Breaking News

Mushohada: G'arb bizni qadrlamayaptimi yoki biz o'zimizni?


Yaqinda Vashingtonda AQSh sobiq prezidenti Vudrov Uilson (Woodrow Wilson) nomli siyosiy tahlil maskani Markaziy Osiyoning oltin asri haqida katta ilmiy maqola chop etdi.

Muallif - Frederik Starr (Frederick Starr), Amerika siyosiy doiralarida region bo’yicha yetuk maslahatchi sifatida tanilgan olim. Starr Vashingtondagi Jons Xopkins Universiteti (Johns Hopkins University) professori.

“Markaziy Osiyoni yangidan kashf etib” sarlavhali asarida u nafaqat G’arbni, balki mintaqa ahlini ham bu zaminni boy o’tmishi uchun qadrlab, uning buguni va kelajagi haqida jiddiy o’ylashga undaydi.

Frederik Starr VIII-IX asrlarda Imom al-Buxoriy va Muhammad ibn-Musa al-Xorazmiy, X-XI asrlarda Abu Ali ibn Sino va Abu Rayhon Beruniy qilgan olamshumul tadqiqotlar va ular qoldirgan meros haqida yozadi.

Shunday buyuk daholarni yetishtirgan zamin, deya afsuslanadi amerikalik olim, bugun Rossiya, Xitoy, Eron va G’arb orasida sarson-sargardon bir hudud.

Xalqaro hamjamiyat Markaziy Osiyoga asosan terrorizm va qoradori savdosiga qarshi kurash maydoni, energetik zaxiralarga boy mintaqa ekani uchun e’tibor berib, hududni korrupsiya va avtoritar sistemalar barq urgan bir region sifatida ko’radi.

AQSh siyosiy arboblari Frederik Starrning bilim va tahliliga tayansa-da, huquq va demokratiya faollari hamda ko’plab ziyolilar nazarida u Markaziy Osiyodagi repressiv tuzumlarni oqlab kelayotgan namoyanda.

Bu hukumatlar tanqid ostiga olinganida, ko’p hollarda, “buyuk tarix va madaniyat”ni ro’kach qilishini nazarda tutsak, Frederik Starr siyqasi chiqib ketgan gaplarni aytayapti deya xulosa qilish mumkin.

AQShning Mississippi Universitetida (University of Mississippi) doktorlik dessertatsiyasi ustida ishlayotgan Ahad Abdurahmonov:

“Frederik Starrning yozgan narsalarini qo’ldan kelgancha kuzatib kelaman. U odam yaqinda o’zgarib qolganda o’zi. 1990-yillarda yozgan narsalarini o’qisangiz, O’rta Osiyo davlatlarini o’zini-o’zi tutib keta olmaydi, Rossiya yoki boshqa davlatlarga baribir qaram bo’lishi kerak degan narsalarni ham yozgan”.

Vashingtonda O’zbekiston va qo’shni mamlakatlar mentalitetini tushunadigan yoki tillarini biladigan diplomat va arboblar ko’p emas.

Starr Markaziy Osiyodagi ahvolni mintaqa tarixi, elatlar orasidagi rishtalar hamda siyosiy madaniyatni hisobga olgan holda baholashni tavsiya qilib keladi. Regionga nisbatan siyosatni belgilashda ham ana shu omillarni unutmaslikka chaqiradi.

Ahad Abdurahmonovdek o’lkadan chiqqan yosh olimlar nazarida o’tmishdan saboq olish kerak, ammo real hayotga qarab ish tutish lozim.

“O’tmishga, yaqin o’tmishga qarab bugungi siyosatni belgilashning o’z o’rni bo’lsa kerak, lekin o’sha o’tmishni davom ettirish yoki uni shon-sharaflash emas, uzoq o’tmishdagi ideallarga qarab ruhlanib, hozirgi kunda o’tmishdagi xatolarni takrorlamaslik haqida xulosalar chiqarib yashash kerak”.

Lekin, deydi Ahad Abdurahmonov, tarixiy shaxslar va ular qilgan ishlarni siyosatchilar dunyo bo’ylab ko’p hollarda o’z manfaatlari yo’lida ishlatadi.

“Biz bugungi kunda Amir Temur yoki Alisher Navoiyga qancha haykal qo’yganimiz bilan buning ularga ham, o’zimizga ham foydasi yo’q. Lekin biz ular qilgan yaxshi ishlardan o’rnak olib, harakat qilsak balki foydasi bo’ladi”,- deydi tadqiqotchi.

Xalqaro aloqalar sohasida izlanayotgan yana bir o’zbekistonlik, Fransiyaning Monpelye Universiteti (Université Montpellier) doktoranti Iqbol Qoraboyev fikricha tarix hamisha ilhom manbai bo’lib kelgan. Lekin bugungi kunda sharoit boshqacha ekanini ham inobatga olmoq zarur.

“Frederik Starr aytayaptiki, bundan kamida ming yil avval Markaziy Osiyo ilmiy, madaniy va siyosiy jihatdan dunyo siyosiy sahnasida markaziy o’ringa ega bo’lgan. Bugungi kunda esa uning nufuzi tushib ketgan”,- deydi Iqbol Qoraboyev.

O’tmishdagi ulug’vor kunlar va bugungi Markaziy Osiyo orasidagi farqni tushuntirishda Frederik Starr ikki omilga e’tibor qaratadi.

Starrni yuqori baholaydigan Iqbol Qoraboyev uning nazariyalarini shunday talqin qiladi:

“Frederik Starrga ko’ra, Markaziy Osiyo ming yil oldin dunyoda har taraflama ilg’or hudud bo’lishiga sabab bu xalqlar va davlatlarning tashqi dunyo bilan aloqalari serqirra va chuqur bo’lgan. Ikkinchi faktor shuki bizning xalqlar dunyoning boshqa qismlarida bo’layotgan o’zgarishlar va yangiliklarga ochiq qaragan. Bizning hududda yashab o’tgan olimlar deysizmi yoki tijoratchilar, o’z sohalarida qanday yaxshi narsa bo’lsa, uni o’rganib, uni o’zimizga olib kelishga harakat qilgan. Dunyo bilan bog’liqlik va ularga ochiqlik yo’qolgach, mintaqaning e’tibori ham tushib ketgan, bu xalqlar va davlatlarning rivojlanish darajasi ham pasayib ketgan”.

Frederik Starr siyqasi chiqib ketgan gaplarni qaytarmoqda deyish oson, deydi Iqbol Qoraboyev, ammo shu bilan birga u haqiqatga ham ishora qilmoqda.

Bu eslatmalar Markaziy Osiyoni vatan deb biladigan elat va ularning yetakchilariga yetib borishi kerak, deydi u. Tadqiqotchi ta’biricha o’lka nima uchun ahamiyatli ekanini xalqaro hamjamiyatga izohlab berish shu zamin farzandlarining burchi.

G’arb, xususan Amerika va Yevropa Ittifoqi tabiiyki Markaziy Osiyoga o’z manfaatlari nuqtai nazaridan qaraydi.

“O’z taraqqiyotimiz, kelajagimiz, madaniyat va ilm-fanimiz uchun o’zimiz qayg’urishimiz kerak”, - deydi Iqbol Qoraboyev.

“Markaziy Osiyodagi o’z tushunchalarimizni jahon ommasiga olib chiqishimiz kerak. Ilmiy tadqiqotlarni kuchaytirib, ilmiy markazlarni rivojlantirish kerak. Frederik Starr o’z maqolasida yana bir narsaga urg’u beradi. Ming yil avval hududdagi hukmdorlar siyosiy jihatdan urushqoq yoki qattiqqo’l bo’lishiga qaramasdan o’z saroyi yoki o’z davlatida turli yerlardan kelgan ilm-fan, madaniyat arborlari bemalol ishlashlari uchun sharoit yaratib bergan”,- deydi Iqbol Qoraboyev.

O’zbekiston rasmiylari, masalan, G’arbni azaldan bu xalq haqida yaxshi bilmaganlikda ayblab keladi. Shu bois, deydi ular, tandiqlar adolatsiz va asossiz.

Tanqidchilar esa, tabiiyki, bu fikrga qo’shilmaydi. Qozonda bori cho’michga chiqadi, oyni etak bilan yopib bo’lmaydi degan gaplarga o’xshash naqllar G’arbda ham keng qo’llaniladi.

Ayrim amerikaliklar “O’zbekchilik nima ekanini bilamiz” deya eslatib ham qo’yishadi.

Aloqalarni tahlil qilib kelayotgan Ahad Abdurahmonov buni shunday sharhlaydi:

“Bu, birinchidan, o’zbekchilik degan narsaga kim qanday qarashiga ham bog’liq. O’zbekchilik degan narsani ideallashtirib, bu bizning eng yaxshi jihatimiz desak, salbiy munosabat yaralishi tabiiy. O’zbekchilik, o’zimiz bilamizki, uning tag-tomiriga qarasak, insoniy qadriyatlar bor va ular umuminsoniy qadriyatlar bilan chambarchas bog’liq. Biror farqli tomoni yo’q".

"Shu bilan birga o’zbekchilikdagi salbiy jihatlarga qaraydigan bo’lsak, masalan nepotizm, tanish-bilishchilik kabi hollarni ham ko’ramiz",- deydi tadqiqotchi.

"To’g’ri, o’zbek jamiyatidagi narsalarni mahalliy odamlar yaxshiroq tushunadi. Lekin bu butun dunyodan orqada qolib ketishga bahona bo’la olmaydi. Boshqa, ilg’or jamiyat egalari bilan hamkorlik qilib, ular bilan ochiq-oydin muomala qilishni ham o’rganishimiz kerak”.

Amerika va Yevropada izlanib, vatan sha’ni va g’ururi, siyosiy jarayonlar hamda ularning G’arbda qanday va kimlar tomonidan yoritilayotganini yaxshi biladigan bu yoshlar fikricha, region yangicha, zamonaviy qarashga ega, shu bilan birga fidoiy, tahliliy-tanqidiy fikrlaydigan mutaxassislarga muhtoj. Ayniqsa, turfa mavzular va xilma-xil tillarda yoza oladigan, mushohada yurita biladigan va o’z xalqi dardini dunyo ahli diqqatiga olib chiqa oladigan ziyolilar yetishmayapti.

Tarix ham shundan saboq beradi: dunyo bizni tushunmayapti deb emas, biz bugungi zamon haqida nima bilamiz, insoniyat ravnaqi uchun qanday hissa qo’shayapmiz deb o’ylash kerak.

Keng va erkin fikrlash, ochiq munosabatlar, mas’uliyat, qadriyat va intiluvchanlik.

G’arb olimlari bizga eslatayotgan Beruniy, Ibn-Sino, al-Xorazmiy, Ulug’bek va Boburlar balki ana shu sifatlari uchun ham g’arbu-sharqda birdek ulug’lanadi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG