Breaking News

Jinsiy zo'ravonlikdan omon qolganlar quroqlari


Jinsiy zo'ravonlikka uchraganlar ko'rgazmasida erkaklar ham bor
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:42 0:00

Jinsiy zo'ravonlikka uchraganlar ko'rgazmasida erkaklar ham bor

Qo’shma Shtatlar poytaxtida “Vashington yodgorligi quroqlari” degan ko’rgazma bo’lib o’tdi. Unda jinsiy zo’ravonlikdan omon qolgan minglab insonlar hikoyasi quroqlarga tikilgan. Ko’rgazmani Merilend shtati, Baltimor shahridagi jinsiy zo’ravonlikka qarshi kurashayotgan tashkilot uyushtirgan. Tashkilot o’tgan besh yilda jinsiy zo’ravonlikdan omon qolganlar bilan bog’lanib, ularni boshdan kechirganlarini aytib berishga, his-tuyg’ularini quroqlarga tikib ifodalashga undagan.

Vashingtonda yoyilgan quroqlar uch ming inson taqdirini hikoya qiladi. Har bir quroq jinsiy yoki oilaviy zo’ravonlikdan omon qolgan amerikalik va meksikalik xotin-qizlar, bolalar, ham erkaklarga tegishli.

Loyihani Merilend shtatidagi, jinsiy zo’ravonlikka qarshi kurashuvchi jamiyat boshlagan. Maqsad ommaviy axborot vositalari va xalqni muhokamaga chorlash.

“Jabrdiydalar bilan ishlaydigan tashkilotmiz. Avvalo zo’ravonlikdan qutulganlar dardiga malham topmoqchimiz”, - deydi tashkilot faollaridan Hanna Branchato.

Kapitoliy binosidan to Vashington yodgorligigacha yoyilgan quroqlar ingliz va ispan tillarida “Siz yolg’iz emassiz” deb tizilgan.

“Eng oxirgi, 50-ko’rgazma bu. Olti yil ichida AQSh va Meksika bo’ylab 33 shaharda ko’rsatdik”, - deydi Branchato.

Ijodkor Greg Grey Klaud (erkak kishi) bu kampaniyada qatnashayotganlardan biri.

“U paytlarga erkaklar zo’ravonlikka uchragani haqida miq etmas edi. To’qqiz yoshimdan boshlab jinsiy zo’rlikni boshdan kechirganman. Monument oldidagi quroqlar, uni yaratgan ayollar, o’zim haqimda qo’rqmay gapirishimga sharoit berdi”, - deydi u.

“Ko’rganlarim haqida gapirishga uyalmayman. To’qqiz yosh bo’lsamda, kap-katta odam bo’lganman aslida. Lekin miyamda to’qqiz yoshli bola edim. Ko’rgazmada men uchun joy ajratilgan. O’zimni katta odam his qilib, boshdan keshirganlarimni aytib bera olaman”, - deydi Grey Klaud.

“Travma, ayniqsa u jinsiy zo’ravonlik asosida bo’lsa, inson ruhiga muhrlanib qoladi, odam travma bilan yashaydi. Quroqlar orqali his-tuyg’ularni ifodalash yarani tirnaganday tuyulsa-da, aslida nina bilan davolashday gap. Tomoshaga kelganlar ham bir vaqtlar jinsiy zo’ravonlikka uchragandir, lekin o’zi sezmagan bo’lishi mumkin”, - deydi loyiha tashkilotchisi Kalima Yang.

“Omon qolganlar bilan uchrashish, ular boshdan kechirganlaridan uyalmasligi, qo’rqmasligi, shifo topayotganini ko’rish ajoyib. Achinarlisi bunday hollar har yerda uchraydi”, - deydi tomosha qilib yurganlardan biri Naomi Chandel Kumar.

Tashkilotchilarning aytishicha, loyiha davom etadi. Ular jinsiy zo’rlikka uchraganlar muammosini keng omma muhokamasiga olib chiqish bilan band.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG