Mahalliy ekspertlar O'zbekistonning Yevrosiyo ittifoqiga kirishini yoqlab chiqdi

Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga qo‘shilish masalasini muhokamaga chiqargan O’zbekiston televideniyesida Toshkentga bu tashkilotga qo‘shilmaslikni tavsiya qilgan AQSh tijorat vazirining bayonotiga javob berilgan. Ittifoqqa a’zolikning foydasi, xavotirlari haqidagi bu munozara Toshkentning Rossiya yetakchiligidagi tashkilotga qo’shilish qaroridan darak o’laroq baholanmoqda. O’zbekiston televideniyesi jamoatchilikka ittifoqdan SSSRning hidi kelmaydi degan xulosani taqdim etmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga a'zolik: foydami yoki zarar?

“O’zbekiston 24” kanalida namoyish qilingan “Qarama-qarshi” ko’rsatuvida O’zbekistonning Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga a’zoligi ehtimoli, bu tashkilotga qo’shilishdan mamlakat nima yutishi va yutqazishi muhokama qilingan.

Buni ham ko'ring AQSh-O'zbekiston: Biznes hamkorlik kuchayishi kerak

Qo'shilish tarafdorlari va qarshilarga bo’lingan ekspertlar ishtirokida kechgan muhokama a’zolik millionlab mehnat muhojirlariga yengillik berishi, O’zbekiston millionlab dollar mablag’ tejashi mumkinligi haqidagi da’vo bilan boshlanadi.

Ko’rsatuvdagi ekspertlar AQSh Tijorat vaziri Uilbur Rossning O’zbekistonni Yevrosiyo ittfoqiga a’zo bo’lishi mamlakatni Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishini qiyinlashtirishi mumkinligi haqidagi ogohlantirishiga ham javob qaytarishgan.

Tashkilotga qo’shilish aholi farovonligi, mamlakat taraqqiyotiga foyda keltirishiga shubha qilmayotgan ekspertlardan biri iqtisod fanlari doktori, professor Nodir Jumayevga ko’ra, AQSh vaziri mazkur bayonoti bilaniqtisodiyotni tushunmasligi, siyosatga to’g’ri baho bera olmasligini namoyon etmoqda.

“AQSh savdo vaziri janob Ross aytayapti emishki, O’zbekiston Yevrosiyo ittifoqiga a’zo bo’lsa, biz Jahon savdo tashkilotidan quruq qolarkanmiz. Savol, nima uchun Qozog’iston Jahon savdo tashkilotining a’zosi, nima uchun Rossiya a’zo, Armaniston, Qirg’iziston? Bu umuman u odamni iqtisodiyotni tushunmasligi, siyosatga to’g’ri sharh bera olmasligi va biz 1991-yildan buyon mustaqil ekanligimizni bilmasligi natijasida deb qarashimiz mumkin. Bi xohlaymizmi, yo’qmi, bu tashkilot bizning manfaatimizga xizmat qilmasa ekan, unda chiqib ketishimizni ham imkoniyati bo’ladi”, - deydi Jumayev.

Buni ham ko'ring Safoyev: O'zbekiston bugun Markaziy Osiyo nomidan gapiradi

Avvalroq Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedev AQSh tijorat vazirining bu fikrlariga nisbatan munosabat bildirgan, AQShni Jahon savdo tashkiloti qoidalarini buzishda, g’irrom raqobatda ayblab chiqqan edi.

“Qarama-qarshi” ko’rsatuvida yoqlovchilar va qarshi tomonlardan iborat olti ekspert ishtirok etdi. Tashkilotga qo’shilishni yoqlovchi ekspertlar qatorida Oliy Majlis Senati qo’mitasi o’rinbosari Odiljon Iminov ham bor. Qarshilar tomonida bu maqomdagi rasmiylar yo’q. Asosiy ekspertlardan biri “Milliy tiklanish” partiyasi raisi o’rinbosari Mirodil Abdurahmonov.

Yevrosiyo ittifoqiga qo’shilishning zarar va foydasi haqida bahs qilgan ekspertlarning jamoatchilikka taqdim qilingan yakuniy xulosalarida qarama-qarshilik saqlanib qoldi deyish qiyin.

Yoqlovchi ekspertlar ittifoqqa qo’shilishni uzoqqa cho‘zish shart emas degan xulosa berishgan bo’lsa, qarshilar tashkilotga a’zolik O’zbekiston uchun foydaligi, faqat buni o’ylab, tahlil qilib ko’rishga vaqt zarurligini ta’kidlashdi.

Buni ham ko'ring O'zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo'shilsa, nima bo'ladi?


O’zbekiston Yevrosiyo ittifoqiga qo‘shilishi, bu borada Prezident Shavkat Mirziyoyev bir qarorga kelgani haqidagi ma’lumot Rossiya Federatsiyasi kengashi raisi Valentina Matviyenkoning O’zbekistonga tashrifi davomida bayon qilingan edi.

Bu masalaning Rossiya delegatsiyasi tashrifi davomida ko'tarilgani Moskva Toshkentga bosim o'tkazayotgani haqidagi ehtimolni yuzaga chiqardi. Keyinchalik Senat raisi o’rinbosari Sodiq Safoyev matbuotga bu borada izoh berdi.

Unga ko’ra, Rossiya yetakchiligidagi tashkilotga a’zolik masalasida O’zbekistonga hech qanday bosim ko’rsatilmagan, Mirziyoyev esa bosim ostida egiladigan rahbarlardan emas.