Breaking News

Bugungi O'zbekistonni senator Safoyev AQShga qanday tasvirladi?


Atlantika kengashi, 17-noyabr, 2020

Atlantika kengashida kechgan davra suhbati tafsilotlari. Senator Sodiq Safoyev, AQSh Davlat departamentida Markaziy Osiyo bo'yicha bosh diplomat Jonatan Henik so'zladi.

O'zbekistondan Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya bu hafta Vashingtonda AQSh rasmiylari bilan muloqotda. Hafta oxirida yillik maslahatlashuv bo'lib o'tadi. Ungacha turli vazirliklar va agentliklarda uchrashuvlar.

Atlantika kengashi, Amerika poytaxtidagi aql markazida o'tgan onlayn davra suhbatida O'zbekiston Senati raisining birinchi o'rinbosari Sodiq Safoyev deydiki, O'zbekistonda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash hukumat va xalq qanchalik yaqin ekanini ko'rsatgan. Jamoatchilik va davlat bir-biriga tayandi va tayanmoqda, deydi senator.

Uning aytishicha, O'zbekiston bu kurashga hozirgacha 5 milliard dollarcha sarflagan. O'lim ko'lami qariyb 1 foiz va boshqa davlatlar bilan qiyoslaganda, vaziyat ancha ijobiy, deydi senator. Virusga chalinganlar O'zbekistonda 70 mingdan oshgan.

Matbuot ochildi, erkinlashdi, deya tasvirladi Safoyev. Hukumat fuqaro jamiyatiga quloq solayapti, nohukumat tashkilotlar bilan kelishib ishlayapti.

"Pandemiyaga qarshi kurash islohotlarni jadallashtirdi... Agar bu ofat to'rt yil oldin kelganida, biz uni eplay olmagan bo'lar edik", - deydi Safoyev.

"Hozirgi transformatsiya jarayonini kuchaytirish va kengayirish - biz uchun nihoyatda muhim", - deydi senator.

O'zbekistonda xususiylashtirishning yangi bosqichi boshlangan. Prezident Shavkat Mirziyoyevning bu borada chiqargan qarorlari, deydi Safoyev, mamlakatni yangi davrga olib kiradi.

"Ijtimoiy sohalarda ham ulkan ishlar qilinmoqda. Oson emas, qiyinchiliklar ko'p. Biz buni sezayapsiz, bunga guvohmiz. Tirikchilik qiyinlashgan. Koronavirus hayotni murakkablashtirgan", - deydi Safoyev.

Lekin uning qayd etishicha, bu davrda aholining daromadi ozgina bo'lsa ham o'sgan. O'qituvchilarning oyligi 1,5 marotaba ko'tarildi, deydi u.

O'zbekiston bugun nafaqat tashqaridan yordam oladi, balki o'zi ham tashqi dunyoga ko'maklasha oladi.

"Pandemiya davrida biz 11 davlatga madad ko'rsatdik", - deydi Safoyev.

Ta'lim sohasi haqida gapirar ekan, senator mamlakatda universitetlar soni oshdi, yoshlar uchun imkoniyatlar ko'paydi, dedi.

O'zbekiston qo'shni davlatlar bilan yaqindan ishlamoqda. Afg'oniston bilan hamkorlik har doimgidan ham keng, deydi senator.

"AQSh bilan rishtalar biz uchun yuksak ahamiyat kasb etadi. Biz Amerika mintaqada faol bo'lishini xohlaymiz. O'tgan to'rt yilda strategik sheriklikni yangiladik va kuchaytirdik. Bugungi aloqalarimiz har jihatdan mustahkam va shu tarzda davom etishni xohlaymiz", - deydi Safoyev.

AQSh Davlat departamentida Markaziy Osiyo bo'yicha bosh diplomat Jonatan Henik nazarida Prezident Mirziyoyev mintaqadagi dinamikani o'zgartirib, uni ijobiy tomonga burishda "instrumental" rol o'ynadi.

O'zbekistonning qo'shni davlatlarga berayotgan yordami e'tirofga molik, deydi Henik, xususan Qirg'iziston va Afg'onistonga.

Safoyevning ta'kidlashicha, O'zbekiston va Qozog'iston parlament saylovlari ketidan beqarorlashgan Qirg'izistonda siyosiy hamjihatlik bo'lshini istaydi. Ikki yirik qo'shni Qirg'iziston yuzasidan yakdil, deydi u, bu respublikada tinchlik bo'lsin.

Jonatan Henik, AQSh Davlat departamentida Markaziy Osiyo bo'yicha bosh diplomat
Jonatan Henik, AQSh Davlat departamentida Markaziy Osiyo bo'yicha bosh diplomat

Toshkent va Vashington bugun har qachongidan ham yaqin, deydi Henik. Ikki tomonlama aloqalar jadal, mintaqaviy masalalar muntazam muhokamada va tomonlar Afg'onistondagi vaziyat yuzasidan hamfikr.

O'zbekiston hozir ancha ochiq va ochilishda davom etishi kerak, deydi Henik.

"Biz sheriklik va hamkorlik serqirra tus olaversin, deymiz. Iqtisodiy taraqqyotda hissa qo'shishni xohlaymiz. O'zbekiston hukumati sarmoya oqimini oshirish uchun nima qilmoq zarurligini yaxshi biladi. Oldinda ish ko'p. Qator masalalar hal bo'lishi kerak. Bu haftadagi muloqotda ularni birma-bir ko'rib chiqamiz", - deydi Henik.

Rossiya yetakchiligidagi Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga kirish-kirmaslik borasida so'ralganida, Safoyev uch omilni tilga oldi. Birinchidan, Rossiyada millionlab o'zbekistonliklar ishlaydi. Ikkinchidan, O'zbekistonga jahon bozoriga chiqish uchun yangi yo'nalishlar kerak. Uchinchidan, bu ittifoqdagi davlatlar bilan O'zbekiston kuchli iqtisodiy aloqalarga ega. Import-eksport uchun bu ittifoq bilan ishlash zarur.

Safoyevga ko'ra, Toshkent hali yakuniy qarorga kelmagan, lekin Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi bilan hamkorlik istagida ekani aniq.

Henik Vashington O'zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga kirishida yordamlashishga bel bog'laganini eslatadi.

"O'zbekiston o'z manfaatlaridan kelib chiqqan holda ish tutishini tushunamiz va hurmat qilamiz", - deydi AQSh yetakchi rasmiysi.

"Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga kirish va Jahon savdo tashkilotiga kirish orasidagi farqlar va har biriga a'zolik qanchalik foyda keltirishi mumkinligini o'rganib chiqib, qaror qilinadi, degan umiddamiz. Jahon Savdo Tashkiloti yirik va tajribali. Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi hali yosh va kichik".

Safoyev Xitoy bilan hamkorlik, xususan Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi loyiha va dasturlar ahamiyati haqida gapirib, O'zbekiston ulardan qanchalik manfaatdor ekanini tushuntirdi.

"Xitoy bizning eng yirik biznes hamkorimiz", - deydi Safoyev.

Henik deydiki, AQSh respublikani Xitoy homiyligidagi proyektlarni oshkoralik va adolat nuqtai nazaridan baholashga chaqiradi. O'zbekiston albatta o'z foydasini ko'zlab qaror qiladi, deydi u, lekin bu loyihalar xalqaro normalarga binoan olib borilmasa, mamlakat turli chigalliklar va qiyinchilik bilan yuzlashishi mumkin.

Xitoyda uyg'urlar va boshqa turkiy xalqlarning vakillari ezilayotgani haqida ham gap ochildi. Safoyev O'zbekiston pozitsiyasini himoya qildi. Toshkent boshqa mamlakatlarning ichki ishlariga aralashmaslikni ma'qul ko'radi.

Atlantika kengashi, 17-noyabr, 2020
Atlantika kengashi, 17-noyabr, 2020

Safoyev O'zbekistonda diniy erkinlik, tolerantlik, qonun ustuvorligi borasida qilinayotgan ishlarni sanab o'tdi. Uningcha, matbuot erkinlashgan, parlamentning roli oshgan va fuqaro jamiyati ham faollashgan.

Davlat departamenti rasmiysi bu xulosaga qo'shilib, tavsiyalar berdi. Xususan mahalliy va xalqaro nohukumat tashkilotlarni ro'yxatga olish, shuningdek, siyosiy raqobatni oshirish uchun dadil qadamlar tashlash. Bir necha guruhlar ayni damda O'zbekistonda registratsiya qilinishni kutmoqda. Ayrimlariga javob berilmagan, ayrimlarining arizalari esa mavhum holatda.

O'tgan yilgi parlament saylovlaridan xulosa qilgan holda, deydi Henik, O'zbekiston plyuralizm tomon intilishi lozim. Bir-biridan ideologik jihatdan farq qiluvchi, xalqqa tanlash imkoniyatini beradigan siyosiy partiyalar maydonga chiqishi demokratiyani shakllantiradi, deydi AQSh rasmiysi. Safoyev bu gaplarga qo'shildi.

Markaziy Osiyo birdamligi yo'lida AQSh boshlagan va boshlayotgan dasturlar hamda besh respublika va Amerika ishtirokidagi "C5+1" dialogi xususida ham so'z ketar ekan, Safoyev O'zbekiston o'tmishda ko'plab mintaqaviy loyihalarga qarshi chiqqanini tan oladi.

Bugun, deydi senator, respublika rahbariyati regional tashabbuslarga ijobiy qaraydi va izchil o'rganib, quvvatlashga harakat qiladi. Toshkent ham qator takliflarni olg'a surmoqda.

AQSh Mudofaa universitetidan Briyan Todd tahlilicha, O'zbekiston qo'shnilari singari Afg'onistonda doimiy tinchlik tarafdori ekanini xalqaro hamjamiyatga aniq tushuntira olgan. Toshkent bugunga kelib, diplomatik va iqtisodiy faollikni oshirgani boshqalarga ham kuch va ilhom bermoqda, deydi ekspert, mana shunday siyosat davom etishi kerak.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi"ning yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for nearly 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Masters in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Imamova played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented over 900 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari,” which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and The Atlantic. Imamova also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at the Uzbek state broadcaster in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG