Mutasaddilar: AQSh pandemiyadan chiqmoqda

  • Amerika Ovozi

Roshel Valenski, AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi rahbari

AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi rahbari Roshel Valenskiga ko'ra, mamlakat koronavirus pandemiyasidan chiqa boshlagan. Oxirgi haftada bu kasallikka chalinganlar va undan o'lganlar soni pandemiya boshlanganidan beri eng quyi ko'rsatkichda.

Oq uyda kechgan brifingda Valenski jamoatchilikni ehtiyotkorona optimizmga undadi.

Prezident Jo Baydenning maslahatchilaridan biri Endi Slaivitt ham barcha shtatlarda COVID-19 kamayishi kuzatilayotganiga urg'u berdi.

Amerika bo'ylab hozirda kuniga qariyb 2 million odam emlanmoqda. "Pfizer" vaksinasini shu kungacha 12 yoshdan kattalar ham ola boshlagan. Ular soni 600 mingdan oshiq.

Valenskining bayon qilishicha, 18 yoshdan kattalarning 60 foizi hozirda kamida birinchi dozani qabul qilgan.

O'smirlar ham vaksina olmoqda, Illinoys shtati

Oq uy AQSh Mustaqillik kuni 4-iyulgacha emlanishi kerak bo'lgan aholining 70 foizi vaksina olishini xohlaydi. Rasmiylar bunga oson erishiladi, deya ishonch bildirmoqda.

AQSh hukumatining koronavirus bo'yicha yetakchi maslahatchisi Entoni Fauchi "emlanishdan qo'rqmang", taklif qilinayotgan vaksina turlari xavfsiz, deydi. Hatto virusning eng og'ir ko'rinishlarining ham oldini oladi, deydi doktor.

Valenski deydiki, yangi o'quv yili oldidan maktab va oliy ta'lim maskanlarida sharoit va tartib qanday bo'lishi yuzasidan yangi buyruq va ko'rsatmalar chiqadi.

Uning aytishicha, yosh avlodni emlash borasida ham yaqin orada qator qarorlar qillinadi.

Amerikada koronavirusga chalinganlar bugungacha 34 millionga yaqinlashmoqda. Undan nobud bo'lganlar 600 mingdan ziyod.