Tramp ma'muriyati xorijiy talabalarga yaqinda e'lon qilgan viza cheklovini qaytib oldi

  • Amerika Ovozi

Sakkiz shtatda sudga berilgan va yuzlab universitetlarning qarshiligiga uchragan cheklov bekor qilindi. Gap yaqinda Ichki xavfsizlik vazirligi tomonidan xorijiy talabalarga nisbatan e'lon qilingan viza qoidalari haqida ketmoqda.

Immigratsiya xizmati agar talaba darsni faqat onlayn olsa, vataniga qaytishi kerak bo'ladi, chunki vizasi yangilanmaydi; bu yil o'qishga kirganlar esa agar kuzda o'qish faqat internetda bo'lsa, viza olmaydi, deb deya ogohlantirgan edi.

Amerikaning ikki nufuzli oliy ta'lim maskani - Garvard universiteti va Massachusetts Texnologiya Instituti Tramp ma'muriyatini sudga berib, uni federal tartibni buzayotganlikda ayblagan. 14-iyul kuni Bostonda sud muhokamasi o'tar ekan, Vashingtondan yangi qaror e'lon qilindi.

Sudya Allison Burrousga ko'ra, 6-iyulda chiqarilgan qaror qaytib olingan.

Boston

Mart oyida, pandemiya boshlanayotgan paytda, immigratsiya jarayoni va viza bilan bog'liq qator cheklovlar joriy etilgan. Ular hamon amalda, xususan talabalarga ham taaluqli joylari kuchda qoladi. Hukumat hech qanday bayonot bermagan lekin uning advokatlariga ko'ra, Boston sudida e'lon qilingan xabar to'g'ri va federal sudya vaziyatni aniq tushuntirib bergan.

Kaliforniya shtati ham Tramp ma'muriyatini sudga bergan edi. Garvard universiteti va Massachusetts Texnologiya Instituti boshlagan yuridik harakatga 200 dan oshiq oliy ta'lim maskani qo'shilgan.

Xorijiy talabalar, tabiiyki, xursand.

"O'zimni qushdek yengil his qildim. Katta muammo hal bo'ldi", - deydi Kimberli Chu, Kaliforniya universitetidagi malayziyalik student.

Germaniyalik Anka Vilkening Garvard universitetida o'qishini bemalol davom ettirishidan mamnun.

"Katta g'alaba", deydi talaba. "Lekin muammo butunlay hal bo'ldi deya olmaymiz. Ertaga yana qanday qaror chiqarishadi, bilmaymiz".