AQSh Senatida Rossiya bo'yicha tekshiruv davom etayapti

  • Amerika Ovozi

Senatning Razvedka qo'mitasi raislari Mark Vorner va Richar Berr

Donald Trampning yaqin maslahatchilari 2016-yilgi saylov natijasini uning foydasiga hal qilish uchun Rossiya bilan til biriktirganmi, yo’qmi? AQSh Senatida tekshiruvlar davom etmoqda. Senatning razvedka qo’mitasi Rossiya kelajakda ham saylovlarga aralashuvini davom ettirishi mumkin, deya ogohlantirmoqda.

Qo’mita shu paytgacha qariyb 100 kishini so’roqqa tutdi, 100 ming hujjat ko’rib chiqildi. Rossiyalik xakerlar AQSh 20 dan oshiq shtatda saylov tizimlarini buzishga harakat qilgan.

“Oldinda hali ish ko’p, lekin saylov kampaniyasi paytida nimalar bo’lgani oydinlashyapti. Dastlabki xulosamiz shuki, Rossiya razvedka xizmatlari pishiq, o’z ishini biladi. Amerikada saylovlar bilan mashg’ul barcha idoralar va rasmiylar ogoh bo’lishi kerak”, - deydi senator Richard Berr.

Tergovchilarning aytishicha, Rossiya Facebook va Twitterda yuzlab soxta akkauntlar ochib, amerikalik saylovchilarga ta’sir etishga harakat qilgan. Trampning kampaniyasi bu ishlardan xabardor bo’lganmi, yo’qmi, tekshirilmoqda.