Ukraina: Qochqinlar yanada ko’payishi kutilyapti

Polsha

Ukraina-Rossiya urushining 16-kuni Rossiya raketalari zarbasi Ukraina g’arbiga ham ko’chayotgani bilan boshlandi. Ukrainaning Lutsk, Ivano-Frankovsk shaharlari aeroporti o’qqa tutildi.

Hozirgacha to’qnashuvlardan bir qadar chetda bo’lgan Dnepr shahri ham raketa zarbalariga uchragan.

Your browser doesn’t support HTML5

Ukrainalik qochqin: Ustimizga bomba tushmasin deb ibodat qildik

Kiyev ostonasida to’plangan rus qo’shinlari poytaxtga hujumni tiklashga hozirlanishyapti. Har holda Britaniya razvedkasi shundan ogohlantirmoqda.

Rossiya armiyasining o’nlab kilometrga cho’zilgan harbiy kolonnasi hujumga shaylanayotgan qismlar o’rtasida taqsimlangani xabar qilinadi.

Ukraina armiyasi mudofaani davom ettirmoqda. Chernigov yaqinida kechgan shiddatli janglar natijasida rus qo’shinlari nazoratida bo’lgan bir necha aholi punktlari ozod etilishiga erishilgan.

Urush frontida, shuningdek, diplomatik maydonda ham keskin burilishlar yo’q. Turkiyadagi muzokaralar natijasiz tugadi. Belarusdagi muzokaralarning navbatdagi davrasi qachon o’tishi noma’lum.

Urushning 16-kunidagi asosiy ma’lumot aholi evakuatsiyasiga doir kelishuvning amalga oshayotganidir. Rossiya evakuatsion hududlarda sukunat rejimi amal qilishini e’lon qildi.

Urush manzarasi: 8-mart, 2022

Ukraina 11 ta yo’nalish bo’ylab aholi evakuatsiyasi amalga oshirilishini bildirdi, jumladan vaziyat og’ir bo’lgan mamlakat sharqi va so’nggi kunlarda jiddiy janglar kechgan, raketalar zarbasi ostida qolgan Kiyev viloyatidagi shaharlardan.

Evakuatsiyaga imkoniyat yaratilishi ortidan qochqinlar oqimi jiddiy ko’payadi. “Amerika Ovozi” so’nggi kunlarda havo hujumi ostida qolgan Sumi shahridan qochib chiqqan ukrainlar bilan gaplashdi.

Ularning aytishicha, muttasil yog’ilgan aviazarbalar ostidan omon chiqishganini mo’jizaga qiyoslash mumkin. Ammo urush ularning, shuningdek, urush dahshatidan qochib chiqayotgan boshqa minglab ukrainlarning hayotini, keyingi taqdirini mavhum qilib qo’ymoqda.