Trampning Vashingtondagi hayoti oson kechmayapti

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Prezident Donald Tramp xorijda ham, o'z vatanida ham murakkab siyosiy vaziyat bilan to'qnashmoqda. Bundan tashqari, o'z partiyadoshlari va jurnalistlar bilan aloqasi yaxshi emas.

U qilayotgan mehnatlari yaxshi qadrlanmayotganidan norozi.

"Vatanimizga ishonch qaytdi, uzoq yillar bunday bo'lmagan edi", - deydi u.

Tramp o'tmishidan ko'ra bugungi hayotini afzal ko'rishini aytadi.

"Juda yaxshi hayot kechirdim. Lekin hozirgi hayotim avvalgisidan yaxshi. Chunki odamlarga yordam beryapman", - deydi prezident.

Tramp respublikachi senator Bob Korker bilan "Twitter"dagi olishuvini davom ettirmoqda. Jurnalistlarni ham yoqtirmaydi.

"Matbuot xohlagan narsasini yoza olishi odamning jig'iga tegadi. Odamlar buni bilishi kerak", - deydi u.

Davlat rahbari endi soliq tizimini isloh qilmoqchi. Demokratlar bunga keskin qarshi.

"O'rta qatlamning solig'ini kamaytiryapmiz, deyishdi. Aslida boylar uchun bu", - deydi senator Chak Shumer.

Vaziyat o'gir, ammo Tramp sodiq tarafdorlariga tayanmoqda, deydi respublikachi strateg Jon Fiyeri.

"U hanuz mashhur. U Vashingtonning hanuz obro'siz ekanini biladi. Respublikachilar tarafdorlari matbuotni yoqtirmasligini ham yaxshi tushunadi", - deydi u.

Ammo, deydi Fiyeri, Trampning raqiblari bilan ham, ittifoqchilari bilan ham olishishi muammo.

"Uning hozir eng katta muammosi shuki, matbuot uni yoqtirmaydi. Respublikachilar partiyasiga ham u ma'qul emas. Demokratlar, tabiiyki, uni yomon ko'radi. Shu bois uning ishlashi qiyin bo'lyapti. Beqaror tabiati yana bir muammo", - deydi ekspert.

Bu muammolarga qaramay, Tramo ashaddiy tarafdorlari qo'llab-quvvatlovidan umidvor, deydi tahlilchi Metyu Dallek.

"Saylovchilarning 38 foizi, Respublikachilar partiyasining 80 foizdan ortig'i uning ashaddiy tarafdori. Shu bois unga qarshi chiqadigan respublikachilar ko'p bo'lishi qiyin", - deydi u.

Ammo so'nggi bir so'rovga ko'ra, bir qator shtatlarda, xususan, Pensilvaniyada Trampning tarafdorlari kamayib bormoqda.