Breaking News

Pitsburgga sayohat, telereportaj


Pitsburg uzoq davr mobaynida Qo’shma Shtatlarning metallurgiya va po’lat markazi bo’lgan. Bugun esa u tibbiyot, texnologiya va ta’lim sohasi bilan tanilgan. Pensilvaniya shtatida Ogayo daryosi bo’yida qad ko’targan shahar. G’ir-g’ir kema, poyezd qatnaydi, mehnatkash odamlari ishga oshiqadi.

Vashington va Pitsburg orasi samolyotda bir soatlik yo’l. Shaharga kun botganda kirib bordik. Ogayo daryosi bo’yidagi mehmonxonaga yuklarni qo’yib, syemkaga chiqib ketdik.

Pitsburg markazi, dauntaun. Beton va shishadan ishlangan zamonaviy osmono’par binolar va eski imoratlar yaxshi qo’shni. Mayin shabada esib turgan avgust kechasida chiroqlarga cho’mgan shaharni soatlab tomosha qilish mumkin.

Suv bo’yida joylashgani uchun Pitsburgda nima ko’p - ko’prik. Shaxtalar, zavodlar guvillab ishlab turgan davrdanoq odamlar hayotini yengillashtirgan, ularni xizmatga eltgan ham ana shu muhtasham ko’priklar.

Biz o’rnashgan mehmonxona “Station Square” degan maydonning shundoq yoqasida. Ismi jismiga monand - vokzal, temir yo’l stansiyasini eslatadi. O’tgan kunlarda haqiqatan faqat bekat vazifasini bajargan bu skverda bugun restoran, kafe, klublar qaynaydi, favvora yonidan odam ketmaydi.

“Po’lat shahri” deb bejiz aytishmagan bu yerni. Qora metallurgiya, o’tga chidamli buyumlar, shaxtalar uchun uskunalar yetkazib bergan. Mashinasozlik, kimyoviy vositalar, oyna ishlab chiqaruvchi korxonalar tinimsiz ishlab turgan. Transport yo’llarining yirik uzeli sanalgan.

1970-yillar oxirida po’lat sanoati cho’ka boshlagach, zavodlar yopildi, millionlar ishidan ayrildi. Og’ir iqtisodiy, ijtimoiy damlar edi. Ammo Pitsburg o’zini yo’qotib qo’ymadi. Sanoatga asoslangan iqtisodiyotini tubdan o’zgartirdi va ta’lim, turizm, sport, yuqori texnologiya, tibbiyot kabi sohalarga bor kuchini qaratdi.

O’shlik Farhod Yo’ldoshev Pitsburg Universitetida iqtisodiyot yo’nalishida ilmiy ish qilayapti.

“Pitsburg talabalari bilan ajralib turadi. Hozir bu yerda Amerikaning har xil shaharlaridan, dunyoning turli burchaklaridan studentlar bor. Bilimli, iqtidorli yoshlar ko'payganidan keyin katta bizneslar ham Pitsburgga kela boshlagan. Deylik, “Google”, “Apple” kabi yirik kompaniyalar ham shu shaharda chuqur ildiz otgan”, - deydi Farhod Yo’ldoshev.

Pitsburg hayot qimmat emasligi, osudaligi bilan ham qulay. Studentlarbop shahar. Ko’rib turganingiz – “Cathedral of Learning” - Bilim sobori. Pitsburg Universitetining asosiy fakulteti, mamlakatdagi eng baland ta’lim dargohlaridan biri shu. Darvoqe, nufuzli Karnegi Melon Universiteti ham Pitsburgda joylashgan. Xullas, yoshlarni o’qitib, yetuk mutaxassislarni tarbiyalab berayotgani bilan hurmat qozongan bir joy.

“Masalan, Markaziy Osiyoga bugun injenerlar, aniq fanlar bo'yicha mutaxassislar kerak. Ana shular kelib, bu yerda bilim olsa deyman. Pitsburg kabi shahar universitetlari buning uchun yaxshi imkoniyat. Bizda yurist, diplomatlar yetarli, endi doktor, muhandis, matematika, biologiya, fizika, ximiya bo'yicha ekspertlarni tayyorlashimiz kerak, - deydi Farhod”.

O’zbekistonlik muhojir Husniddin Qutbiddinovga Pitsburgning vazmin, sokin hayot tarzi ma’qul.

Pitsburg shahridagi o'zbeklar davrasida - Uzbeks in Pittsburgh
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:59 0:00

“Vashington, Virjiniya yoki Nyu-Yorkka borsam tanishlarning, do'stlarning oldiga, ikki-uch kunda Pitsburgni sog'ina boshlayman. Bu yerda hamma yerdagiday o'ziga yarasha tashvishlari, yugur-yuguri bor-u, lekin nihoyatda osuda shahar. Masalan, Marg'ilon yoki Andijonchalik keladigan kichkina bir yer. Kichkina bo'lishiga qaramasdan infrastruktura juda rivojlangan, hamma narsa bir maromda, vaqtida, tekis ishlaydi. Ammo judayam sokin”, - deydi Husniddin Qutbiddinov.

Shaharga xos bu xotirjamlikni ayniqsa Vashington tepaligidan tomosha qilish maza. Buning uchun Dukey osma temir yo’liga chiqamiz. Pitsburg o’tmishining namoyandasi, qadim lift. Bir necha o’n yil oldin shaharda hali avtomobil va boshqa transport vositalari yo’q, tunnellar qazilmagan damlarda ishchilarning kuni mana shu kabinalarsiz o’tmas edi. Qaysidir payt Pitsburgda bunday osma yo’llar nihoyatda serob bo’lgan, bugun faqat ikkitasi ishlab turibdi. Ayni damda ham transport vositasi, ham sayyohlar uchun tomosha joyi hisoblanadi va yo’lkira 2 yarim dollar turadi.

Dukey osma temir yo’lida Vashington tog’iga chiqamiz-da, oldimizda ajoyib bir manzara namoyon bo’ladi. Mana shu nuqtadan butun Pitsburgni kaftdagiday ko’rasiz. Allegan va Monongayela daryolari kesishib, Ogayo daryosini hosil qilgan joy. G’uj-g’uj binolar, muhtasham o’yingohlar, sanoqsiz rangdor ko’priklar, savlat to’kib ketayotgan kemalar, kafe va parklar… Bularni bir ko’rgan odam hali albatta qaytaman, deya diliga tugadi.
  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

  • 16x9 Image

    Nasiba Tohir

    Nasiba Tohir "Amerika Ovozi" O'zbek xizmatida 2006-yildan beri ishlab keladi. Boshlovchi, prodyuser, muharrir, teleoperator. 

XS
SM
MD
LG