"Pitsburgda o'zbeklar". Telereportaj. Murod Zuparov biznesi va oilasi

Murod Zuparov, Pitsburgdagi "Mario's" pitseriyasi egasi

"Amerika Ovozi" yaqinda Pitsburgda bo'lib, u yerdagi o'zbeklar hayoti bilan tanishdi. O'zbeklar, asosan, shaharning Grin-Tri (Green Tree) rayonida yashaydi. 29 yoshli Murod Zuparov ulardan biri.

Murodjon Amerikada 2007-yildan beri yashaydi. Avval Aydaxo, so’ng Nyu-Yorkda yashab uylandi, keyin esa Pitsburgga ko’chib kelishga qaror qildi.

U Grin-Tridagi o'zbek biznes jamoasining faol a'zolaridan. Ikki yil oldin “Mario” pitseriyasini ochgan. Joy kichik va yangi bo’lgani bilan buyurtma ko’p, ish baroridan kelmoqda.

Toshkentda ham oshpazlik, ham ingliz tilidan dars bergan bu yigit Amerikada ikki hunarini birlashtirib, tez orada muvaffaqiyat qozondi.

Murodjon uddaburo tadbirkor bo’libgina qolmay, oilani ham yaxshi tebratadi. Grin Triga borgan kunimiz turmush o’rtog’ining ota-onasi Floridadan kelib, uyini to’ldirib o’tirishgan ekan. An’anaga ko’ra, vashingtonlik mehmonlarga palov tortildi.

Jamila Sharipova va uning turmush o’rtog’i Ilhom Sharipov Floridaning Panama Siti shahrida yashashadi. Murodjon ularga o’zbek kafesini ochishda yordam bergan. Ilhom akaning aytishicha, amerikaliklar o’zbek taomlariga mehr qo’ygan.

Palovdan so’ng bizni ko’ngilochar dastur kutar edi.

Murodjonning do’stlari ham o’sha kuni uyga chaqirilgan edi. Ulardan biri Boburjon oilasi bilan Amerikaga grin-karta orqali oldin bir kelib, ishi yurishmay O’zbekistonga qaytib ketgan edi. Biroq bu diyor ularning qalbini shu qadar sehrlagan ekanki, bu yerda ikkinchi bor hayot qurishga ahd qilishdi.

Murodjonning aytishicha, Grin Trida o’zbeklar borgan sari ko’paymoqda, hammasi bir-biri bilan ahil.

Ko’ngilochar dastur Murodjonning ukasi Doniyorning violoncheldagi ijrosi bilan kulminatsion nuqtaga yetdi. Doniyor hozirda Florida shtatidagi universitetda o’qiydi va Amerika Simfoniyasi deb nomlangan 25 yillik tarixga ega orkestrda violonchel chaladi.

Murodjon Amerikada hamma ish bilan band bo’lsa-da, to’planib dam olishga ham vaqt topamiz, deydi.

Murod Zuparov haqidagi video lavhani to'liq shaklda quyida tomosha qilsa bo'ladi.