Rossiya bo'ylab namoyishlar, Aleksey Navalniy hibsda

  • Amerika Ovozi

Rossiyada mart oyida o'tadigan prezident saylovlariga qarshi namoyishlar o'tar ekan, muxolif faol Aleksey Navalniy Moskvada hibsga olingan. Politsiya uni va yuzlab safdoshlarini avtobuslarga tiqib, olib ketgan.

"Hibsdaman. Lekin bu hech narsani anglatmaydi. Ko'pchilikmiz", - deb yozdi Navalniy "Twitter" tarmog'ida.

Sal avval uning Moskvadagi ofisida ham reyd o'tkazilgan. O'tgan yillar ichida turli ayblovlar bilan qamalgan Aleksey Navalniy 18-martda o'tadigan saylovlarda qatnasha olmaydi. U ommani saylovni boykot qilishga undamoqda.

"Menga qo'yilgan ayblovlar soxta", - deydi u.

Tarafdorlariga video murojaatida muxolifatchi poytaxt ko'chalari politsiya bilan to'lgan bo'lsa-da, aksiyada qatnashaman, deb aytgan edi.

Namoyishlar bir necha shaharlarda o'tmoqda, jumladan Moskva va Sankt-Peterburgda. Xabarlarga qaraganda, hozirgacha 250 kishi hibsga olingan.

Navalniy deydiki, 17 yildan buyon bosh vazir va prezident lavozimlarini egallab kelayotgan Vladimir Putin hokimiyatda uzoq qolib ketdi.

"Putinga reytingini ko'tarib turishda davlat ommaviy axborot vositalari ko'maklashmoqda, u haqiqiy raqobatga chiday olmaydi", - deydi Navalniy.

Vladimir Putin bu gal poygada mustaqil nomzod bo'lib qatnashmoqchi. Kuzatuvchilarning fikricha, bu uning partiya rahbari emas, millat lideri degan imijini kuchaytiradi.