Markaziy Osiyo-Yaponiya dialogida nima haqda gap ketdi?

  • Amerika Ovozi

Sardor Umurzoqov, O'zbekiston Bosh vaziri o'rinbosari, Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri

15-aprel kuni Markaziy Osiyo va Yaponiya tashqi ishlar vazirlari virtual muloqotida O'zbekiston tomondan Bosh vazir o'rinbosari, Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov qatnashgan. Yaponiya, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Tojikiston hukumatlari bosh diplomatlari bilan Umurzoqov siyosiy hamkorlik, savdo-iqtisodni kengaytirish, Yaponiya kompaniyalarining Markaziy Osiyodagi faoliyatini kuchaytirish, madaniy-gumanitar almashinuvni, shuningdek, inson kapitalini rivojlantirish borasida gaplashgan.

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov o'tgan oydan beri tibbiy ta'tilda.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga ko'ra, dialogda terrorizm va narkotrafikka qarshi kurashish, mintaqaviy xavfsizlik, qishloq xo‘jaligi, suv-energetika resurslari, transport va logistika, atrof-muhitni muhofazasi, turizm kabi sohalarda birga ishlash ham muhokama qilingan.

Markaziy Osiyo - Yaponiya dialogi, 15-aprel, 2022

O'zbekiston hukumatiga ko'ra, Yaponiyaning turli yo'nalishlardagi ilg‘or tajribasi Markaziy Osiyo davlatlari uchun namunadir. Umurzoqov nutqida farmatsevtika klasterlari, ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot muassasalari, yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga undagan. Transmilliy va uyushgan jinoyatchilik, narkotrafik, kiberjinoyatchilik va boshqa muammolarni bartaraf etish xususida ham fikr almashilgan. Transport tizimi uchun yangi imkoniyatlar ochish to'g'risida takliflar yangragan.

Shuningdek, raqamli iqtisodiyot va elektron tijoratni yo'lga qo'yish, Yaponiya texnologiyalarini olib kirish, olish va boshqa jabhalarda ham ishlash - dialogda qatnashgan barcha davlatlarning vakillari tomonidan quvvatlangan.

Rasmiy bayonotga ko'ra, O‘zbekiston Yaponiyaning "Bir qishloq – bitta mahsulot" dasturi asosida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha qo‘shma dasturni ishlab chiqadi, 2020-yilda Toshkentda ochilgan Yaponiya raqamli universiteti Markaziy Osiyo raqamli universitetiga aylanishi kutilmoqda.