Breaking News

Misr amaldorlari ayollarni xavfsizlik kuchlari bilan jilovlamoqchi


Misrning badaviy ayollari
Misrning badaviy ayollari

Musulmon dunyosining Misr, Sudan, Jazoir kabi mamlakatlarida namoyishlarda faol bo’layotgan ayollar ko’paymoqda. Ular o’z jamiyatlarida o’zgarishlar bo’lishini istaydi. Biroq ba’zi amaldorlar ayollar faolligini tahdid deb bilarkan, xotin-qizlarni xavfsizlik kuchlarini qo’llab, jilovlashga urinmoqda. Oqibatda ayollar jinsiy tajovuzga ham uchramoqda.

2011-yilda Misrning Tahrir maydonida hukumatga qarshi namoyishlar ro’y berganida Hend Nafeya talaba edi. U Husni Muborakning 30 yillik hukmronligiga chek qo’yishni talab qilayotgan yoshlar tasvirlarini ko’rib ruhlangan.

“Nafaqat erkinlik, qadr-qimmat, ijtimoiy adolat, inson huquqlarini, balki Misrda ayollar huquqlarini ham talab qilishda qatnashganman”, - deydi inson huquqlari faoli Hend Nafeya.

Nafeya namoyishga chiqayotganini oilasiga bildirmagan. Inqilobdan ruhlangan talaba uning dahshatli tarafini ham ko’radi. 2011-yil dekabridagi namoyish paytida xavfsizlik kuchlari unga hujum qiladi.

“Meni sudrab kaltaklashgan, kiyimlarimni yirtishgan, 15 ta askar meni o’rtaga olib urishgan, hamma joyimga changal solishgan. So’ng Tahrir maydonidagi Sho’ro kengashi binosigacha sudrab olib ketishdi”, - deydi u.

Kaltaklardan qo’li singan ayolni kishanlab, kravatga tortib bog’lashadi. Yaralangan juvon ikki kun qontalash holda hibsda saqlanadi.

“Men bilan namoyishga chiqqan yana to’qqiz nafar qizni ham hibsga olib, kaltaklashgan. 15 soatdan ortiq hibsda edik. Bizlarni azoblashdi, elektr toki bilan qiynashdi, zo’rlaymiz deya do’q-po’pisa qilishdi. Hushimdan ketgach, meni o’ldi deb, uyimga emas, harbiy gospitalga olib borishdi”, - deydi Hend Nafea.

Bu ayollarga ko’rsatilgan sitamdan jamoatchilik g’azablanib, oyoqqa turadi. Minglab ayollar xotin-qizlarga nisbatan zo’ravonliklar va harbiylar hukmronligiga chek qo’yish talabi bilan ko’chalardan o’tadi.

Sudandagi diktatorlikni ag’darishda ham ayollar muhim rol o’ynagan. 22 yoshli A’lo Salohning avtomobil tepasida turib, xitob qilgani tasvirlangan fotosuratlar butun dunyoga tarqalib, uni inqilob ramziga aylantirdi.

“Sudanning rivojlanishini, demokratik davlatga aylanishini istaymiz. Qonun barchaga baravar bo’lishi kerak. Talabimiz inobatga olinmaguncha shu maydondan ketmaymiz”, - deydi Saloh.

Jazoirda uzoq muddat prezidentlik qilgan Abdulaziz Buteflikaning hokimiyatdan ag’darilishiga ham ayollar sabab bo’lgan. Jazoirlik balerinaning bayroq oldida tushgan surati tez tarqab ketgan.

Ayollarning, ayniqsa, islomiy jamiyatlarda namoyish qilishi kuchli ramziy ma’noga ega. Xavfsizlik kuchlari ularni qattiq ta’qib qilmoqda.

“Xotin-qizlar ovozini bo’g’ish, namoyishlardan nari tutish uchun jinsiy zo’ravonlik qo’llashadi. Davlat matbuoti bizni qiynagan odamlarni ayblash o’rniga “ayollarga Tahrir maydonida nima bor” deb aybni bizga ag’darishgan”, - deydi Hend Nafeya.

Natijada faol avval Misrdan Livanga, so’ng AQShga qochishga majbur bo’ldi. Shuncha azoblarga qaramay, qilgan ishlaridan afsuslanmaydi. Misr hukumati namoyishda qatnashgani uchun Hend Nafeyaga sirtdan 25 yillik qamoq jazosi belgilagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG