Breaking News

Uyg'urlar huquqlariga doir hisobot chop etildi


Qashg'ardagi masjid
Xitoy prezidenti Si Zinpin kelasi hafta AQShga safar qilib, prezident Barak Obama bilan uchrashadi. Ikki tomonlama munosabatlarga doir masalalar qatorida Xitoyda inson huquqlari ahvoli ham ko’tarilishi mumkin.

Uyg'urlarning Xitoyda inson huquqlariga doir ahvoli yuzasidan hisobot muhokamasi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:18 0:00
Yuklab oling

Uyg’ur faollariga ko’ra, kommunistik rejim bu millat dini, madaniyati va tilini kamsitishda davom etmoqda. Uyg’ur-Amerika uyushmasi Shinjonda uyg’urlarning inson huquqlariga doir ahvolini ta’riflab, keng qamrovli hisobot chop etgan. AQSh Kongressida Xitoy bo’yicha mutaxassislar to’planib, hisobotga munosabat bildirdi.

Qo’shma Shtatlar Xitoyda inson huquqlari ahvolini yaqindan kuzatib, yillik hisobotlarida yoritib keladi. Bundan tashqari bu yo’nalishda faoliyat yurituvchi Human Rights Watch, Xalqaro Amnistiya kabi nufuzli tashkilotlar ham masalani e’tiborsiz qoldirmaydi. Shunga qaramay mutaxassislar nazarida, Xitoydek yopiq jamiyatda bu borada ma’lumot yetarli emas.

Shu sabab Vashingtonda asoslangan Uyg’ur-Amerika uyushmasi AQShning Demokratiya uchun milliy jamg’armasidan grant olib, uch qismdan iborat hisobot tayyorladi.

Unda Sharqiy Turkistonda uyg’urlar hayoti, Xitoy hukumatining e’tiqod erkinligiga qo’ygan cheklovlari, 2009-yilda Urumchida ro’y bergan etnik to’qnashuvlardan keyingi vaziyat, Shinjonda uyg’ur tarixi va madaniyatiga oid ko’hna obidalarning vayron qilinishi va boshqa huquqbuzarliklar qayd etilgan.

AQSh Xalqaro diniy erkinliklar komissiyasi direktorining o’rinbosari Skot Flips hisobotni juda ham foydali manba deb atadi.

"Hujjatda Xitoy hukumatining dinga nisbatan siyosati ravshan tasvirlangan. Komissiyamiz bundan manba sifatida foydalanib, hisobot AQSh va Xitoy hukumatlari bilan shu mavzuda samaraliroq muloqot qilishga yordam beradi", - dedi rasmiy.

Skot Flipsning aytishicha, Qo’shma Shtatlar uyg’urlar masalasini Islomiy hamkorlik tashkiloti va Turkiya bilan muhokama qilib keladi. Uyg’ur-Amerika uyushmasi ushbu hisobotini musulmon davlatlarga tarqatib, ularni Xitoyga bosim qo’yishga chaqirishi kerak, deydi rasmiy.

Ammo Human Rights Watch tashkilotining Xitoy bo’yicha eksperti Sofi Richardsonning aytishicha, ayrim mamlakatlar Pekin bosimi ostida BMT dan siyosiy boshpana so’ragan uyg’urlarni Xitoyga ekstraditsiya qilmoqda, jumladan musulmon davlatlar ham. Bunday mamlakatlar xalqaro qonunlarni buzmoqda, deydi Sofi Richardson.

"So’nggi ikki yildan beri bu ahvolni yaqindan kuzatib kelamiz. O’tgan yil oxirida Malayziyada aksil-terror kuchlar BMTning qochqinlik maqomini kutib, Turkiyaga yo’l olmoqchi bo’lgan olti uyg’urni ushlab, Xitoyga topshirgan. Ularning bugungi xolidan xabarimiz yo’q", - dedi Richardson.

Hisobot ustida ishlagan Genrik Chechevskining aytishicha, so’nggi yillarda uyg’urlarga nisbatan diniy cheklovlar kuchaygan. Xitoy hukumati 2005-yilda diniy faoliyatni tartibga solish haqida ko’rsatma bergan. 18 yoshgacha bo’lgan uyg’urlar va davlat xizmatchilari masjidga kiritilmaydi, ro’za tutish nazorat qilinadi, hajga borish qiyinlashgan, deydi Chechevski.

"Ramazon paytida talabalar yotoqxonalari saharda kuzatiladi. Og’iz yopish uchun chiroq yongan bo’lsa, bunday talabalar o’qishdan haydalishi mumkin. Davlat idoralarida uyg’ur millatiga mansub xizmatchilarning ro’za tutganini aniqlash uchun ishxonadagi oshxonalarda ularga bepul tushlik taklif etiladi. Shinjondagi kafelarga Ramazon paytida yopilmaslik buyurilgan, aks holda ularga yirik jarima solinadi. 50 dan yosh bo’lganlarga hajga borish ruxsat berilmaydi. Bo’lajak hojilar qattiq tekshiruvdan o’tib, Saudiya Arabistoniga guruh tarkibida borishlari mumkin, xolos. Hajga borish xarajatlari ancha ko’tarilgan", - dedi Chechevski.

Mart oyida Xitoyda rahbariyat almashdi. Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, hokimiyatga islohotchilar kelib, endi siyosiy o’zgarishlar bo’lishiga umid bor. Ammo Uyg’ur-Amerika uyushmasi prezidenti Olim Seytoffning aytishicha, uyg’urlar masalasida siyosat yumshashini kutmaslik kerak.

"Si Zinpinning Mao Tzedun, Den Syaopin, Zyan Zemin, Xu Sintaodan hech qanday farqi yo'q. U ham bir diktator. O'zgarishiga ishonch yo'q. U hech qachon uyg'urlarga, tibetliklarga, Xitoyda ezilayotgan millatlarga erkinlik beray, huquqlarini hurmat qilay, demaydi. Bizning hech umidimiz yo'q".

Kelasi hafta Xitoy prezidenti Si Zinpin Kaliforniyada AQSh rahbari Barak Obama bilan uchrashadi. Olim Seytoff Oq uy ma’muriyatidan muzokaralarda uyg’urlar masalasini ko’tarishni so’raymiz, dedi.

Uyg’ur faolining aytishicha, Sharqiy Turkistonda nafaqat uyg’urlar, balki qozoqlar, tatarlar va o’zbeklar kabi boshqa musulmon millatlar ham o’z e’tiqodiga sig’inishda katta to’siqlarga uchramoqda.

Uyg'urlar huquqi Kongressda muhokamada/Uyghur human rights - Congress
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:17 0:00
  • 16x9 Image

    Odil Ruzaliev

    Odil O'zbek xizmatiga 2005-yilda kelgan. Diktor va prodyuser. AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) xalqaro aloqalar sohasida magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekiston TV 1-kanalida ingliz tilidagi yangiliklar – FCN (First Channel News) – ko'rsatuvining muallif-boshlovchisi edi. "Axborot" dasturida mehnat qilgan. Odil ko'p yillar AQShning Toshkentdagi elchixonasi axborot bo'limida ishlagan. O'zbek, ingliz va rus tillarida chop etilgan qator maqolalar muallifi. Farg'ona shahrida tug'ilgan.

    Odil Ruzaliev is a reporter, radio and TV anchor, web editor and producer for Voice of America’s Uzbek Service since 2005. Prior to joining VOA, he worked at the State Radio and TV of Uzbekistan, BBC International’s Central Asia region, and was a regular Contributor for CNN World Report. He has also worked as an Information Assistant at the US Embassy in Tashkent, Uzbekistan. He was the creator and host of the TV program First Channel News, Uzbekistan’s first English language news broadcast. In his spare time he is a freelance photographer. A native of Ferghana Valley, Uzbekistan, Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. In addition, he was an exchange student at Pace University in New York City and holds a master’s degree in international affairs from the Fletcher School of Law and Diplomacy at Tufts University in Medford, Massachusetts.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG