Moda olami xotin-qizlar ravnaqi uchun xizmat qilmoqchi

Amerikada asoslangan nodavlat tashkilot moda ustalari bilan kelishib, olijanob bir ishga qo’l urgan. Loyiha dunyoning olovli, beqaror va imkoniyatlar cheklangan nuqtalarida xotin-qizlar hayotini yaxshilash uchun xizmat qiladi.

"Ayollar ayollar uchun” (Women for Women International) nomli xalqaro tashkilot mana 15 yildirki notinch, beqaror davlatlarda yashovchi, hayoti ostin-ustun bo’lgan xotin-qizlarga madad berib keladi.

Hech bir olovli nuqta tashkilot e’tibordan chetda qolmaydi, xoh Afg’oniston, Iroq, Kosovo, Nigeriya, Sudan yohud Ruanda bo’lsin, matonat va mard insonlarni uchratasiz.

Karen Sherman global loyihalarni boshqarib keladi. Maqsad, deydi u, bir yil davomida ayolni oyoqqa turg’azish – muhtoj insondan tetik, faol fuqaroga aylantirish.

“Tashkilotimiz bir yillik dastur ishlab chiqqan. Bu davr ichida biz urush zonalarida ijtimoiy nochor xotin-qizlar bilan ishlaymiz. Ularni huquq bobida savodli qilamiz, hayotda o’z o’rnini topib ketishiga yordam beramiz. Imkoniyatlar yaratamiz. Har bir ayol o’z daromad manbaiga ega bo’lishi kerak”,- deydi Karen Sherman.

Tashkilot so’nggi paytlarda moda olamidagi yirik kompaniyalar bilan ishlamoqda. Kate Spade firmasi ana shulardan biri.

Misol uchun, qo’shma loyiha doirasida xalqaro tashkilot hunarmand ayollarni ishga yollaydi, mahsulot esa Kate Spade singari firmalarning jahondagi yuzlab do’konlarida sotiladi.

Deylik, bu yilgi qishki to’plamda bosniyalik qiz-juvonlar to’qigan qalpoq, sharf va qo’lqoplar; afg'on ayollar bichgan va tikkan kiyim-kechaklar bor.

Joanna Saum, Kate Spade kompaniyasi vakilining aytishicha, bu mehnatkash ayollarning hunari xalqaro uslub va dizaynlarga juda mos kelmoqda.

“Bu xotin-qizlar qo'lidan chiqqan narsalarni ko’rsangiz, lol qolasiz. Ularning mana shu hunarini ko’z-ko’z qilishga qaror qildik. Tikish-bichish, zardo’zlik va taqinchoqlar yasashga usta ayollar juda ko'p. Ular ozgina yordam kerak xolos”,- deydi Joanna Slum.

Har bir buyumga ustaning ismi-sharifi yoziladi. G'arb, xususan Amerikada qo’lda ishlangan mahsulotlarning oshig’i olchi.

“Kate Spade kompaniyasi ayollarga tovarni qanday ishlash, uni qanday bezashni o’rgatadi. Biz bu xotin-qizlarni puxta o’qitamiz, sifatli mahsulot yarata olishiga ishonch hosil qilamiz”,- deydi Karen Sherman.

Mana 17 yildirki, “Ayollar ayollar uchun” tashkiloti 250 dan ziyod juvonni tadbirkorlarga aylantirgan. 79 million dollarlik ko’mak ajratilgan.

“Kompaniya daromad qildimi, ayollar ham foyda qiladi”,- deydi Joanna Slum.