Rossiya-Qozog'iston chegarasida yuzlab o'zbekistonlik arosatda

Your browser doesn’t support HTML5

Rossiya-Qozog’iston chegarasida qolib ketgan 300 nafarga yaqin o’zbekistonlik ahvoli jiddiy og’irlashgan. Bir necha haftadirki, Orenburg yaqinidagi ochiq dalada yashayotgan bu fuqarolar O’zbekistonga qaytish qarorida qolmoqda, ammo koronaviris tahdidi bois chegaralar yopiq.

Avvalroq Rossiyadan O’zbekiston tomon yo’lga chiqqan mingdan oshiq fuqarolar Qozog’istonga kirish chegarasida to’planib qolgan, hukumat ularni maxsus reyslar orqali olib chiqqan edi.

Buning ortidan Tashqi ishlar vazirligi fuqarolarni mamlakatga olib kelish uchun boshqa bu tarzda amaliyot o’tkazilmasligi, Rossiyadagi fuqarolar charter reyslarni kutishi zarurligi haqidagi ogohlantirish bilan chiqdi.

Yaqinda Rossiya-Qozog’iston chegara zonasida qolayotgan uch yuzga yaqin fuqaro ijtimoiy tarmoqlar orqali O’zbekiston prezidentiga murojaat bilan chiqdi, bu murojaatdan chegarada qolayotgan o’zbekistonliklar ahvoli jiddiy og’irlashganini anglash mumkin.

Rossiya-Qozog’iston chegarasidan mingdan oshiq fuqarolarini maxsus avtobuslar orqali olib ketgan O’zbekiston hukumati nima sababdan uch yuzga yaqin bu fuqarolar qoldirib ketilgani haqida aniq bir izoh bermagan.

“Amerika ovozi” avvalroq chegarada qolayotgan bu muhojirlar taqdiri yuzasidan Rossiyada faoliyat yuritayotgan o’zbekistonlik huquqshunos Botirjon Shermuhammad bilan gaplashgan edi. Unga ko'ra, O’zbekiston elchixonasi bu muhojirlarga Rossiyadan ish va yotoq joylari taklif qilgan, ammo bu taklif muhojirlar tomonidan rad etilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning yaqinda bergan bayonotiga ko’ra, hukumat 100 mingga yaqin fuqaroni xorijdan O’zbekistonga olib kelishga qaror qilgan. Xorijdagi minglab o’zbekistonliklar charter reyslarga navbat kutmoqda.