Tramp qayta saylanish uchun nimalarni va’da bermoqda?

  • Amerika Ovozi

Donald Tramp 2016-yilda prezidentlikka harakat qilayotganida u siyosatni ostin-ustun qiladigan shaxs deya ta’riflangan. 2020-yilda mag’lubiyat bilan yuzlashgach, u saylov natijasini tan olmaslik yo’lini tanladi. 2024-yilgi saylovda ham qatnashishini e’lon qilgan Tramp nimalar qilmoqchi?

Your browser doesn’t support HTML5

Tramp prezidentlik poygasini boshlab berdi

Poygani boshlab bergan Donald Tramp Amerikani yangilash haqida bayonotlar qilmoqda. Uning rejalari ko’pincha balandparvoz gaplardan iborat:

“Amerika chegaralarini avvalgidek tiklaymiz va himoya qilamiz”.

“Eng buyuk iqtisodiyotni quramiz, buni tezda amalga oshiramiz”.

“Narkosavdogarlar va odam savdogarlariga o’lim jazosini berishga chaqiraman”.

“Mamlakatimizdagi eng halol va begunoh odamlardan biri ekanim isbotlangan”, - deydi u.

Jo Bayden ikkinchi muhlatga saylanish istagida, ammo yakuniy qarorga kelmaganini aytadi. Oq uyning qayd etishicha, respublikachilarning xalq hayoti bilan ishi yo’q.

Buni ham ko'ring Trampning prezidentlikka qaytishiga nima halaqit berishi mumkin?

“Ularda hech qanday reja yo’q, faqat siyosiy nayrangbozlik”, - deydi Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Pyer.

Tarixchilarga ko’ra, sobiq prezidentning yutuqlari oz.

“Qonunchilik nuqtai nazaridan ko’p narsaga erishmagan. Trampning asosiy yutug’i – sudyalarni tayinlagani va odamlarni haqorat qilgani. U AQSh siyosatini o’zgartiraman deyapti, bunga ishonish qiyin. Chunki bu ishni ilgari qilmagan”, - deydi Texas universiteti tarixchisi Jermi Suri.

Tramp tarafdorlari boshqacha fikrda.

“U qariyb 800 kilometrlik devor qurdi, soliqlarni kamaytirdi, gaz narxini pasaytirish uchun burg’ulashga ruxsat berdi. Xavfsizlik nuqtai nazaridan esa Tramp agar Amerika bilan o’ynashsangiz, do’stlarimiz va sheriklarimizga ziyon yetkazsangiz, ta’ziringizni beramiz deb dunyoni ogohlantirdi. Bular barchasi Tramp qila oladigan va qilgan ishlar”, - deydi “Amerika birinchi” tadqiqot markazidan Hogan Gidli.

Republikachilar, deydi u, Tramp davridan saboq olgan.

“Kelgusi respublikachi prezident Kongress bilan mutlaqo boshqacha uslubda ish yuritadi deb o’ylayman. Mediaga e’tibor bermasa ham bo’ladi, aksar amerikaliklar singari”.

Prezidentlik saylovigacha hali ikki yil vaqt bo’lsa-da, poyga allaqachon boshlanib ketdi.