Tramp Eron bo'yicha qarorini e'lon qilish arafasida

  • Amerika Ovozi

Oq uy matbuot kotibi Sara Xakabi Sanders

Eron 2015-yilda erishilgan xalqaro yadroviy kelishuvga amal qilayaptimi? Oq uy matbuot kotibi Sara Xakabi Sanderning bayon qilishicha, Tramp ma’muriyati ertaga shu haqdagi xulosasini e’lon qiladi. Kelishuv uzoq yillik muzokaradan so’ng 2016-yilda kuchga kirgan edi.

BMT Xavfsizlik Kengashining besh doimiy a’zosi va Germaniya ishtirokida imzolangan hujjat Tehron atom qurollari yaratmasligini kafolatlaydi. Buning evaziga ko’p yillik sanksiyalar bekor qilinib, Eronning xorijda muzlatilgan mulki va pullari qaytarildi.

Kelishuvni tanqid qilib kelgan Prezident Tramp nazarida Tehron bitim shartlarini bajarmayapti. BMTda qilgan nutqida u bitimni “sharmandalik” deb ta’riflagan.

“AQSh aslo bu hujjatga qo’l qo’ymasligi kerak edi”, - deydi Tramp.

Bitimga boshidan qarshi bo’lgan respublikachi qonunchilar uning ijrosini muntazam tekshirib turadi.

AQSh prezidenti har 90 kunda Eron unga amalga qilayotganini tasdiqlashi va Kongressga hisobot berib turishi kerak.

“Agar prezident bitim ijrosini tasdiqlamasa, Kongress ikki oy ichida chora ko’rishi kerak bo’ladi. Bu degani, Eronga nisbatan sanksiyalar tiklanishi mumkin. Buning uchun ko’pchilik ovoz bersa kifoya”, - deb tushuntiradi professor Josh Rovner.

AQShning BMTdagi elchisi Nikki Heylining aytishicha, kelishuv tasdiqlanmagan taqdirda ham Amerika undan chiqmaydi. Ittifoqchilar Vashington tutayotgan yo’ldan norozi.

“Ishlab turgan narsani buzib nima qilasiz”, - deydi Yevropa Ittifoqi rasmiysi Federika Mogerini.

Kelishuv bekor qilinsa, Eron yana uran boyitishga kirishishi mumkin.

“Davlatlar so’zidan qaytsa, majburiyatlarini bajarmasa, biz ham o’z manfaatlarimizdan kelib chiqib yo’l tutamiz”, - deydi Prezident Hasan Ruhoniy.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti va bitimni imzolagan yana besh davlat Tehron bilan qayta muzokara qilmoqchi emas. Eron majburiyatlarini bajarib kelmoqda, deydi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG