Birma erkinlashar ekan, unga nisbatan siyosat ham o'zgarmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Barak Obama Birma rahbari Teyn Seyn bilan, 19-noyabr 2011

2014-yilda Birma ASEAN, Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasiga raislik qiladi. Bunday qaror ortida siyosiy progress turibdi, ya’ni Birma bir oz erkinlashgan. Prezident Barak Obama o’zgarishlarni olqishlar ekan, AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton dekabr oyida Birmaga safar qilish niyatida. Oxirgi marta AQSh bosh diplomati Birmaga 50 yil oldin borgan.

Birma yillar davomida xalqaro hamjamiyat xavotir va tashvishlariga sabab bo’lib kelgan. Endi esa vaziyat jadal sur’atlar bilan o’zgarmoqda: siyosiy mahbuslar ozod etildi, islohotlar avjida.

Xillari Klinton 1-dekabr kuni Birmaga yo’l oladi.

”Hukumat va muxolifat lideri Aung San Su Chiy muloqotda”,- deydi prezident Obama.

Yillar davomida ta'qib qilingan, uy qamogi'da o'tirgan muxolifat faoli Aung San Su Chiy endi hukumat bilan muloqotda, parlament saylovlarida qatnashmoqchi.

“Ayrim siyosiy mahbuslar ozod etildi. Matbuot ustidan nazorat yumshatildi. Siyosiy muhitni yaxshilash maqsadida qonunlar o’zgartirildi. Uzoq kutilgan islohotlardan darak bu”.

Aung San Su Chiy rahnamoligidagi Demokratik Milliy Liga, shu paytgacha man etib kelingan harakat, endi saylovlarda qatnashadi.

Vashingtondagi Jorjtaun universiteti professori, Birma bo’yicha mutaxassis Deyvid Staynberg deydiki, bu misli ko’rilmagan o’zgarishlar.

”Nazarimda, ayrim bayonotlar sal shoshib berildi, islohotlar uchun huquqiy asos yaratish kerak hali. Lekin bu kabi o’zgarishlar 1962- yildan beri yuz bermagani aniq”.

Qamoqdan chiqayotgan siyosiy mahbuslar

Professor Staynberg fikricha, AQSh Birmadagi islohotlarni olqishlash bilan cheklanmay, talablar ham qo’yishi kerak.

AQSh Birmaga nisbatan sanksiyalar joriy etgan. Tahlilchilar Kongress yaqin orada ularni bekor qilmaydi deb hisoblaydi.

Ammo Vashington boshqa yo’llar orqali yordam berishga qodir, deydi professor Staynberg.

”Masalan, Jahon Banki va Osiyo Taraqqiyot Banki Birmadagi vaziyatni puxta o’rganib, u yerdagi ahvol demokratik boshqaruv va oshkoralik borasida muayyan mezonlarga javob bersa, mamlakatga moliyaviy yoki boshqa turdagi yordam berish masalasini ko’rib chiqish mumkin”.

Bunday ko’mak Birmaga nafaqat iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, balki demokratik taraqqiyot yo’lida ham katta imkoniyatlar beradi, deydi ekspertlar.