Breaking News

"GM O'zbekiston" mashmashasi yoxud hokimiyat uchun kurash?


O'zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev
O'zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev

“GM O’zbekiston” qo’shma korxonasi bilan bog’liq tekshiruvlarni mamlakat huquq-tartibot organlari fosh etgan yirik korrupsion tizim sirasiga kiritish mumkin. Ammo bu ish hozircha Bosh vazir o’rinbosari darajasiga yetgan moliyaviy qallobliklarga emas, hokimiyat uchun zimdan borayotgan siyosiy kurashlarga borib taqaladi, deydi “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan tahlilchilar.

Bosh vazir o’rinbosari Ulug’bek Ro’ziqulovning “GM O’zbekiston” qo’shma korxonasi atrofida tashkil qilingan jinoiy tizimga aloqadorlikda gumonlanib, so’roqqa tutilayotgani bu borada ketayotgan tergov-surishturuv ishlaridagi eng yuqori nuqtami, yo’qmi, hozircha noma’lum.

Ammo fosh etilgan bu jinoiy tizimdan kelayotgan daromaddan manfaatdorlik faqat bosh vazir o’rinbosari darajasida to’xtaganiga shubha kuchli. Gumondorlar safi yuqoriroq maqomdagi amaldorlar hisobiga kengayishi mumkin.

Gulnora Karimova bilan bog’liq korrupsion mojaraolar bo’yicha surishturuv o’tkazgan o’zbek faoli, siyosiy muhojirlikda yashayotgan yozuvchi Safar Bekjon fikricha, “GM O’zbekiston” korxonasi yuzasidan tekshiruv ikki maqsadni ko’zlaydi.

“Birinchisi, shu yo’l bilan xalqqa korrupsiyaga qarshi kurash ketayotganligini ko’rsatish. Oddiy xalqqa bu shunday taqdim etiladi. Mojaroning ikkinchi asosiy sababi esa hokimiyatdagi guruhlar o’rtasidagi kurashga taqaladi. Buning uchun bosh vazir o’rinbosari darajasidagi kadrlar qurbon qilinishi mumkin, ammo hokimiyatdagi klanlarning yetakchilari emas. Mamlakatdagi siyosiy boshqaruvni, yo’nalishni, tuzumni ham turlicha ko’rayotgan bu guruhlar hokimiyat uchun yo’l ochishmoqda, ehtimol bu yerda rossiyaparast bo’lgan Mirziyoyev (Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev) hokimiyatga kelishi uchun shaxmat o’yini o’ynalayapti”, - deydi Safar Bekjon.

Mazkur ishning kim tomonidan olib borilayotgani va bu tomon qaysi guruh manfaatlariga xizmat qilishida ham gap ko’p, deydi suhbatdosh.

O'zbekiston Moliya vaziri Rustam Azimov azaldan G'arbda iliq so'zlar bilan tilga olinadigan va AQSh hamda Yevropa Ittifoqiga yoqadigan arbob deb sanaladi. Bu suratda 2010-yilning 2-dekabrida Toshkentda AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton va O'zbekiston Bosh vazir o'rinbosari Rustam Azimov ilmiy-texnologik hamkorlikni oshirish borasida yangi hujjat imzolamoqda.
O'zbekiston Moliya vaziri Rustam Azimov azaldan G'arbda iliq so'zlar bilan tilga olinadigan va AQSh hamda Yevropa Ittifoqiga yoqadigan arbob deb sanaladi. Bu suratda 2010-yilning 2-dekabrida Toshkentda AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton va O'zbekiston Bosh vazir o'rinbosari Rustam Azimov ilmiy-texnologik hamkorlikni oshirish borasida yangi hujjat imzolamoqda.

Mulohazalarga ko’ra, nishon - Rustam Azimov, Bosh vazirning birinchi o’rinbosari, Moliya vaziri, makroiqtisodiy rivojlantirish, ta’lim savollari bo’yicha kompleks rahbari. Azimov azaldan Karimovning ehtimoliy vorislari qatorida ko’riladi.

“Bu albatta taxmin, ammo bu ish bilan Azimovni qo’rqitib qo’yish maqsad qilinayotganga ham o’xshaydi, lekin uni Karimov necha marta ishdan oldi va yana qaytib olib keldi. Sababi uni tansil etayotgan klanlar faqat Azimovni tavsiya qilishmoqda. Karimov esa bu bilan kelishishga majbur, o’rniga boshqasi topilayotgani yo’q”, - deydi Safar Bekjon.

Islom Karimovdan keyin hokimiyatni egallash uchun uyushgan guruhlar o’rtasida siyosiy kurash ketayotgani haqida Gulnora Karimova ham ijtimoiy tarmoqlarda yozgan edi. Uning o’zi hozirda uy qamog’ida, xorijdagi mulklari muzlatilgan va bu boylikni nima qilish xususida O’zbekiston va Amerika orasida yuridik muzokara ketmoqda. Karimova, G’arb tergovchilariga ko’ra, yirik poraxo’rlik va yulg’ichlik ishi markazidagi shaxs. O’zbekiston hukumati bu borada lom-mim demaydi.

Siyosiy sharhlovchilar orasida eng keng tarqalgan fikr va taxmin shuki, Karimovdan keyin hokimiyatga da’vogarlar asosan Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev va Moliya vaziri Rustam Azimovdir.

“GM O’zbekiston” qo’shma korxonasining moliyaviy va xo’jalik faoliyatiga doir keng qamrovli surishtiruv davom etayotgani haqida xabarlar bor.

Shunisi ma’lumki, qo’shma korxona bosh direktori, “O’zavtosanoat” boshqaruvi raisi o’rinbosari Tohirjon Jalilovning hibsga olinishi eksportga jo’natilgan avtomobillarning noqonuniy yo’llar orqali ichki bozorda qayta sotilishi bilan bog’liq.

Birmuncha oldin yirik miqdordagi mablag’ni o’zlashtirish aybi bilan qamoqqa olingan “Asaka-bank” raisi Qahramon Oripov ham shu jinoiy tizimga aloqador ko’rilmoqda.

Davlat matbuoti “GM O’zbekiston” xodimlari bilan bog’liq dastlabki mahkama ishi haqida xabar bergan. Prokuraturaga tayanilgan xabarga ko’ra, zavodning ta’minot bo’yicha direktori Ravshan Iskandarov, uning yordamchisi Zaynobiddin Nizomov avtomobil sotish va’dasi bilan 70 ga yaqin odamni aldagan, 600 ming dollardan oshiq mablag’ni o’zlashtirgan.

Asakada asoslangan “GM O’zbekiston” avtomobil zavodi mamlakatdagi eng yirik sanoat korxonalaridan biri hisoblanadi. Uning 25 foiz aksiyasi AQShning “GM” kompaniyasiga, 75 foizi “O’zavtosanoat” davlat korxonasiga tegishli.

Zavodda bir nechta rusumlarda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar Rossiya, Qozog’iston va MDHning boshqa davlatlariga sotiladi. So’nggi paytda eksport hajmi pasaygan, mahsulot ko’proq ichki bozorda sotilmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG