Xalqaro talabalar: Biz ham Kongressdan yordam kutgan edik

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Pandemiya, ta’lim va xalqaro talabalar

Qo’shma Shtatlarda oliy ta’lim qimmatligicha qolmoqda, jumladan xalqaro talabalar uchun. Davlat muassasalarida to’rt yillik ta’lim uchun yiliga o’rtacha 27 ming dollar to’laysiz. Xususiy universitetlarda esa o’rtacha yillik to’lov 41 ming dollar. Mavzu yaqinda AQSh Kongressida muhokama qilindi.

Mehnat statistikasi byurosi ma’lumotiga ko’ra, 2020-yilda AQShning aksar kollej va universitetlari onlayn rejimga o’tgani sababli to’lovlar uncha oshmagan. Lekin ta’lim olish baribir qimmat.

“Kollejga borish uchun bir dunyo pul to’laysiz va bu tendensiya davom etmoqda. Chora ko’rishimiz lozim. Talabalar bankrot bo’lyapti”, - deydi kongressmen Greg Merfi.

Ta’lim, yashash va kitob-daftar olishni qo’shib hisoblaganda, xarajatlar xalqaro talabalar uchun yanada yuqori. Ba’zan yiliga 100 ming dollargacha boradi. AQSh qonunchilari bundan xabardor.

“COVID-19 dan oldin ham ko’pgina talabalar yotoqxona va oziq-ovqat kabi asosiy ehtiyojlar bilan bog’liq xarajatlarini qoplashga qiynalar edi. Pandemiya ahvolni yanada og’irlashtirdi”, - deydi Kongress a’zosi Ilhan Umar.

Pandemiya o’tgan yili AQShda tahsil olayotgan bir milliondan oshiq xalqaro talabalarga ta’sir ko’rsatgan. Mart oyida universitetlar yopilgach ayrimlar turar joyi va stipendiyasidan ayrilgan.

“Shoshib qoldik. Hali immigratsiya muammosi, hali viza. Bundan tashqari tilni o’zlashtirish kerak. Masalaning iqtisodiy tarafi ham bor, masalan valyuta kurslarini oling. Shaxsan men uchun 1 dollar 3000 peso degani”, - deydi kolumbiyalik talaba Izabella Linares.

Kongress qabul qilgan yordam paketlarida oliy o’quv yurtlari uchun 75 milliard dollar ajratilgan. Pandemiyadan ziyon ko’rgan xalqaro talabalar ham oz bo’lsa-da Kongressdan qandaydir yordam kutgan edi.

“Hatto uydan pul kelishi ham qiyinlashdi, chunki ota-onamiz, oilamiz va do’stlarimiz ham COVID bilan yuzlashdi. So’ng amerikalik talabalar yordam paketidan o’z ulushini ola boshladi, lekin xalqaro talabalarga hech narsa tegmadi”, - deydi nigeriyalik talaba Osasu Osaze.

75 milliard dollarga teng mablag’ oliy o’quv yurtlari faoliyatini davom ettirishi va qayta ochilishiga mo’ljallangan. Pulning bir qismi og’ir ahvolda qolgan talabalarga berilishi mumkin. Konservativ tahlilchilar Kongressni mablag’ qanday sarflanishini diqqat bilan kuzatishga chaqirmoqda.

“Kollejlar ushbu imkoniyatdan foydalanib, mablag’ mas’uliyat bilan ishlatilishini ta’minlasin. Boshqaruv kengashlari va ma’murlar qaysi programmalar muhimligini belgilashi, o’z missiyalarini yaxshiroq bajarish uchun mablag’dan sarmoya sifatida foydalanishi kerak. Eng yaxshi inshootlar bizda deb raqobatlashish uchun emas”, - deydi ta’lim bo’yicha mutaxassis Linzi Burk.

AQShda mahalliy va xalqaro talabalar soni COVID sababli qisqargani ayon, ammo ikkinchi eng asosiy sabab bu – o’qish qimmatligi. Siyosatchilar ta’lim sohasi islohotga muhtoj ekanini qayd etadi, biroq nima qilish borasida yakdillik yo’q.