Ekspert: Markaziy Osiyodagi avtoritar tuzumlar BMTni o'zlarini oqlash uchun qo'llay olmasin

BMTning Nyu-Yorkdagi qarorgohi

AQSh poytaxtidagi Jorj Vashington universiteti professori Sebastiyan Peyruz (Sebastien Peyrouse) tahlilicha, mintaqadan barcha prezidentlar bu yili BMT Bosh Assambleyasiga murojaat qilgani tashkilot ular uchun naqadar muhim ekanini aks ettiradi. Ammo, ahamiyat ortidagi omil taraqqiyot, erkinlik va adolatga intilishmi yoki yakkahokimlarning o'z qudratini mustahkamlash harakati? BMTga a'zo davlatlar xalqaro majburiyatlari yuzasidan qattiqroq javobgarlikka tutilishi zarur, deydi Peyruz. Aks holda, tashkilot - avtoritar tuzumlar qo'lida o'yinchoq.


Bosh Assambleyada mintaqadan har bir rahbar o'z davlati oldidagi vazifalar va maqsadlar, ularni xavotirga solayotgan masalalar, jumladan koronavirus pandemiyasi xususida gapirdi.

Prezidentlar Afg'oniston, iqlimdagi salbiy o'zgarishlar hamda o'z mamlakatlarida qanday islohotlar ketayotgani haqida ham alohida to'xtalgani e'tiborni tortdi, deydi mintaqani uzoq yillardan beri o'rganib keladigan olim.

"BMT - Markaziy Osiyo hukumatlariga o'z dardini global maydonga olib chiqish imkoniyati. Lekin ular bu tashkilot yordamida o'z zimmalaridagi xalqaro majburiyatlarini bajarish uchun ham jiddiyroq harakat qilmog'i lozim", - deydi Peyruz.

"Islohotlarni qayd etish bir narsa, ularni amalga oshirishda BMTga tayanish va uning tegishli organlari bilan effektiv ishlay olish boshqa narsa."

BMT organlari islohot jarayonida, ayniqsa xalqaro tajribaga tayanib, umumbashariy me'yorlarga rioya qilishda bebaho ko'mak ko'rsata oladi.

BMT Inson huquqlari deklaratsiyasiga bosh egib, erkinliklarni hurmat qilishni o'rganishda ham bu tashkilotdan real yordam olish mumkin, deydi Peyruz.

Mintaqada huquq ahvoli og'ir ekanini hisobga olsak, avtoritar tuzumlarda yangi davrga qadam qo'yish uchun iroda qanchalik?

BMTdagi o'ziga xos mexanizmlardan foydalanish kerak, deydi Peyruz, xususan maxsus elchilardan. Ular mamlakatlarga borib, vaziyatni o'rganib, bergan hisobot va tavsiyalari bu davlatlar uchun strategik ko'rsatma.

2017-yilda BMTning diniy huquqlar bo'yicha vakili O'zbekistonga borib, ahvol bilan tanishib, bergan tavsiyalar davlatga qo'l keldi, deya kuzatadi Peyruz.

Buni ham ko'ring O'zbekiston rahbari BMT Bosh Assambleyasida nima haqda so'zladi?

Tashkilotdan real yordam olish kerak. Demak, BMT agentliklarining mintaqa bo'ylab faoliyati samara berishi uchun hukumatlar ular bilan real hamkorlik qilishi kerak.

Turkmaniston singari yopiq mamlakatda ham BMT idorasi bor. U orqali xalqaro hamjamiyat bu mamlakatdagi haqiqatni bilishga intilib, turli nozik masalalarni ko'tara oladi. Qiyin jarayonlar, biroq harakat qilaverish kerak.

Sebastiyan Peyruz fikricha, BMT pandemiya davrida Tojikiston va Turkmanistonda ijobiy rol o'ynashga qiynaldi. BMT Tojikiston rahbariyatiga tayanib, koronavirus yo'q deb turgan paytda, hukumatning o'zi buning aksini tan oldi. BMT qoshidagi Jahon Sog'liqni saqlash tashkiloti Turkmanistonga borib, ahvol murakkab ekanini o'z ko'zi bilan ko'rdi. Lekin davlat koronavirusni hamon rasman qayd etmagan. Xalqaro hamjamiyat mana shunday qiyin davrda bu davlatga ta'sir qila olmayapti.

Olim deydiki, Inson huquqlari kengashi Markaziy Osiyoda erkinlik va adolatni targ'ib qilishda beqiyos rol o'ynay oladi, agar bu organ va hukumatlarda yetarlicha xohish-istak bo'lsa.

Har uch yilda respublikalar kengashga huquq bobida hisobot beradi, ya'ni xalqaro qonunlar va konvensiyalarga qanchalik amal qilinayotgani va umuman, majburiyatlar qanday o'talayotgani xususida. BMT keyin o'z tavsiyalarini beradi. Ularni inobatga olish hukumatlarning vijdoni va irodasiga bog'liq.

Har yili Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti ham Varshavada fuqaro jamiyati faollari hamda mutasaddilarni yig'ib, mamlakatlardagi muammolarni, huquqbuzarlik va qonunbuzarlik ortidagi omillarni muhokama qiladi. Ahvolni yaxshilash uchun berilgan tavsiyalar chetda qolmasligi kerak.

Aks holda xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik haqida bong urish va dunyo ahli u yoki bu masalaga ko'proq e'tibor qaratsin deyish safsatabozlik emasmi?

Buni ham ko'ring HRW: O'zbekiston nega Inson huquqlari kengashiga intilmoqda?

Peyruz nazarida BMT yo'l-yo'riqlari amalda sezilmayotganini nohukumat tashkilotlarning ro'yxatdan o'tishi hali ham qanchalik qiyin ekanida va BMT maxsus vakillarining ayrim davlatlarga kiritilmayotganida ko'rish mumkin.

BMT Inson huquqlari qo'mitasi, masalan, Qirg'izistonga Azimjon Asqarov taqdiri yuzasidan qayta-qayta murojaat qilib, adolatsizlikka barham berishga undadi. Bishkek pinagini buzmadi. Huquq himoyachisi sifatida tanilgan Asqarov pandemiya davrida qamoqda jon berdi.

Turkmaniston esa BMT minbarida hamisha "huquqni hurmat qilamiz va bu borada taraqqiy etmoqdamiz" deb keladi. Ochiqchasiga yolg'on, deydi ekspert.

BMT - a'zo davlatlar o'z siyosatini bayon etadigan sahna. Lekin shu bilan birga ular xalqaro majburiyatlari yuzasidan ham qattiqroq javobgarlikka tutilishi zarur, deydi Peyruz. Aks holda avtoritar tuzumlar o'zlarini oqlash uchun BMTdan siyosiy vosita sifatida qo'llanaveradi.

Qozog'iston rahbari Qosim-Jo'mart Tokayev bu yili Bosh Assambleyaga dediki, haqiqiy demokratik tizimni shakllantirmoqda. Biroq mamlakat bo'ylab so'z va matbuot erkinligi keskin siquvda; fuqarolarning yig'ilishi, namoyishlar qilib, fikrini bildirishi cheklanmoqda.

Huquq tashkilotlari sarhisobicha, O'zbekiston va Tojikistonda ham so'zdagi o'zgarishlar va real hayot orasidagi farq kattaligicha qolmoqda.

BMT bu borada nima qila oladi? Huquq hurmat qilinishi, a'zo davlatlar bu borada ijobiy qadamlar tashlashi uchun jahon tashkiloti jiddiyroq choralar ko'rmasa, hukumatlarga bo'lgani kabi BMTga ham ishonch pasayib boraveradi.