"Ozodlik uyi": Markaziy Osiyoning biror davlatida erkinlik yo'q

  • Amerika Ovozi

"Ozodlik uyi" tuzgan xarita: Yashil rangdagilar erkin mamlakatlar, sariqdagilar qisman erkin, binafsha rangdagilar esa erkin bo'lmagan jamiyatlar

Vashingtonda asoslangan xalqaro "Ozodlik uyi" tahlilicha, dunyoda erkin jamiyatlar hamon oz, erkin bo'lmaganlar esa ko'p. Demokratiya tushunchasi torayib ketgan, unga ishonch va hurmat pasaygan, deya ogohlantiradi bu nohukumat tashkilot.

Urush, to'ntarishlar, demokratik institutlarga hujumlar erkinlikka qarshi kuchlarni haddidan oshirib, deyiladi bu yilgi hisobotda, mamlakatma-mamlakat erkinlik darajasini tushirmoqda.

"Rossiyadagi avtoritar rejim Ukrainaga qarshi qonli urush ochib, bu mamlakatda qattiq mehnat evaziga shakllanayotgan demokratiyaga ham qildi. Burkina Faso, Tunis, Peru va Braziliyada tuzumlarning tabiati salbiylashdi. Gvineya, Turkiya, Myanma va Tailandda yakkahokimlik kengaydi. Afg'onistonda Tolibon xalqni yanada ezishda davom etdi", - deya qayd etadi "Ozodlik uyi'.

"Hukumatlar va bosqinchi kuchlar aholiga qarshi jinoyatlar qilib, uning etnik tarkibini o'zgartirishga urindi".

34 mamlakatda ijobiy holatlar kuzatilgan. Xususan Lesoto, Kolumbiya va Keniyada saylovlar sezilarli darajada demokratik o'tgan.

Buni ham ko'ring Qirg’izistonda ommaviy hibsga olishlar, HRW huquqni hurmat qilishga chaqirmoqda

Ayrim davlatlarda sudlar mustaqillasha boshlagan. Ba'zilarida esa avtoritar hokimiyatning chegarasi borligi oydinlashgan. BMT doirasida ham yakkahokimlikka asoslangan davlatlarga qarshilik kuchayib, jumladan ularning o'zlarini demokratik deb atashi qoralangan.

35 mamlakatda ahvol salbiylashgan. Yevrosiyo, Janubi-sharqiy Osiyo, Yaqin sharq va Afrikada o'nlab davlatlarda inson huquqlari hamon keng miqyosda toptalmoqda va tizimlar repressiv.

"Ozodlik uyi" hisobotiga ko'ra, eng ko'p tahqirlanadigani fikr va so'z erkinligidir.

33 mamlakatda matbuot erkinligi darajasi keskin tushgan. 157 davlatda bu boradagi erkinliklar ko'lami toraygan.

Fuqarolarning shaxsiy hayotiga aralashish hollari ko'paygan. Tanqidiy ovozlar bosimga olinib, siyosiy cheklovlar va o'z-o'zini senzura qilish kengaygan.

Qisman erkin hisoblangan jamiyatlar oldinga siljimayapti, deyiladi tahlilnomada.

Biroq yarim asr oldingiga qaraganda dunyo bugun erkinroq. 1973-yilda o'rganilgan 148 davlatdan atigi 44 tasi erkin deb qayd etilgan bo'lsa, hozirda 195 davlatdan 84 tasi erkin.

Siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy sinovlarga qaramay ko'plab tuzumlar demokratik qadriyatlarni boy bermagan. Eron, Kuba va Xitoy singari mamlakatlarda esa repressiya demokratik ovozlarni yo'q qila olmayapti, deyiladi hisobotda.

"Ozodlik uyi" undashicha, jahonda demokratik sistemalarni saqlab qolish uchun erkin dunyo birdam bo'lishi, erkinlikka erishgan mamlakatlar bir-birlarini quvvatlashi lozim.

Markaziy Osiyoning biror davlatida demokratiya tomon dadil qadam tashlanmagan, hech bir jamiyat erkin emas

32 yil oldin Sovet ittifoqi parchalanishi natijasida hosil bo'lgan mustaqil davlatlar orasida faqat Boltiqbo'yi mamlakatlari - Estoniya, Livta va Latviya erkin degan maqomga ega. Qolganlari yo qisman erkin yo umuman erkin emas, jumladan Markaziy Osiyodagi besh davlat.

Qirg'iziston bir necha yil davomida qisman erkin hisoblandi, ammo bugunga kelib, bu yutuqlarni boy bergan. O'zbekistonda 2018-2019 yillarda progress kuzatildi, biroq hukumat islohotlar va'dasiga qanchalik urg'u bermasin, erkinlik tomon dadil qadamlar tashlay olmayapti.

Hukumatlar faxr bilan tilga oladigan prezident va parlament saylovlari, referendumlar va bosh qomus reformalari - Markaziy Osiyoda bu jarayonlarning birortasi erkinlik uchun xizmat qilmayapti, deya xulosa qiladi "Ozodlik uyi".

Tahlilnomada ta'kidlanishicha, Belarus, Qirg'iziston, Tojikiston va Ozarbayjonda inson huquqlari yanada cheklanib, fuqaro jamiyati yemirilib, diktaturalarga xos an'analar qanot yozmoqda.

Aholi noroziligi ham namoyon, deya sarhisob qiladi "Ozodlik uyi". Qozog'iston va O'zbekistonda minglab odamlar norozilik namoyishlariga chiqdi, o'nlab insonlar halok bo'ldi. Hukumatlar haqiqatni aniqlashda va adolatni ta'minlashda sust.

Demokratiyani asrab-avaylash, uni barpo etish yoki qayta tiklash uchun bu qadriyatning asl ma'nosini tushunish zarur, deydi tashkilot ekspertlari.

Buni ham ko'ring Blinken Qoraqalpog'iston yuzasidan adolatga, O'zbekistonda matbuot erkinligi va demokratik islohotlarga undadi

Bugungi dunyoda eng repressiv tuzumlardan biri Shimoliy Koreya ham, amalda eng erkin jamiyatlar bo'lgan skandinav mamlakatlari ham o'zlarini demokratik respublikalar deb ataydi.

Rossiya va Xitoydagi o'ta huquqbuzar hukumatlar ham o'zlarini demokratik deya bong uradi. Vaholanki, deya baholaydi "Ozodlik uyi", har ikkisi diktatura.

Moskva va Pekindagi ma'muriyatlar bir tomondan demokratik qadriyatlarga ega ekanini da'vo qiladi, ikkinchi tomondan esa haqiqatan demokratik bo'lgan tuzumlarini samarasiz va ko'zboyamachi deya qoralaydi.

Shuningdek, saylov o'tkazishning o'zigina demokratiyadan dalolat deb hisoblash keng tarqalgan. Demokratiya bu xalq irodasini aks ettiruvchi, unga xizmat qilib, unga javob beruvchi sistemadir. Unda inson manfaatlarini ko'zlovchi qonunlar ustuvor bo'ladi, huquq himoyalanadi. Sudlar mustaqil, matbuot erkin, fuqaro faol bo'ladi.

Boshqaruv uchun adolatli kurash kechadi. Siyosiy raqobat va muqobil dasturlar bo'ladi. Fuqarolar jinsi. kelib chiqishi va dinidan qat'i nazar, hokimiyatga saylanish uchun harakat qila oladi.

Demokratiya, deya uqtiradi "Ozodlik uyi" farovonlik, tinchlik va adolat uchun qon to'kmasdan kurashish demakdir.

Davlat organlari bir-birini muvozanatlab turishi kerak bo'ladi. Hech bir organ haddidan oshib ketishiga yo'l qo'yilmaydi.

"Demokratiya mukammallik degani emas", - deydi tashkilot. - "Kuba va Gonkong kabi o'lkalarda demokratiya talab qilayotganlar mukammallik uchun emas, erkinlik uchun kurashmoqda, toki mamlakatdagi institutlar inson farovonligi va qadri uchun ishlasin, adolatli bo'lsin".