Eng boy davlatda uysizlar soni yarim milliondan ortgan

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQShda yarim million odam uysiz, ko'chada tunaydi

Prezident Donald Tramp Kaliforniya shtatida uysizlik muammosiga barham berish kerak, demoqda. “Vashington Post” gazetasiga ko’ra, Los-Anjeles va boshqa shaharlarni uysizlardan tozalashga ko’rsatma berilgan. Xususan, Los-Anjelesning Skid-Rou mahallasi nishonda.

Los-Anjeles shahrida 50 ko’chani o’z ichiga olgan Skid-Rou mahallasi palatka, chayla va uyum-uyum chiqindiga to’la. Bu yerda chamasi 18 ming odam yashaydi. Asosan giyohvand, ichkilikka ruju qo’ygan yoki ruhiy nosog’lom odamlar, ba’zilari sobiq mahbuslar. Ko’pchiligi ishsizlik, qashshoqlik yoki nogironlik oqibatida shu ahvolga tushgan. So’nggi yillarda sobiq askarlar orasida ham uysizlar ko’paygan.

“Bu ko’chalarda veteranlar ko’p, umuman Skid-Rou to’la. Qora tanlilarni ham, faxriylarni ham ko’rasiz”, - deydi uysizlardan biri.

Shahar rasmiylari jamoat joylarida, masalan, xiyobon va yo’laklarda tunashni man etish bilan band. Bunday cheklovlar uysizlarni jinoyatchiga tenglashtirish demakdir, deydi huquq himoyachilari.

Rasmiylar muammoni hal qilishga mablag’ yo’q deydi. Tanqidchilar nazarida aslida siyosiy iroda yo’q.

“Hamma bir gapni aylantiraveradi. Nima qilishni bilmaymiz, unday qildik, bunday qildik, hech foyda bermayapti, deyishdan nariga o’tmaydi. Aslida hal qilinishi kerak muammo - uy-joy”, - deydi quruvchi Elvis Sammers.

U uysizlarga kichik uylar yasab beradi, boshqalarga ham o’rgatadi. Ko’chada yashaydiganlar asosiy xizmatlar uchun Sammers kabi ko’ngillilarga tayanadi.

2018-yilda AQSh bo’ylab yarim milliondan ortiq odam uysiz bo’lgan. Ba’zi shtatlarda kamaygan bo’lsa-da, iqtisodiy o’sishga qaramay dunyoning eng boy mamlakatida ko’chada tunaydiganlar soni ikkinchi yildirki ko’payib bormoqda. Asosiy sabab – iqtisodiy tengsizlik, shuningdek, uy-joy va tibbiy xizmatlar narxi oshib borayotgani. Eng kam ish haqi mamlakatda 2009- yildan beri oshmagan. Ko’pchilik siyosatchilarning murakkab qarorlardan qochishini ham sabab qilib ko’rsatadi.

Oq uy nimani rejalayotgani hozircha mavhum. Mahalliy rasmiylarga ko’ra, mablag’ uysizlarni ko’chirishga emas, uy-joy qurishga sarflanishi kerak.