Shavkat Mirziyoyev iftorlik bermoqda


O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentda katta iftorlik bermoqchi. Payshanba kuniga rejalangan iftorlik dasturxoniga, asosan, mamlakat imomlari, ulomalar taklif qilingan. Bu haqda mahalliy matbuot muftiy Usmonxon Alimovga tayanib xabar tarqatmoqda.

O`zbekiston tarixida hali mamlakat rahbari ishtirokida ochiq iftorlik tadbiri o`tkazilishi kuzatilmagan. Faollar Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan hozircha diniy vaziyatga doir biror o`zgarish yuz berganini qayd etishmaydi, davlat rahbarining iftorligi prezident nufuzini oshirishga qaratilgan navbatdagi tadbir sifatida qabul qilinmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev uyushtirayotgan iftorlikka Toshkent shahri, viloyat va tumanlardagi imomlar, diniy ulamolar taklif qilingan. Bu haqda O`zbekiston muftiysi Usmonxon Alimov poytaxtdagi Islomota masjididagi chiqishida jamoatchilikka ma`lum qildi. Payshanba kuni yozilishi kutilayotgan iftorlik dasturxoniga mingdan ortiq diniy peshvolar qatnashadi, deb xabar bermoqda mahalliy matbuot.

Bu O`zbekiston prezidentning jamoatchilikka iftorlik berishi ochiqlanayotgan dastlabki holat. Mamlakatni 27 yil davomida boshqargan Islom Karimov diniy udumlardan uzoq, namozxonlarga nisbatan o`ta keskin munosabatda bo`lgan yetakchi sifatida tanilgan edi. Karimov davrida hatto kafe va restoranlarda iftorlik berish, odamlarning iftorlik munosabati bilan to`planishi ham taqiqlangan edi.

Davlat boshqaruviga kelganiga bir yilga yaqinlashayotgan Shavkat Mirziyoyev diniy vaziyat, radikalizmga doir dastlabki bayonotini yaqinda, Andijon viloyatiga qilgan safari davomida bildirdi. Prezident radikal ekstremistlarning ashaddiylarini fuqarolikdan chiqarishga tayyorligini aytish bilan bir qatorda, adashgan dindorlarning qarindoshlari jamiyatdan chetlatilayotganini qoraladi:

“Men bugun Andijonning din peshvolariga qattiq savol qo`ymoqchiman. Agar beshta mahallada 20-30 ta adashganlar bo`lsa, yigirmatadan beshtasi ashaddiy, qaytmaydi, ular bilan shug`ullanish kerak emas. O`zbekiston fuqaroligidan chiqarish kerak. Men tayyorman chiqarishga, oqni oq, qorani qora deydigan vaqt keldi. Bizga ikki stulda o`tiradigan mullolar kerak emas, davlat davlatchiligini qilishi kerak. Qonun ustuvorligini ta`minlashga bilimim ham, qurbim, imkoniyatim ham yetadi ” - degan edi Mirziyoyev Andijondagi chiqishida.

Prezident nazarda tutayotgan adashganlar toifasi kimligi yuzasidan bahs-munozaralar mavjud. Mirziyoyev faqat ekstremist, terrorchilarni nazarda tutayaptimi yoki O`zbekistonda tan olinmagan diniy oqimlar tarafdorlarini, aynan shuning uchun qamoqda o`tirgan minglab namozxonlarni ham nazarda tutayaptimi?

Bu savolga siyosiy muhojirlikda yashayotgan Muhammadsolih Abutov shunday javob beradi:

“Prezidentning qamalgan dindorlar qarindoshlarini mahallada sazoyi qilishni to`xtatishga chaqirgani adolatli deyish mumkin. Lekin boshqa bir nuqtaga e`tibor beraylik. U imomlarga qarata adashganlar, tuzalmaslarning ro`yxatini bering, men ularni fuqarolikdan chiqarishga tayyorman dedi. Bunday yondashuv xato, Karimov davridagi qatag`on siyosati davom etishini anglatadi. Gap shundaki, Mirziyoyev adashganlar deganda, aynan diniy boshqarmaning ko`rsatmasidan boshqacha yo`l tutgan, boshqacha aqidada bo`lgan dindorlarni nazarda tutayapti. Hozirgacha O`zbekistonda terrorchilikda, esktremizmda aylanayotganlar kim? Ular diniy boshqarma nazoratiga kirmagan mazhab vakillari. Dinda mazhablar o`rtasidagi raqobat ming yillardan buyon bor, hukumat bunga aralashishi kerak emas. Konstitutsiyada belgilangan erkinlikni qo`yib berishi kerak. Ektremist tamg`asi bilan qamoqda saqlanayotgan minglab namozxonlar ozod qilinishi kerak, chunki ular o`z e`tiqodiga egaligi uchun qamalgan, terrorchi, ekstremist bo`lgani uchun emas”, - deydi Abutov.

Shavkat Mirziyoyev Andijondagi chiqishida O`zbekistonda ekstremistik tashkilot deb topilgan “akromiylar” guruhiga to`xtalib o`tdi. Hukumat Andijon fojealarida shu guruh a`zolarini ayblab keladi. Radikal qarashlar kuchayishida aholi muammolariga befarq bo`lgan ijro hokimiyatining aybi ham borligini ta`kidlagan prezident adashganlar va ashaddiylar ro`yxatini tuzish vazifasini diniy idoraga yukladi.

Mirziyoyev radikalizm, ekstremizm bilan bog`liq vaziyatda Musulmonlar idorasiga tayanayotgani kuzatiladi. Prezident iftorligining mehmonlari ham, asosan, shu idora vakillaridan iborat bo`lishi kutilmoqda. Muftiy Usmonxon Alimov Islomota masjididagi chiqishida prezidentning diyonat ishlari rivoji uchun qilayotgan ishlarini, iftorlik shaxsan davlat rahbari tashabbusiga ko`ra o`tkazilayotganini alohida ta`kidladi.

“Buni jiddiy bir qadam deb o`ylamayman, iftorlik berish… Obama ham (AQSh sobiq prezidenti) iftorlik berib kelgan. Bu narsa ko`proq prezidentlar imidji uchun qilinadigan narsalar. Albatta, Karimov davrida bu narsa bo`lmadi, chunki u kommunist edi. Bu iftorlik Mirziyoyevning jiddiy qadamidan dalolat emas. Karimov davridan qolgan fundamental muammolar bor, shularni o`zgartirish kerak. Ular o`zgarmayapti, afsus, hukumatning diniy siyosatida o`zgarish bo`layotgani yo`q”, - deydi Abutov.

Mustaqil huquq himoyachilari tarqatgan ma`lumotlarda O`zbekistondagi diniy mahbuslar soni 15 mingga yaqin ekani aytiladi. Bu dindorlarning aksariyati ekstremistik harakatlar, konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish, noqonuniy tashkilotlarga a`zolikda ayblanib jazoga tortilgan. Xalqaro hisobotlarda O`zbekiston diniy erkinlik keskin cheklangan mamlakatlar ro`yxatida turadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG