Moskvada Tolibon va afg'on muxolifati orasida muzokara

  • Amerika Ovozi

Moskva, 9-noyabr, 2018

Tolibon vakillari bu hafta Moskvada Afg'oniston muxolifati bilan muloqot qiladi, lekin Kobuldagi hukumatdan bu muzokaralarda hech kim ishtirok etmaydi.

Rossiya, qolaversa, AQSh diplomatlarining jangari kuchlar, qurolli muxolifat bilan gaplashayotgani Afg'oniston markaziy hukumatining zaif ekanidan dalolat, deydi tahlilchilar. Tolibon mamlakatning deyarli yarmini nazorat qiladi.

Prezident Ashraf G'ani uning rahbariyati qatnashmayotgan uchrashuvlarni qoralab, toliblarni avvalo markaziy hukumat bilan so'zlashishga undamoqda.

Biroq Tolibon bu hukumatga ishonchli kuch sifatida qaramaydi. Bu harakat nazarida Afg'oniston tinchligi xorijiy taraflar bilan kelishuvga bog'liq.

Rossiya va Amerika rasmiylarining aytishicha esa ular Kobul bilan maslahatlashgan holda harakat qilmoqda.

Tolibonning asosiy muzokarachisi Sher Muhammad Abbos Stanekzoy bo'lib, harakat "Amerika Ovozi"ga Moskvadagi muzokara 5-fevral kuni boshlanishini tasdiqladi.

Harakatning asosiy talabi - Afg'onistonda islomiy tuzum hukmronlik qilishini ta'minlash. AQShning asosiy talabi - Afg'onistonda shu kungacha erishilgan yutuqlarni boy bermaslik, ya'ni fuqaro erkinligi, iqtisodiy o'sish va xotin-qizlarning huquqlari.

Tolibon oldin ham Moskvada muzokaralar olib borgan, noyabr, 2018

Afg'on siyosiy muxolifati nima uchun Tolibon bilan gaplashmoqda?

38-a'zolik afg'on siyosiy delegatsiyasida ayollar, sobiq rahbarlar, prezidentlikka nomzodlar, qonunchilar va qabilaviy yetakchilar bor.

Jumladan, sobiq prezident Hamid Karzay, sobiq davlat maslahatchisi Hanif Atmar (hozirda prezidentlikka da'vogar), sobiq hokimlar - Muhammad Ismoil va Atta Muhammad Nur.

Siyosiy muxolifatning maqsadi Tolibon bilan tinchlikda yashashga kelishib olish, deydi guruh a'zolari. Oppozitsiya mamlakat kelajagini qanday ko'radi, shuni bayon etish, deydi ular.

“Bu siyosiy dramadan, quruq tomoshadan boshqa hech narsa emas", - deydi Tashqi ishlar vazirligidan Sibg'at Ahmadi. G'ani ma'muriyati bunday uchrashuvlardan "hech qanday foyda kutmayapti".

25-fevral kuni Dohada AQSh va Tolibon rasmiylari yana uchrashadi.

Hozirgacha erishilgan natija shuki, AQSh qo'shinlari chiqib ketadi va Tolibon Afg'onistonning terrorchilar makoni bo'lmasligini ta'minlaydi. Agar bu mamlakatdan biror kuch Amerika va uning sheriklariga qarshi xurujlar rejalasa, Vashington keskin chora ko'radi. Tramp ma'muriyatiga ko'ra, toliblar Afg'onistonda erkinlikka qarshi harakat qilmasligi shart.