Pokistonda bolalar noqonuniy mehnati avj olgan

  • Amerika Ovozi

A traveler couple kiss as they sit on a large pot with sunflowers outside Schiphol Airport's passenger terminal in Amsterdam, the Netherlands.

Bolalarning xavfli sharoitda ishlashini taqiqlovchi qonun mavjudligiga qaramay, Pokistonda millionlab bolalar oila tebratishga o’z hissasini qo’shishga majbur. Xalqaro mehnat tashkiloti ma’lumotiga ko’ra, bu yosh ishchlarning aksariyati sog’liq uchun xavfli bo’lgan sharoitlarda ishlatiladi.

Millionlab boshqa bolalar kabi, Muhsin ham 13 yoshida o’qishni tashlashga majbur bo’ldi. Otasi nogiron bola ro’zg’or tebratishda yordamlashishi kerak.

“Otam kasal bo’lib qoldi va uyda yegulik qolmadi. Oilamizdagi shu muammolar tufayli ishga chiqishga majbur bo’ldim”, - deydi Muhsin.

AQSh Mehnat vazirligi ma’lumotiga ko’ra, bolalar mehnatiga aloqador muammolarni bartaraf etish bo’yicha Pokiston hukumati biror ijobiy o’zgarishga qo’l urmayapti.
Karachida joylashgan inson huquqlari tashkiloti faoli Qodir Xonning aytishicha, muammolarning asl sababi qonunlarning ishlamasligida.

“Qonunlar ijrosini topsin, deb harakat qilyapmiz. 18 yoshdan kichik bo’lgan bolalar ishlamasligi kerak. Ular ta’lim olishi, maktabga borishi lozim. Federal hukumat, shuningdek, Sind va Balujiston viloyatlari rasmiylari bu borada jiddiy chora ko’rmayotgani bois bolalar mehnati keng tarqalgan”, - deydi huquq himoyachisi.

Pokistonda 16 yoshgacha ta’lim olish bepul va majburiy. Shunga qaramay, qashshoq hududlarda oilasiga yordam berish uchun ishlayotgan bolalar orasida hatto olti yoshlilar ham bor.

“Maktabga borishni juda xohlayman. Ammo oilamdagi sharoit bunga yo’l bermaydi”, - deydi Muhsin.

Muhsin kiyim tikish fabrikasida ishlaydi: yuk tashiydi, ba’zan kashta tikadi. Bir haftada topgan puli – 10 dollar atrofida.

Onasi Rubining aytishicha, ish sharoiti og’ir bo’lishiga qaramay, Muhsinning akasi 10 yoshidan shu fabrikada ish boshlagan. O’tgan yili fabrikalardan birida ro’y bergan yong’in 289 odamning hayotiga zomin bo’ldi. Ular orasida bolalar ham bor edi.

“Fabrikaga o’t tushganidan keyin biz qo’rqib qoldik. Boshqa odamlarning bolalari nobud bo’ldi. Ularni o’z farzandlarimizdek ko’rdik. Shuning uchun endi bolalarimni ishga jo’natishga qo’rqyapman. Ammo qo’limdan nima ham kelardi? Nimadir yeyishimiz uchun ularni ishga yuborishga majburman”, - deydi ona.

Qonunlarning amal qilmasligi, ishsizlik va qashshoqlikning yuqoriligi bois Muhsin kabi bolalar kattalardek ter to’kib ishlashga majbur. Ularni kelajakda nima kutayotgani esa mavhum.