Diniy erkinlik targ'iboti Amerika uchun nozik masala, xususan Markaziy Osiyoda

Qadim Samarqand ko'chalarida

Qo’shma Shtatlarning dunyo bo’ylab diniy erkinlikni himoya qilishi Amerika idealizmining namunasi va bu jamiyatga xos qadriyat deya ta’riflanadi. Kongress qarori bilan 1998-yilda maxsus komissiya tuzilgan. Uning asosiy vazifasi - global miqyosda e’tiqod erkinligi buzilishi hollarini xatlab borish va AQSh hukumatiga muayyan davlatga nisbatan siyosatni belgilashda maslahat berish.

Your browser doesn’t support HTML5

Diniy erkinlik targ'iboti Amerika uchun nozik masala, xususan Markaziy Osiyoda


Xalqaro diniy erkinlik bo’yicha komissiya (USCIRF) yillik hisobotlarida Markaziy Osiyoning barcha respublikalaridagi vaziyatni tahlil va tanqid qilib keladi.

O’zbekiston masalan diniy huquqni buzishda yetakchi davlat deya qora ro’yxatda. Hukumat islomiy ekstremizm xavfini ro’kach qilib, muxolif ovozlarni o’chiradi; minglab insonlar diniy-siyosiy qarashlari uchun asossiz ravishda panjara ortida o’tiribdi, deyiladi komissiyaning Kongressga uzatgan hujjatlarida.

Markaziy Osiyo hukumatlari va jamiyatlarini quvvatlash kerak deya bong urib kelayotgan amerikalik olim Frederik Starr nazarida komissiya na Amerika va na mintaqa xalqlari manfaatlari uchun xizmat qilmoqda.

Starr yaqinda o’zi rahbarlik qiladigan Markaziy Osiyo va Kavkaz Instituti, Jons Xopkins universiteti qoshidagi ilmiy markazda, bu borada forum tashkil etdi.

Birinchidan, deydi u, diniy erkinlikdek umumbashariy qadriyat targ’iboti bilan balki Birlashgan Millatlar Tashkiloti shug’ullangani ma’qul. Amerika mustaqil davlat sifatida oyoqqa turayotgan, dunyoviy tuzumda yashashni ma’qul ko’radigan, islomning qadim, madaniy jihatdan boy va rang-barang, o’ta mo’tadil qatlamiga mansub Markaziy Osiyo xalqlariga yordam bermoqchi bo’lsa, boshqa muhimroq sohalar juda ko’p. Masalan, ta’lim, sog’liqni saqlash va texnologiya.

E’tiqod muhim omil, albatta, deydi professor. Lekin bu komissiya hisobotlari va maslahatlari konstruktiv emas. Ular tanqid bilan cheklanadi. Vaziyatni yaxshilash uchun konkret maslahatlar bermaydi, chunki izlanishlari juda sayoz, deydi u.

“Qamoqxonalarda minglab diniy mahbuslar bor, ular soxta ayblovlar bilan qamalgan deyishning o’zi asossiz”, - deydi olim. “Nega hukumatlar bilan yaqindan gaplashmaysizlar? Nega ularning pozitsiyasini eshitmaysizlar?” deya so’raydi u forumga taklif qilingan bu komissiya a’zolaridan.

Frederik Starr azaldan bu organni va inson huquqlari tashkilotlarini dunyoviylikka tahdid solayotgan kuchlarning yonini olayotganlikda qoralab keladi.

Mo’tadil islomga e’tiqod qiladigan insonlarni egri yo’llarga boshlayotgan oqimlar bor va ularga nisbatan keskin choralar ko’rilmasa, butun mintaqa beqarorlashishi tayin, deydi yana bir mutaxassis Brenda Shaffer, Jorjtaun universiteti professori.

Kongress har yili bu komissiya uchun uch million dollar mablag’ ajratadi. Shaffer xonim nazarida ham diniy erkinlik himoyasi hozir Markaziy Osiyo, shuningdek, Kavkaz xalqlari uchun eng muhim muammo emas. Ozarbayjondagi vaziyatni ham tanqid qilib keladigan komissiya, deydi u, yahudiylar va oz sondagi boshqa din vakillari bu mintaqalarda tinch-osuda yashayotganini hisobga olmaydi.

Brenda Shaffer deydiki, radikalizm jiddiy muammo va dunyoviy tuzumlar mustahkamlanishi uchun jon kuydirish eng ma’qul yo’ldir.

Xalqaro diniy erkinlik bo’yicha komissiya yetakchi eskperti Noks Teyms (Knox Thames) yuqoridagi tanqidlarni inkor etib, shunday javob beradi: e’tiqod qilish va qilmaslik - eng uzviy huquq va uni muhim emas deb chetga surish umumbashariy talablarga zid.

“Markaziy Osiyoni olsak, to’g’ri, qadim tarixga ega va islom olamida muhim rol o’ynab kelgan hudud. Buni hech kim inkor etmaydi. Biz to’plagan ma’lumotlarga va ular asosida yozilgan hisobotlarga ko’ra, mana shu ko’hna zaminda bugun inson qadri oyoq osti qilinib, erkin e’tiqod qilish hukumatlar tomonidan xavf va jinoyat sifatida qaraladi. Biz hammaning huquqini tan olamiz va u hurmat qilinsin deymiz, xoh dindor, xoh ateist yo boshqa…"

Fuqaro dinga berilgani uchun bosimga uchramasligi, qamoqqa olinmasligi va jazolanmasligi kerak. Aybi nima ekani odil sudda isbotlansin. Tanqid ostidagi hukumatlar bilan muloqot qilinadi va konstruktiv tavsiyalar beriladi, jumladan demokratik islohotlarni jadallashtirish, deydi Teyms.

Mustaqillikning ilk yillarida islomiy uyg’onish davri keldi deya qayd etgan rahbarlar e’tiqodni kuch bilan nazorat qilishni ma’qul topdi, deydi komissiyaning yana bir yetakchi xodimi Ketrin Kosman (Catherine Cosman).

2013-yilning oxirida O’zbekistonga safar qilib, respublika rasmiylari va sobiq muftiy, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf bilan Toshkentda muloqot qilgan Kosman xonim deydiki, bugungi haqiqatni rad etish vijdonsizlik bo’ladi. O’zbekiston hukumati din va e’tiqod uning iznida bo’lishini istaydi va buni ta’minlab kelmoqda. Konstitutsiyada kafolatlangan huquq boshqa, amaldagi siyosat boshqa. Mutaassiblikni kuch bilan bartaraf etish nafaqat O’zbekiston balki qo’shni respublikalarda ham mavjud siyosat, deydi u.

AQSh maxsus komissiyasi mana shu siyosat mahsulini qog’ozga tushirmoqda. Sobiq muftiyning o’zi aytib turibdiki, ommani, ayniqsa yoshlarni mutaassiblik va diniy zo’ravonlikdan asrashning eng maqbul yo’li bosim va tazyiq emas – bilim berish va ta’lim sohasini kuchaytirish. Yosh avlod din haqida to’g’ri ilm olsin va o’sib-unish uchun zarur imkoniyatlarga ega bo’lsin. Iqtisodiy-ijtimoiy jihatdan nochor muhitlarda odamlarning mutaassiblikka berilishi oson, deydi mutaxassislar.

Komissiya a’zolariga ko’ra, Amerika xalqi uchun diniy erkinlik o’lmas qadriyat ekan, bu huquqning buzilishi dunyoning qayerida bo’lmasin qoralanadi va erkin e’tiqod targ’iboti davom etadi.