O'zbekistonlik tadqiqotchi: "Tashkent City" xalq bilan hisoblashishi kerak

Your browser doesn’t support HTML5

Vashington choyxonasi: Dilmira Matyakubova #TashkentCity

Jorj Vashington Universitetining Markaziy Osiyo dasturi doirasida har yili Markaziy Osiyo va Ozarbayjondan 10 ga yaqin yosh mutaxassis Vashingtonda malaka oshiradi. Biror muammoga qarshi kurashayotgan faolmisiz? Davlat tizimini isloh qilish harakatidagi xodimmisiz? Yangicha choralar yoki siyosat ustida o'ylanayapsizmi? O'z sohangizda yangiliklar qilishni xohlab, ilmiy zehningizni oshirishni istasangiz, bu programmada qatnashib, grant yutib, AQSh poytaxtiga bir semestrga taklif qilinishingiz mumkin. Albatta, siz qatori topshirgan yuzlab, balki minglab mutaxassislar bilan bellashishingizga to'g'ri keladi. Ayni damda bu dasturni yakunlayotgan o'zbekistonlik tadqiqotchi "Vashington choyxonasi" haftalik ruknimiz mehmoni bo'ldi. Marhamat, tanishing.

Tashkent City yoki Eski shahar?

Dilmira Matyakubova - O'zbekiston poytaxtidagi nufuzli Uestminster Xalqaro Universiteti ilmiy xodimi, o'qituvchi.

Vashingtonda malaka oshirar ekan, uning e'tibori Toshkentda yangi shahar qurilayotganida bo'ldi. Tashkent City, hukumatga ko'ra, mamlakatning eng zamonaviy qismi bo'ladi. Ilg'or texnologiya va biznes markazi. 70 gektar maydonni egallaydi. 1 milliard dollardan oshiq mablag' sarflanishi kutilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevga ko'ra, Tashkent City O'zbekistonning bugungi va ertangi yuzi bo'lib, uning nimaga qodir ekanini aks ettirishi kerak.

Lekin nima evaziga? Kim bundan manfaatdor? Nima uchun odamlar bu yangi shahar uchun uy-joyidan, hovlisi va mahallasidan ayrilishi kerak? Toshkentning bir necha asrlik tarixga ega qismlari buzilishini hukumat qanday asoslamoqda? Jamoatchilik bilan muzokara qilayaptimi? Uning fikrini inobatga olayaptimi?

Dilmira fikricha, taraqqiyot zarur deyish bilan cheklana olmaysiz. Mutasaddilarga ko'ra esa ish endi boshlanmoqda va tegishli tomonlarning nuqtai nazari hisobga olinadi.

Odamlar ajdodlaridan qolgan mulki va o'tmishini baland oynali imoratlarga almashishni xohlamasa, zo'rlab ko'chira olmaysiz. Obidalarni vayron qila olmaysiz. Siyosiy jihatdan ham, ma'naviy jihatdan ham noto'g'ri ish bo'ladi, deydi Dilmira, o'z izlanishlariga tayanib.

Tashkent City loyihada

Tashkent City ortida qanday odamlar turibdi? Toshkent shahar hokimiyati, Shayhontohur tuman hokimiyati, yirik xorijiy va mahalliy qurilish kompaniyalari va tegishli idoralar. Ular bir-biri bilan ishlayapti lekin omma dardini deyarli tinglashmayapti, deydi Dilmira.

Eski shahar, uning tahlilicha, Toshkentning azaliy ko'rki. Poytaxtga kelganlar uchun qadim ko'chalar, eskicha uylar va mahallalar qiziq, zamonaviy osmono'par imoratlar emas, deydi u. Boy tarixi va madaniyati bilan faxrlanib yashaydigan o'zbek xalqi uchun buni tushunish qiyin emas.

Shaharning eski qismini ehtiyotlagan holda ham yangi imoratlar barpo etish mumkin. Bu degani loyihani shunga moslaysiz. Dilmiraning asosiy tavsiyasi shu: hovli va mahallalaridan ayrilishdan qo'rqib yashayotgan, qayerga borishini bilmay turgan aholi bilan muloqot qiling. Ularning nolalari markaziy hukumatga, xususan prezidentga yetib bormayapti.

Tashkent City balki, hukumat xohlaganidek, O'zbekistonga sarmoya, nufuz va yangi imkoniyatlar olib kelar, biroq uni mahalliy aholini norozi qilgan holda qurish adolatdan emas. Murosa haqida o'ylang, deydi Dilmira. Loyiha haqida odamlarni ogoh qiling. Uni jamoatchilik bilan muhokama qiling. Aholi huquqlari buzilmasligini ta'minlang. Shikoyatlarni tinglang, javob bering.

Mutaxassisning ilmiy ishi to'liq holda yaqin kunlarda Jorj Vashington Universiteti Markaziy Osiyo dasturi saytida chop etiladi.