgan tahririyat jurnalistlarini “to’xtatish” uchun qilingan bosim sifatida baholanadi.

AOKAning “Gazeta.uz”ga e’tirozi koronavirus bilan kasallanganlar, virusdan davolanayotganlarga doir rasmiy raqamlarning tahririyat tomonidan shubha ostiga olingani bilan bog’liq. Agentlikning yozishicha, raqamlarni tekshirmasdan noxolis tarzda yoritayotgan nashr jamoatchilikda vaziyat yuzasidan turli shubhalar uyg’otmoqda.

“Gazeta.uz” maqola Prezident matbuot xizmati va Sog’liqni saqlash vazirligi tomonidan yoyinlangan rasmiy raqamlarga asoslangani, nomutanosiblik uchun tahririyat javobgar emasligi, Sog’liqni saqlash vazirligi rasmiy statistikaga doir savollarni ochiq qoldirayotganini bildiradi.

“Gazeta.uz” avvalroq koronavirus tufayli yuz berayotgan o’lim ko’rsatkichlariga doir rasmiy raqamlar haqiqiy vaziyatni aks ettirmayotgani, o’lim holatlari bir qadar ko’pligiga doir o’z tahlilini e’lon qilgan, hukumat idoralariga qilingan murojaatlarga javob kutayotgani haqida yozgan edi.

AOKAning ogohlantirishlarini mamlakatdagi boshqa nashrlar qanday qabul qilishayotgani, qanday munosabatda ekanliklari noma’lum. Ammo bu kabi ogohlantirish aksariyat nashrlarni chetlab o’tmagan.

AOKA tomonidan noyabr oyida tarqatilgan rasmiy bayonotda 2020-yilning 9 oyi mobaynida OAVga 90 ta ogohlantirish va taqdimnomalar yuborilgani qayd etilgan.

Agentlikka ko’ra, bu rasmiy taqdimnomalardan tashqari ko’plab nashrlar qonunga xilof yoki tekshirilmagan ma’lumotlar tarqatgani uchun og’zaki ravishda ogohlantirilgan. Ogohlantirishlarga muvofiq hozircha biror nashrga nisbatan ma’muriy yoki jinoiy javobgarlik belgilanmagan, ammo bu qonunbuzarlik jazosiz qolishini anglatmaydi, deb yozadi agentlik o’z rasmiy bayonotida.

AOKA bosim ko’rsatayotganini qayd etgan “Gazeta.uz” tahririyat nomidan e’lon qilingan munosabatida xuddi shunday bosimga uchragan “Kun.uz” nashrini qo’llab-quvvatlashi, bu nashrda bildirilgan chaqiriqlarga qo’shilishini ta’kidlaydi.

AOKA o’z vakolatlarini mamlakatda so’z erkinligini rivojlantirishga emas, OAV ustidan bosim va nazoratni ushlab turishga qaratayotgani mustaqil jurnalistlar, blogerlar tomonidan ham tanqidga olingan.

Bu qarashlarga ko’ra, agentlik o’z faoliyatini jiddiy isloh qilib, asosiy diqqatni ta’qib-tazyiqqa tushgan nashrlar, jurnalistlar, so’z erkinligiga doir qadriyatlarni himoya qilishga qaratishi kerak.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG