Obama Chikagoda, prezident saylovlariga taraddudni boshladi

  • Amerika Ovozi

Obama Chikagoda, prezident saylovlariga taraddudni boshladi

Amerika rahbari Barak Obama 2012 yilgi prezident saylovlariga taraddud ko’rib, kecha ona shahri Chikagoda omma oldida so’zladi. Qayta saylanishdan umidvor Obama pul jamg’arish harakatida.

Bir hafta oldin Barak Obama nomzod ekani haqida e’lon qilib, barcha qog’ozlarni taxt qilib, saylov komissiyasiga jo’natgan. Endi esa omma ko’nglini qozonishga krishar ekan, u 1 milliard dollar to’plashi kutilmoqda. 2008 yilgi saylov poygalarida Obama 750 million dollar yig’gan edi.

Tarafdorlari oldida so’zlar ekan, prezident yutuqlarini sanadi – askarlar Iroqdan qaytmoqda, sog’liqni saqlash tizimi isloh qilindi. Lekin hali oldinda qilinadigan ishlar ko’p, dedi u.

“2008 yilda boshlagan ishimizni oxiriga yetkazishimiz, saylovda g’alaba qilishimiz kerak”, - deydi u.

Barak Obama Chikago yangi meri Ram Emmanuel bilan

Obama raqib Respublikachilar partiyasini tanqid qildi. “Muxolifat olg’a surgan byudjet loyihasi bunga misol”, - deydi u. “Respublikachilar keksalar va yo’qsil oilalarni ta’minlovchi loyihalarni kesmoqchi, badavlat fuqarolarni esa imtiyoz bilan siylamoqchi”, - deya mulohaza yuritadi Obama.

O’z navbatida hafta boshida prezident kelasi 12 yilda byudjet kamomadini 4 trillion dollarga qisqartirish rejasini e’lon qilgan. Obama fikricha, undan oldingi rahbar Jorj Bush davrida davlatmand oilalarga berilgan soliq imtiyozlarini bekor qilish kerak.

Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzodlar ham sekin-asta ayon bo’lmoqda. Massachusets gubernatori Mitt Romni, Minnesota sobiq gubernatori Tim Polenti ana shular jumlasidan.