Breaking News

Obama davridagi qarorlar birma-bir bekor qilinyapti


Donald Tramp prezidentligining ilk kunidan boshlab o’nlab qarorlar imzoladi. Obama davrida qabul qilingan kelishuv va tashabbuslar birma-bir bekor qilinmoqda.

Tramp AQShni Tinch okeani bo’yidagi 12 davlat bilan tuzilgan erkin savdo shartnomasidan chiqarishga ko’rsatma berdi.

“Savdo adolatli bo’lishi kerak. Har ikki taraf teng foyda ko’rsin, hech kim yutqazmasin”, - deydi u.

Immigratsiyaga doir qonunlar ham o'zgarishi mumkin. Tramp imzolashi kutilayotgan farmonga ko'ra:

  • yetti mamlakat fuqarolariga viza berish vaqtincha to'xtatiladi - Eron, Iroq, Liviya, Somali, Sudan, Suriya va Yaman
  • AQSh bir yilda qabul qiladigan qochqinlar soni 110 mingdan 50 mingga kamaytiriladi
  • suriyalik qochqinlarni qabul qilish no'ma'lum muddatga to'xtatiladi
  • Suriyada va unga qo'shni mamlakatlarda uy-joysiz odamlar va qochqinlar uchun "xavfsiz zonalar" tashkil etiladi

Rossiya bilan aloqalar jonlanishi mumkin. Oq uy matbuot kotibi bu davlat bilan Suriyada qo’shma harbiy amaliyotlar o’tkazish ehtimolini tilga oldi.

“Islomiy davlat” guruhini yo’q qilish uchun Rossiya bo’ladimi, boshqa bir davlatmi, manfaatlarimiz mushtarak bo’lsa, hamkorlik qilamiz”, - deydi Shon Spayser.

Tramp fikricha, Amerika Iroq nefti ustidan nazoratni saqlab qolishi kerak edi.

“Neft konlarini saqlab qolganimizda “Islomiy davlat” to’dasi paydo bo’lmasdi. Chunki bu guruh qora oltinni sotib, kuchga to’ldi. Imkoniyatni boy berdik”, - deydi prezident.

Oq uy matbuot kotibi ushbu bayonotga aniqlik kiritdi.

“Prezident AQSh shuncha sarmoya qilib, evaziga nima foyda ko’rdi, deb so’rayapti xolos”, - deydi Spayser.

Tramp qasamyod marosimidan bir kun o’tib, Markaziy razvedka boshqarmasiga tashrif buyurdi. Oq uyga ko’ra, razvedka rahbarlari va prezident o’rtasida hech qanday ziddiyat yo’q.

“Bu gaplar safsata. Prezidentni juda yaxshi kutib olishdi. Uning nutqini katta qiziqish bilan tinglashdi”, - deydi Spayser.

Janubiy Xitoy dengizidagi hududiy tortishuvlar haqida gap ketganda, AQSh xalqaro suvlarda o’z manfaatlarini himoya qiladi, deydi Spayser. Ammo Pekin o’ziniki deb da’vo qilayotgan hududlar ham bunga kiradimi, yo’qmi, noma’lum.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG