Tramp tuzgan komissiya "soxta" ovozlarni tekshirmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh saylovlarida qalbaki ovozlarni tekshirish uchun Prezident Donald Tramp tuzgan maslahat komissiyasi o’z ishini boshlayapti. Bunday komissiya tuzilganining o’zi keskin munozaralarga sabab bo’lmoqda.

Donald Tramp 2016-yilgi saylovda millionlab odam noqonuniy ovoz berganini iddao qiladi. Shuning uchun, deydi u, Hillari Klinton 3 million ko’proq ovoz olgan.

“Soxta ovozlarning hammasi Klintonga berilgan. Menga emas”, - deydi prezident.

Ammo Trampning da’vosini isbotlovchi dalillar yo’q. Saylov uchun mas’ul mahalliy rasmiylar keng miqyosda firibgarlik ro’y berganini aniqlay olmagan.

“Virjiniya shtati, Arlington okrugimizda 2016-yilgi saylov paytida qonunbuzarliklar qayd etilmagan”, - deydi Linda Lindberg, Virjiniyada saylov direktori. U saylovchilar ro’yxatini yangilab turadi.

2012-yilda Pyu tadqiqot markazi har sakkiz ro’yxatdan biri eskirganini, 1,8 million fuqaro, o’lgan bo’lsa-da, ro’yxatdan o’chirilmaganini aniqlagan edi. Lekin professor Rik Hasenga ko’ra, kimdir ataylab ovozlarni soxtalashtirayotgani yo’q.

“Qo’shnim ko’chib ketibdi, borib o’rniga ovoz beraman, deyayotgani yo’q hech kim. Yoki qo’shnim olamdan o’tdi, o’rniga ovoz berib kelay, demayapti hech kim. Bu gaplar asossiz”, - deydi professor.

Oq uy, shuningdek, fuqaroligi bo’lmagan odamlar ovoz berayotganini da’vo qiladi.

2014-yilgi bir izlanishga ko’ra, 2008-yilgi saylovda milliondan ziyod shunday ovozlar qayd etilgan. Biroq muallifning o’zi ham bu raqamlar bo’rttirilganini tan oladi.

Shunday bo’lsa-da, Tramp tuzgan komissiya o’z ishini bajarsin deyayotganlar ham bor. Konservativ Xeritij jamg’armasidan Jeyson Snid:

“Komissiya biror nojo’ya ish qilayotgani yo’q, lekin hozirdan qoralashyapti. Saylov tizimini o’zgartirish bo’yicha tavsiyalar bilan chiqsin, muammolarni fosh etsin, yechimlar taklif etsin. Jarayon endi boshlanyapti, ma’lumot yig’ilyapti”.

Aksar respublikachilar fikricha, komissiyadan naf bo’lishi aniq. Saylovchilarning shaxsini aniqlaydigan qonunlarni kuchaytirish kerak, deydi ular.

Demokratlar nazarida esa bu choralar ovoz berishni qiyinlashtirishi mumkin. Ayniqsa demokratlarni quvvatlovchi kam daromadli rayonlarda.

“Trampning saylovda ko’proq ovoz olgani haqidagi da’vosini isbotlash uchun uch million noqonuniy ovozni qidirishyapti. Bu g’irt safsata-ku!”, - deydi demokrat Dik Durbin.

Aksariyat shtatlar komissiyaga ma’lumot uzatishdan bosh tortmoqda.