Respublikachilar: Prezident Bayden xalqni aldayapti, qayta saylamang

  • Amerika Ovozi

Sara Hakabi Sanders, Arkanzas shtatining yangi gubernatori, Prezident Jo Baydenni aqldan ozgan, keksa rahbar deya baholab, uni qayta saylamaslikka chaqirmoqda

7-fevral kuni Jo Bayden AQSh Kongressiga yillik hisobotini bergach, Arkanzas shtatining yangi gubernatori Sara Hakabi Sanders Respublikachilar partiyasi nomidan unga munosabat bildirib, demokratlarning siyosatini va prezidentning bayonotlarini qoraladi.

Sanders deydiki, prezident xalqqa haqiqatni emas, balki tushini aytmoqda, chunki uning iqtisodiy va ijtimoiy yutuqlar haqidagi iddaolari real hayotdan yiroq.

Respublikachilar vakili fikricha, amerikaliklar Baydenni rahbarlikka qayta saylamasligi kerak.

40 yoshli Sanders - respublikachilarning yangi yulduzlaridan biri. U Donald Tramp prezidentligida Oq uyda matbuot kotibi bo'lgan. Otasi Mayk Hakabi ham bir paytlar Arkanzasni boshqargan.

Sanders demokratlarni tarqoqlik va irqchilikni targ'ib qilayotganlikda, konservativ qarashga ega amerikaliklarni ahmoqqa chiqarayotganlika ayblaydi.

“Radikal so'lchilar sizdan ko'proq soliq olib, ter to'kib topgan pulingizni sovuradi. Qimmatchilik, kamsitish, g'azab", - deya izohlaydi Sanders ayni damdagi muhitni.

Bayden bugungi murojaatida Amerika xalqiga xos optimizm va g'ayratga urg'u berar ekan, Sanders uni keksayib, aqldan ozayotganlikda, mamlakatni egri yo'ldan olib ketayotganlikda tanqid qildi.

Your browser doesn’t support HTML5

Bayden hisoboti/Respublikachilar munosabati

Buni ham ko'ring Bayden: Pandemiya ortda qoldi, AQSh demokratiyasi mustahkam

"40 yoshimda men Amerikadagi eng yosh gubernatorman. 80 yoshli prezident esa eng qarisi. Amerikaga yosh va aqlli liderlar kerak", -deydi Sanders.

Respublikachi gubernator o'z nutqida Tramp prezidentligini maqtab, yana Oq uyga intilayotgan sobiq rahbarini "ilhombaxsh lider" deya e'tirof etdi. Biroq Sanders Trampning siyosiy mashmasha va muammolarini tilga olmadi.

Sanders Baydenning hisobotini respublikachilar platformasidan kelib chiqqan holda tanqid qildi, ya'ni mafkuraviy farqlarga urg'u berdi, xususan chegara xavfsizligi va immigratsiya tizimi islohoti va inson huquqlari bilan bog'liq masalalarga.

Konstitutsiya davlat rahbari yoshini cheklamaydi. Odamlarni yoshiga qarab ajratish qonunan diskriminatsiya hisoblanadi. Biroq Sanders Baydenning jismoniy yoshi emas, yuritayotgan siyosatini savolga tutayotganini aytadi.

"Ikki yil oldin iqtisodimiz ancha oyoqqa turib olgan edi va biz ancha tinch dunyoda yashayotgan edik", - deydi respublikachi hozirda inflyatsiya oshgani va xalqaro maydon beqarorlashganiga ishora qilib.

Sanders Baydenni tashqi siyosatni eplay olmayotganlikda ham ayblaydi. Oq uy Ukrainani quvvatlab, uni bosib olgan Rossiyaga qarshi global koalitsiya tuzganini yutuq deya ko'rsatsa, respublikachilar bunga keraksiz mojaro deb qarab, bu urush AQShga qimmatga tushayotganini eslatadi.

AQSh Kongressi, Vashington, 7-fevral, 2023