Tramp Suriyadagi kimyoviy hujumda Rossiya va Eronni aybladi

  • Amerika Ovozi

Suriyadagi kimyoviy hujumda kamida 40 kishi halok bo'lgani haqida xabarlar tarqalar ekan, Prezident Donald Tramp voqeada Suriya rahbarini va uni qo'llab-quvvatlayotgan Rossiya va Eronni ayblamoqda.

"Ular qilmishi uchun javob beradi. Hududni darhol tekshiruvlar va tibbiy yordam uchun oching. Yana bir gumanitar inqiroz kimga kerak?", - deb yozdi Tramp "Twitter"da.

AQSh rahbariga ko'ra, "vahshiylik" ro'y bergan Duma shahrini Suriya armiyasi qurshab olgan, u yerga olib kiradigan barcha yo'llar yopiq.

Suriya kasalxonalari bilan hamkorlik qiluvchi xayriya tashkilotlari Damashq tevaragidagi sharqiy G'uta rayonida, hamon isyonchilar nazoratida bo'lgan hududda o'lganlar 70 dan oshganini ma'lum qildi. Ularga qarshi asab-falaj va xlor gazlari qo'llangan bo'lishi mumkin. Rossiya va Suriya kimyoviy hujum ro'y berganini inkor etdi.

Qutqaruvchilarga ko'ra, 500 dan ziyod odam, aksariyati ayollar va bolalar, og'izdan ko'pik kelish, ko'z achishish, nafas siqilishi alomatlari bilan tibbiy markazlarga yetkazilgan. Ayrimlarining ko'kargan holatda bo'lgani kislorod tanqisligidan dalolat beradi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi voqea bo'yicha bayonot berdi:

"Xlor va boshqa zaharli moddalar Suriya hukumati qo'shinlari tomonidan qo'llanayotgani haqida soxta xabarlar tarqalishda davom etmoqda. Xavfli provokatsiya bo'lishi haqida bir necha bor ogohlantirganmiz. Bunday yolg'on, asossiz g'ala-g'ovurdan maqsad - terrorchilarni himoya qilish, tashqi kuchlar aralashuviga zamin yaratish".

Suriya televideniyesiga ko'ra, isyonchilarga Duma shahrini tark etish uchun 48 soat vaqt beriladi. Rossiya o'tgan hafta "Jaysh al-Islom" guruhi bilan bu borada kelishuvga erishilganini e'lon qilgan edi. Ammo isyonchilar evakuatsiya borasida bir-biri bilan kelisha olmayotgani xabar qilinmoqda.

Rim papasi Suriyada aholiga qarshi kimyoviy qurol qo'llanganini qoralamoqda. AQSh Davlat departamentiga ko'ra, vahshiyona hujumlar uchun Suriya rejimini qo'llayotgan Rossiya ham javobgar.