Tolibon saylov komissiyasi va ikki vazirlikni yopdi

  • Amerika Ovozi

Afg’onistonda Tolibon avvalgi hukumat davrida faoliyat yuritgan saylov komissiyasini tarqatib yubordi.

“Agar ehtiyoj sezsak, bu komissiyalarni tiklaymiz”, - deydi Tolibon so’zlovchisi Bilol Karimiy, Mustaqil saylov komissiyasi (MSK) hamda Saylov bo’yicha shikoyatlar komissiyasiga ishora qilib.

2006-yilda tuzilgan MSK barcha turdagi saylovlarni, jumladan prezidentlik saylovlarini o’tkazish va nazorat qilish vakolatiga ega edi.

Buni ham ko'ring Afg’onistonda 40 foiz ommaviy axborot vositalari yopilgan

“Bu qarorni ular shoshilinch qabul qilishdi, komissiyani tugatish jiddiy oqibatlarga olib keladi. Bunday organlar bo’lmasa 100 foiz ishonchim komilki, Afg’onistondagi muammolar hech qachon hal bo’lmaydi, chunki saylovlar o’tkazilmaydi”, - deydi yaqingacha MSK ga rahbarlik qilgan Avrangzeb.

So’nggi 20 yilda Afg’onistonning to’rt viloyatini boshqargan Halim Fidoyi fikricha, komissiyalar tugatilishi Tolibon demokratiyaga ishonmasligini ko’rsatadi.

“Ular demokratik institutlarga qarshi. Ular hokimiyatni saylov byulletenlari bilan emas, o’qlar bilan boshqaradi”, - deydi u.

Avgustda Tolibon hokimiyatni qo’lga olishidan oldin MSK ning bir necha a’zolari ekstremistik guruhlardan tomonidan o’ldirilgan.

Vazirliklar ham yopildi

Buni ham ko'ring Islom hamkorlik tashkiloti Afg'onistonga yordam berishga chaqirdi

Tolibon, shuningdek, Tinchlik vazirligi va Parlamentar ishlar bo’yicha vazirlikni ham tugatishga qaror qilgan.

Avvalroq Xotin-qizlar masalalari bo’yicha vazirlik yopilib, uning o’rniga Saxovatni targ’ib qilish va illatlarni yo’qotish vazirligi tashkil etilgan edi. Ushbu organ 1990-yillarda diniy doktrinani tatbiq etishda qattiqqo’lligi bilan tanilgan.

Xalqaro hamjamiyatdan Afg’onistonga tegishli milliardlab dollar mablag’ni qaytarishni talab qilayotgan toliblar bu gal mo’tadilroq boshqaruv va’da qilgan.