Germaniyani larzaga solgan “terrorchilik fitnasi”, hibslar davom etmoqda

  • Amerika Ovozi

Germaniyaning turli shaharlarida shu hafta 3000 politsiyachi ishtirokida reydlar o’tkazilib, 25 kishi qo’lga olindi. Organlar hibslar davom etishini bildirmoqda.

O’ng qanot ekstremistik “Reyxsburger” harakati a’zolari davlat to’ntarishini rejalaganlikda gumon qilinmoqda. 50 dan ortiq joyda, uylarda miltiq, o’q-dori va jiletlar topildi. Ular fitnaga harbiylarni jalb qilishni ham rejalagan.

“To’ntarish rejasi qanchalik puxta bo’lganini davom etayotgan tergov aniqlaydi. Reyxsburger a’zolarini demokratiyaga, davlatimizga bo’lgan nafrat birlashtirgan”, - deydi Ichki ishlar vaziri Nensi Fezer.

Guruhga boshchilik qilgan shaxs o’zini shahzoda Genrix deb ataydi. U qadimgi aristokratlar oilasidan. Oila bir asr oldin sharqiy Germaniyaning katta qismlarini boshqargan.

Politsiya Germaniya sharqida Genrixga qarashli uyni tintuv qilmoqda. Prokurorlarning aytishicha, 71 yoshli Genrix Rossiyadan yordam so’ragan, ammo ijobiy javob olmagan. Moskva bu ishga aloqador emasligini bildirmoqda.

Hibsga olinganlardan biri “Germaniya uchun alternativa” partiyasidan saylangan sobiq deputat, hozirda sudya.

Maxsus kuchlar qo’mondonligida xizmat qilgan harbiy, bir qancha zaxiradagi askarlar va mashhur bir oshpaz ham qo’lga olindi. Hibslar Italiya va Avstriyada ham amalga oshirilgan.

“Hibsga olinganlar konspiratsion nazariyalarga, Reyxsburger va QAnon mafkurasiga ishongan odamlar”, - deydi federal prokuror Piter Frank.

“QAnon” harakati AQShda paydo bo’lgan. Unga ergashuvchilar dunyoni yashirin bir guruh boshqaradi deya ishonadi.

2020-yilning avgustida “Reyxsburger” va “QAnon” guruhlariga aloqador namoyishchilar Germaniya parlamenti qarshisida pandemiya cheklovlariga qarshi norozilik aksiyasida qatnashgan edi.

“Pandemiya bu doiralarda mavjud fitna nazariyalarini kuchaytirdi. Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqinchilik urushi esa bu nazariyalarga siyosiy tus berdi. Yana bir omil bu – AQSh Kongressiga hujum. Bu g’alayon odamlarga tuzumni barbod qilish yo’llari borligini ko’rsatdi”, - deydi tahlilchi Aleksandr Xoysler.

Germaniyada ko’pchilik shokda.

“Davlatni to’ntarish g’oyasiga bu doiralarda haqiqatan ishonishadi. Shuning uchun bunga xavfli vaziyat deb qarashimiz lozim. Bu odamlar va faollar qurollangan, tayyorlangan. Quroldan foydalanishni ham biladi”, - deydi ekstremizm bo’yicha tadqiqotchi Anke Xoffshtat.

“Germaniya uchun alternativa” partiyasi parlamentga hujum rejasiga aloqadorligini rad etgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 9-dekabr, 2022