Terrorga qarshi kurashda USAID muhim rol o'ynaydi

  • Amerika Ovozi

USAID - AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi

O'tgan yillar ichida terror tashkilotlari ko'plab davlatlarda qattiq zarba yedi va xalqaro maydonda anchagina kuchini yo'qotdi. Biroq ular hamon faol va ulkan xavf manbai. Terrorizmga qarshi kurashda xorijiy yordamning roli muhim. Nafaqat bevosita moddiy ko'mak, balki uzoq muddatni ko'zlovchi, jamiyatlarni demokratiya, erkinlik va siyosiy-ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlik tomon yetaklovchi dasturlarning hissasi beqiyos. AQSh hukumatining qarashi shunday.

USAID, AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi, azaldan o'z loyiha va programmalarini yuqorida tilga olingan maqsadlar yo'lida amalga oshirib keladi. Agentlik rahbari Mark Grin yaqinda Kongressga hisobot berganida terrozim va jinoyatchilikka qarshi kurash aslida yo'qsillik va adolatsizlikka nisbatan chora-tadbirlardan boshlanishi lozim, deya qayd etdi, dunyoning qay burchagida bo'lmasin.

Odamlarni yoppasiga uy-joyini tashlab chiqishga, qashshoqlik domiga, xorijdan imkoniyat izlashga majbur qilayotgan omillarga e'tiborni oshirish kerak.

Nochorlik, huquqbuzarlik va loqaydlik keng qanot yozgan muhitda insonlarning ruhiy holati ham og'irlashadi. Ilojsizlik, savodsizlik, yopiqlik odamlarni qora yo'llarga olib boradi, deydi Mark Grin. Jamiyatlardagi tub ijtimoiy muammolarga qarshi kurashda AQSh yaqindan yordam bera oladi va bu yo'ldan qaytmasligi kerak, deydi rasmiy.

Masalan, USAID AQSh Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda Suriyada boshpanasiz qolgan odamlarga yordam yetkazmoqda.

To'fon va boshqa tabiiy ofatlardan zarar ko'rgan joylarda aholiga nafaqat moddiy balki ruhiy ko'mak berish ham yo'lga qo'yilgan.

Sog'liqni saqlash, tibbiyot, ilm-fan, ta'lim hamda iqtisodiy taraqqiyot bobida, shuningdek, odam savdosi, qoradori savdosi va terrorizm singari muammolarni bartaraf etishda tashqi yordam, xususan Amerika madadi, ko'plab hukumatlar va xalqlar uchun bebaho suyanchiq, deydi Mark Grin.

"Davlatimiz bu borada global yetakchi bo'lib qolishi lozim", - deydi u.