Breaking News

Yoz - ishlab pul topish vaqti, deydi Qirg'iziston bolalari


O'sh bozorlarida
O'sh bozorlarida
Bu yoz Janubiy Qirg’izistonda aksariyat bolalar dala, bozor va ustaxonalarda ishlab oilasiga ko’maklashayapti. Yaqinda mahalliy nodavlat tashkilotlardan biri bu haqda hisobot chiqardi.

Mamlakatda bolalar mehnati keng tus olgan. Bir necha yil muqaddam o’lkada bu holatga qarshi kurash bo’yicha davlat dasturi qabul qilingan edi. Tadqiqotchilar tahlilicha, bu chora samara bermagan.

Yozgi ta’tilda ko’plab o’spirinlar O’sh markaziy bozorida turli-tuman yumushlar bilan mashg’ul. Kimdir suv sotadi, kimdir non, kimdir arava to’rtadi, yana kimdir ustaxonalarda shogirdlik qiladi.

“Ismim Doniyar. Yoshim 15 da. Ertalabki soat yettidan kechki soat sakkizgacha ishlaymiz. Kuniga 200-250 so’m ishlab topamiz”, - deydi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan yoshlardan biri.

“Hozir, bilasizlar, narx-navolar keskin ko’tarilib ketdi. Shu bois oilamizga yordam berish maqsadida ishlashga majbur bo’lyapmiz. Kunning birinchu yarmida maktabga boramiz, keyin esa bozorda tirikchilik qilamiz”.

“Ona-otam kasal. Shuning uchun pul topishga majburman. Bir-ikki oyda bir dam olaman. Hozir maktabga bormayman, ammo shart-sharoitim bo’lganda, albatta, o'qirdim”, - deydi yana bir o’spirin.

O’shda “Ulybka”, ya’ni “Tabassum” deb nomlangan nodavlat tashkilot ko’p yillardan buyon bolalar mehnati masalalari bilan shug’ullanib keladi.

“Hozir eng arzon mehnat - o’spirinlarning mehnati... Arava tortayotgan, hammollik qilayotgan, hattoki qurilishlarda yordamchidan boshlab ustasigacha o’spirinlar bo’lib ketdi. Bundan tashqari ko’chalarda mashinalarni yuvishadi. Xullas turli yumushlar bilan band. Ota-onalarga ish yo’q. Sababi kattalar ko’proq haq so’raydi, yosh bola esa ozginaga ham rozi bo’ladi. Shu bois bolalar mehnati orqali oilaga pul kiryapti”, - deydi ushbu tashkilot rahbari Elmira Umarova.

Janubiy Qirg’iziston shahar-qishloqlarida g'isht quyayotgan, soyu-tog’larda qurilish uchun tosh yig’ayotgan, tamaki chopayotgan o’spirinlarni uchratish mumkin.

Mutaxassislar ushbu yumushlar bolalar organizmi uchun jiddiy xavf tug’dirishini ta’kidlaydi.

Mahalliy nodavlat tashkilotlar olib borgan tadqiqotlarga ko'ra, ishlayotgan o’spirinlarning 75 foizi kuniga 5-6 soatgina uxlash imkoniga ega. 63 foizi kechgacha ishlaydi. 20 foizi kunda bir marotabagina issiq ovqat yeydi, 50 foizi kasallikka moyil.

“Og’ir mehnat avvalo bolalarning jismoniy o’sishiga halaqit beryapti. Ikkinchidan o’spirinlarning psixikasi buzilib, ularning dunyoqarashi o’zgarib ketmoqda. Yoshlarda hayotga nisbatan yovuzlik, g’arazlik hislatlari paydo bo’lmoqda. Umuman olganda, o’spirinlarda ruhan va jismonan rivojlanish sekinlab qolayapti. Ba’zilarda esa to’xtab ham qolmoqda”, - deydi Elmira Umarova.

Aytish joizki, o’lkada bir necha yil avval bolalar mehnatining eng noxush turlariga barham berish bo’yicha davlat dasturi qabul qilingan edi. Mutaxassislar deydiki, u programma qog’ozda qolib ketgan.

Mahalliy aholi nazarida, o’spirinlar pul topish ilinjida maktabdan, ilm-fandan uzoqlashmoqda.

“Ular ilm o’rganishlari kerak. Nima qiladi hozirdan mehnat qilib? Bolalar pul topishga o’rganib qolib, o’qishdan, hayotdan, hammyoqdan sovib ketayapti. Faqatgina pul topsam, deyayapti. O’qimasa, bir hunarli bo’lmasa nima bo’ladi oqibatda? Bir hunar o’rgangani ham o’spirimlarning vaqti yo’q. Usta-hunarmandga bolani shogirdlikka bersangiz bir yilgacha pul bermaydi... Bolam shuncha vaqt pul topmas ekan deb ota-onalar farzandlarini hunardan chiqarib olyapti”, - deydi o’shlik faol Rahima opa.

Nodavlat tashkilotlar bolalar mehnati borasida davlat tizimlari jiddiy chora-tadbirlar ko’rishi zarurligini urg’ulaydi.

“Tabassum” tashkilot rahbari Elmira Umarovaning aytishicha, o’smirlar ishlayotgan joylarda zarur shart-sharoit yaratib berish kerak.

“Bolalarga ish payti davomida bir necha marta dam olish vaqtlari berilishi kerak. Ular kuniga 8 soat emas, balki 6 yoki 4 soat ishlashi lozim. Aslida 14 yoshga kirgan bolalar maxsus mehnat shartnomasi tuzilgan holda ishga olinishlari kerak. Ammo aksar ish beruvchilar bunga rioya qilmaydi”, - deydi u.

“Bolalar ishlayotgan joylarga borib, o’sha yerlarlarning ma’sullari bilan shartnomalar tuzamiz. Ota-onalar bilan uchrashib, ish beruvchilarning bolalarning haq-huquqlarini poymol qilmasliklari haqida tushuntirish ishlari olib boramiz. Bolalar qanday huquqlarga ega, qancha soat ishlashi, qancha soat dam olishi borasida ma’lumot kampaniyalarini bizning ijtimoiy xodimlarimiz, huquqshunoslarimiz olib borishadi”, - deya tushuntiradi suhbatdosh.

Elmira Umarova davlat tizimlari nodavlat sektor bilan hamkorlikda bolalar mehnatini nazorat ostiga olsa bo’ladi degan fikrda.

“Ayni paytda o’spirinlarga ish berayotgan korxonalarga hukumat tomonidan qandaydir imtiyozlar berilsa maqsadga muvofiq bo’lardi. Soliqdan bo’ladimi, boshqami. O’shanda ish beruvchilar ham rasmiylashtirilgan holda o’spirinlar bilan ish olib boraradi”, - deydi Elmira Umarova.

Bolalar mehnati Qirg’izistonning aksar hududlarida tabiiy holga aylangan. Ota-onalarning ko’pchiligi bu holni bolalar yoshligidan mehnatga ko’nikadi deya izohlaydi. Boshqalar esa farzandlarimiz bolalikni his qilmayapti deya kuyinadi.
XS
SM
MD
LG