AQSh O'zbekistonga harbiy yordam uzatadi, ammo qurol emas

  • Amerika Ovozi

AQSh Kongressi O'zbekistonda inson huquqlari bilan bog'liq ahvol ayanchli ekanidan norozilik bildirib, 2004-yildan beri yordamni cheklab qo'ygan. 2005-yilning mayida Andijon fojiasi ketidan bu choralar yanada kuchaytirilgan. Ular hamon amalda, deya eslata

AQSh Davlat departamentining bildirishicha, Obama ma'muriyati O'zbekistonga cheklangan miqdorda harbiy yordam beradi. Ya'ni bu ko'mak qurol-yarog'ni, o'ldiradigan vositalarni o'z ichiga olmaydi.

Bu qaror Amerika davlat xavfsizligi nuqtai nazaridan muhim hisoblanadi, deydi departament matbuot kotibasi Viktoriya Nuland.

O'zbekiston Afg'onistonda tinchlikni ta'minlash harakatlarida hamkorlik qilmoqda.

Xalqaro koalitsiyaga yuk tashiydigan Shimoliy Ta'minot Tizimi (Northern Distribution Network) O'zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari hududidan o'tadi.

O'zbekistonga qurol-aslaha berilmaydi, faqat yengil vositalar, deydi rasmiylar

AQSh Kongressi O'zbekistonda inson huquqlari bilan bog'liq ahvol ayanchli ekanidan norozilik bildirib, 2004-yildan beri yordamni cheklab qo'ygan.

2005-yilning mayida Andijon fojiasi ketidan bu choralar yanada kuchaytirilgan. Ular hamon amalda, deya eslatadi rasmiylar.

Lekin hozir istisno tariqasida oz miqdorda madad ko'rsatishga ahd qilingan. Chunki, deydi diplomatlar, chegara xavfsizligi va terrorizmga qarshi kurashda qo'l keladigan vositalar bilan ta'minlash Amerika manfaatlari uchun ham xizmat qiladi.

18-yanvarda AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton imzo chekkan hujjatga asosan, O'zbekistonga tunda ishlatiladigan binokllar, himoya kiyimlari, aloqa asboblari hamda global kuzatish jihozlari (GPS) beriladi.

Tunda ishlatiladigan binokl

"Bu O'zbekistonning xalqaro terrorizmga qarshi salohiyatini oshiradi. Bular mudofaa vositalari. Afg'onistonga kirib-chiqish yo'llarini himoya qilishda qo'l keladi", - deydi Viktoriya Nuland.

Bu qaror AQSh Kongressi yuqori palatasi - Senat tomonidan ma'qullangan.

Mavjud qonun AQSh tashqi ishlar vaziriga 2013-yilga qadar bu "mustasno qarorni" har olti oyda yangilashga ruxsat beradi xolos.

Xillari Klinton 2011-yilning oktabrida Toshkentda bo'lganida, Islom Karimov bilan huquq va demokratiya haqida ochiqchasiga gaplashgan va uni tuzumni isloh qilishga undagan

Viktoriya Nuland Amerika bu harakati bilan O'zbekistondagi inson huquqlari ahvoliga ko'z yumayotgani yo'q, deydi.

"2011-yilning oktabrida Klinton xonim O'zbekistonga borib, prezident Islom Karimov bilan ochiq gaplashgan va uni huquq va erkinlikni hurmat qilishga, tuzumni isloh qilishga va nohaq qamalganlarni ozod qilishga undagan", - deydi Nuland.

Davlat departamenti matbuot brifingidan, 1-fevral 2012, ingliz tilida:

http://www.youtube.com/embed/lCAVfmH3Pzk