Breaking News

AQSh Zavohiriyga boshpana bergan Haqqoniy oilasini ham nishonga oladimi?


Tolibonning Ichki ishlar vaziri Sirojiddin Haqqoniy, Kobul, 22-aprel, 2022
Tolibonning Ichki ishlar vaziri Sirojiddin Haqqoniy, Kobul, 22-aprel, 2022

Afg'onistonda Ichki ishlar vaziri Sirojiddin Haqqoniy al-Qoida terror guruhi lideri Ayman al-Zavohiriy AQSh tomonidan Kobulda dron orqali yo'q qilinganiga ochiq munosabat bildirmagan. Matbuotdagi xabarlarga ko'ra, Zavohiriy hujum paytida Haqqoniyga qarashli uyda turgan.

Amerika al-Zavohiriyni tutish yoki o'ldirish uchun yordamlashgan tomonga 25 million dollar va'da qilgan edi. Sirojiddin Haqqqoniy uchun 10 million dollarlik taklif hamon amalda. Vashington Haqqoniyni qator terror harakatlarida ayblaydi.

42 yoshli bu siyosatchi - Tolibonning kuchli qismi bo'lmish Haqqoniylar tarmog'i lideri.

Sirojiddin Haqqoniyning amakisi Halil Haqqoniy va ukasi Aziz Haqqoniy ham AQSh nazarida global terrorchilar. Har birining ushlanishi yoki o'ldirilishi uchun 5 million dollarlik mukofot kafolatlangan.

Sirojiddin Haqqoniyning maslakdoshi va kuyovi Yahyo Haqqoniy ham global terrorist deb tamg'alangan.

Amerika hukumatiga ko'ra, Haqqoniylar oilasi yillar davomida begunoh insonlarning qonini to'kib, xurujlar uyushtirib, terrorchilarga homiylik qilib kelmoqda.

Sirojiddin Haqqoniy amerikaliklarni o'ldirgan hujumlarni rejalagan shaxs, deya qayd etiladi razvedka ma'lumotlarda.

AQSh rasmiylari deydiki, Halil Haqqoniy al-Qoidaning Afg'onistondagi faoliyatini nazorat qilgan, uni jangarilar, qurol va moliya bilan ta'minlagan.

Tolibon bir yil oldin hokimiyatni egallashidan oldin Haqqoniy oilasi maxfiy dunyoda yashar edi. 2021-yilning 15-avgustidan beri Sirojiddin Haqqoniy va Halil Haqqoniy Kobuldagi hukumat a'zolari sifatida kamera oldida gapira boshladi.

Biroq Afg'oniston razvedkasining sobiq rahbari Rahmatulla Nabil "Amerika Ovozi" bilan suhbatda deydiki, Haqqoniy oilasi al-Zavohiriy o'ldirilganidan beri g'oyib bo'lgan.

Oxirgi marta Sirojiddin Haqqoniy o'tgan hafta Paktiya viloyatida ko'ringan.

“Al-Zavohiriy yo'q qilingach, Haqqoniy deganlarning hammasi talvasada. Sirojiddin Haqqoniy ayniqsa qo'rqinchga ekanini bilamiz, hatto u boshqaradigan vazirlik ham vahima ichida", - deydi Nabil.

Tolibon al-Qoida lideri poytaxtda yashaganidan bexabar bo'lganini da'vo qilgan. Amerika bunga ishonmaydi.

“Haqqomiy tarmog'i hammasini bilgan", - deydi Jon Kirbi, AQSh Milliy xavfsizlik kengashi koordinatori.

Oq uyga ko'ra, AQSh ko'zini Tolibondan va umuman Afg'onistondagi terrorchilardan uzmayapti va mamlakatni yana ularning o'chog'i bo'lishiga yo'l qo'ymaydi.

“Afg'oniston yoki boshqa mamlakatda, terrorchilar haqida aniq axborot olishimiz bilan keskin chora ko'ramiz", - deya ogohlantiradi Kirbi.

AQSh Haqqoniy oilasi vakillarini ham nishonga oladimi? "Amerika Ovozi"ning bu savoliga Oq uy aniq javob bermadi. Odatda maxsus operatsiyalar kutilmaganda va ogohlantirishsiz olib boriladi.

Nabil fikricha, Amerika Haqqoniy tarmog'ini yaqindan va ziyraklik bilan kuzatmoqda.

“Tolibonning boshqa terrorchilar bilan hamkorligida Haqqoniy tarmog'i azaldan muhim rol o'ynab kelgan. Bu yaqinlik buzilishiga ishonch past. Shunday ekan, Sirojiddin Haqqoniy va boshqalar AQSh nishoniga tushsa, ajablanmang", - deydi yillar davomida razvedka agentligi boshlig'i sifatida G'arb bilan ishlagan bu mutaxassis.

Jihodchilar, ayniqsa Afg'oniston va Pokistondagi terroristlar faoliyatini o'rgangan Rikardo Val taxminicha esa Amerika yaqin kelajakda Tolibon yetakchilariga hamla qilmaydi.

"Tolibonga bosim oshadi, terroristlarni haydash va afg'on zamini ular uchun boshpana bo'lmasligini ta'minlash talabi yanayam kuchayadi, toki Afg'inistondan hech kimga xuruj qilinmasin", - deydi Val.

Vashington Tolibonni xalqaro hamjamiyatni aldayotganlikda ayblamoqda. O'tgan bir yildan beri Afg'onistonda terroristlar yo'q, deb kelgan Kobuldagi rahbariyat poytaxt markazidagi muhtasham imoratda al-Qoida liderini saqlagan, deydi rasmiylar. Al-Zavohiriy balkonda yolg'iz turganida dron bilan o'ldirilgan.

AQSh Al-Qoidadan ko'zini uzmaydi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:03 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG