Turkiya demokratiyadan chekinmasin, deydi ziyolilar

  • Amerika Ovozi

Turkiyada tinimsiz namoyishlar

Turkiyaning Istanbul va boshqa shaharlarida hukumatga qarshi namoyishlar davom etarkan, politsiya bugun ham ommani tinchitish uchun ko’zni yoshlantiradigan gaz va suv ishlatgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Turkiyadagi namoyishlar, demokratiya/Navbahor Imamova


O’tgan juma kunidan beri avj olgan chiqishlarda jamoatchilik Bosh vazir Rajab Toyyip Erdog’anni avtoritar siyosatda, dunyoviy tuzumni islomiylashtirishga urinayotganlikda ayblamoqda.

Tijoriy bir loyihaga nisbatan qarshilik bu qadar keng namoyishga aylangani nafaqat Turkiya hukumatini, balki bu davlatning ittifoqchilarini ham tashvishga solmoqda. AQSh Davlat kotibi Jon Kerri fikricha, rasmiy Anqara xalqning noroziligiga uchragan rejalarni qayta ko’rib chiqishi kerak. Bu jamiyat o’z muammolarini tinch yo’l bilan hal qila olishga qodir, deydi u. Matbuot va so’z erkinligi, uyushish erkinligi ta’minlangan mamlakat eng qudratli jamiyatlardan biri sanaladi, deydi Kerri.

Davlat departamenti so’zlovchisi Jennifer Psaki esa rasmiy Anqara to’polon yuzasidan tergov ishi ochib, adolatni ta’minlashi lozimligini aytadi.

Turkiya Bosh vaziri o’rinbosari Bulent Arinch bergan bayonotda ommaga qarshi kuch ishlatilgani xato sifatida tan olinadi, ammo buzg’unchilik qilgan fuqarolar qonun oldida javob beradi, deydi u. To’polonda ikki kishi halok bo’lgan, yuzlab fuqarolar va politsiyachilar jarohatlangan.

Bosh vazir Erdog’an nazarida namoyishchilar saylovlarda yutqazgan muxolifatning odamlari. Bu shaxslar terroristlar singari xalq orasida biror hurmat yoki ishonchga ega emas, deydi u.

Parijda namoyishga chiqqan turk ziyolilaridan biri Ozan Kechili ta’biricha, uning vatanini demokratiya deyish borgan sari qiyinlashib bormoqda.

“Turkiya iqtisodiy jihatdan mustahkam deya o’zimizni aldab, bu davlatdagi erkinliklarni boy berdik. Bugungi vaziyat buning yaqqol isboti”, - deydi u.

Vashingtondagi Jorjtaun universiteti professori Shinan Chiddi tahlilicha, Turkiya hukumati olg’a surayotgan yangi qonunlar jamiyatni beqarorlashtirish uchun xizmat qiladi.

“Masalan, abortni cheklash… Yana bir masala bu zamonaviy san’at namunalarini chetga surib, e’tiborni dinga qaratish. Tarixiy obida sanalgan kinoteatrlarni buzib tashlash … Yig’inlar uchun qo’llangan Taksim maydonini o’zgartirish. Alkogol iste’moli ustidan nazoratni kuchaytirish. Buni ko’rgan odamlar dunyoviy tuzum xavf ostida deb biladi. Turkiyada hayot tarzi o’zgarmasin, deb ko’chaga chiqayapti ular”, - deya tushuntiradi olim.

Turkiya demokratiyadan chekinmasin desak, bugun namoyish qilayotganlarni terroristlarga qiyoslamay, ularning dardiga quloq soling, deydi Shinan Chiddi.