Turkiya Assadni ketishga ko’ndiradimi yo urush boshlaydimi?

  • Amerika Ovozi

Turkiya Assadni ketishga ko’ndiradimi yo urush boshlaydimi?

Turkiya Suriya rahbariyatiga qarshi ekanini baralla aytar ekan, AQSh va butun G’arb ahli umidga to’la.

Rasmiy Anqara prezident Bashar al-Assadni hokimiyatdan ketishga ko’ndira olarmikan? Turkiyaning o’zida bu borada munozara tinmaydi.

Bosh vazir Rajab Toyyip Erdog’an parlamentga murojaatida BMT Xavfsizlik Kengashi o’tgan hafta Suriyada hukmron tuzumni siquvga olish masalasida kelisha olmagani katta mag’lubiyat, dedi.

Turkiya, deydi u, Bashar al-Assadga bosimni oshirishning yangi yo’lini olg’a surmoqchi, Rossiya va Xitoy qarshi chiqishini bilsa ham.

Suriyaning Hims viloyatidan tasvir

Bu ikki davlat o’tgan shanba BMT rezolyutsiyasiga veto qo’ygan edi.

Yangi rejani, tafsilotlarda to’xtalmagan Erdog’an so’zlariga ko’ra, G’arb ham qo’llab-quvvatlamoqda. Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmad Dovuto’g’li ayni damda Vashingtonda.

Turkiya qo’shnisi, bir paytlar yaqin ittifoqchisi bo’lgan Suriya rahbariyatini namoyishlarni ezayotganlikda ayblab, boshidan keskin tanqid qilishga tushdi.

Biroq asosiy vosita hamon diplomatiya, deydi Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Saljuq Unal.

“Davlatlar maslahat qilib, nima chora ko’rish kerakligini aniqlashi kerak. Rasmiy Damashqdan sado yo’q, gap o’zimizda qolgan”, - deydi u.



Suriya muxolifati yetakchilari va Assaddan yuz o’girgan askarlar Turkiyadan panoh topgan. Taxminlarga ko’ra, Anqara isyonchilarga qurol berib, arab davlatlaridan uzatilayotgan o’q-dorini ham o’tkazmoqda.

Turkiya tashqi ishlar vazirligi rasmiylari buni inkor etadi.

“Milliyet” gazetasi muxbiri, diplomatik aloqalarni yoritib kelayotgan Semih Ildiz fikricha, Turkiya Suriya masalasida yolg’iz harakat qilishni istamaydi.

“Tashqi siyosatini kuzatsangiz Turkiya doimo ko’ptomonli, obdon maslahatli ish ko’radi. Xalqaro hamjamiyatga suyanishni ma’qul ko’radi”, - deydi jurnalist.

Turkiya-Suriya chegarasi 800 kilometr keladi va Qo’shma Shtatlar ziddiyatni tugatishda Anqaraga tayanmoqda.

NATO a’zolari orasida armiyasi kattaligi jihatidan Turkiya ikkinchi o’rinda va Suriyani tezda qurshab olishi mumkin.

"Suriya xalqi bilan birgamiz"

Suriya muxolifati xalqaro hamjamiyatni qo’shin tortishga undab, Turkiya amaliyotga boshchilik qiladi degan umidda.

Lekin Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Saljuq Unal kampaniya xalqaro tashabbus bo’lishi shart deydi.

“Hozir harbiy chora qo’llash rejamiz yo’q”, - deydi u.

Turkiya tashqi siyosati bo’yicha tahlilchi Soli Ozel fikricha juda ehtiyotkorlik bilan harakat qilish kerak.

“Suriya fuqarolik urushi domiga tortilib, qochqinlar toshib kela boshlasa, qo’shnilar birday ta’sirini sezishi aniq. Shunda buffer-zonaga, hududni qurshovga olishga zarurat tug’iladi”.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmad Dovuto’g’lining aytishicha, Suriyadan keladigan qochqinlar uchun eshik ochiq. Kerak bo’lsa, oddiy oilalar bag’rini ochadi.

Ayrimlar talqinicha, bu Assadga qaratilgan ogohlantirish.

Bosh vazir Erondog’an aytganidek, Turkiya Suriyaning barbod bo’lishiga yo’l qo’ymaydi.