Rossiya Suriyaga qarshi loyihaga veto qo'yadi

  • Amerika Ovozi

Rossiyaning BMT dagi elchisi Vitaliy Churkin BMT Xavfsizlik Kengashi majlisidan oldin, 31-yanvar, 2012-yil

BMT Bosh kotibi Pan Gi Munning aytishicha, Xavfsizlik Kengashi Suriyada ahvol ayanchli ekanini tushunadi.

BMT rahbari bugun Isroil prezidenti Shimon Peres bilan uchrashuv chog'ida zo'ravonlikka chek qo'yish kerak, dedi.

"U yerdagi jarayonning nihoyasiga yetishini kutib turolmaymiz; ko'p odamlar qirilmoqda. Buning oldini olish zarur", - dedi Pan Gi Mun.

G'arb davlatlari Arab Ligasi taklifi asosida Suriya bo'yicha rezolyutsiya loyihasi ustida ishlar ekan, Xitoy va Rossiya unga veto qo'yishi mumkin.

Rossiyaning Yevropa Ittifoqidagi elchisi Vladimir Chijov nazarida mojaroni siyosiy yo'l bilan hal etish lozim, hujjatda Suriyaga qarshi harbiy amaliyot ehtimoli bor ekan, Rossiya uni qo'llab-quvvatlamaydi.

Britaniya Tashqi ishlar vaziri Uilyam Xeygning kecha Xavfsizlik Kengashida so'zlashicha, rezolyutsiya loyihasi harbiy chorani ko'zlamaydi va Suriyaga qarshi urushga yo'l ochmaydi.

Hujjatga ko'ra, Suriya prezidenti Bashar al-Assad namoyishchilarga qarshi zulmni to'xtatib, iste'foga chiqishi kerak. Rasmiy Damashq bunday taklifni rad etdi.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klintonning aytishicha, Assad mamlakatda mazhablararo zo'ravonlikka turtki bermoqda, bu esa fuqarolik urushiga yetaklashi mumkin.

Suriyaning BMT dagi elchisi Bashar Jafariy hukumatiga qarshi ayblovlarni inkor etib, AQSh va Yevropani Yaqin Sharqda yana bir davlatni bosib olmoqchi ekanini da'vo qildi.