Breaking News

Tahlilchilar: ShHT foydali, ammo xavfli omillarni ham unutmaslik kerak


Qirgʻiziston poytaxtida Shanxay hamkorlik tashkilotiga (ShHT) aʼzo davlatlar rahbarlarining navbatdagi sammiti boʻlib oʻtdi. 13-14-iyun kunlari boʻlib oʻtgan bu yilgi anjuman Bishkek deklarasiyasini qabul qilish bilan yakunlandi.

Unda giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurash, raqamlashtirish va axborot texnologiyalari, turizm, atrof-muhitni himoya qilish, qishloq xoʻjaligi tarmoqlari boʻyicha hamkorlikni oʻz ichiga olgan bir qator kelishuvlar imzolandi.

Bishkekda o'tgan ShHT majlisidan xulosalar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:36 0:00

ShHT bu yil 18 ga to’lmoqda. Guruh a’zo davlatlar o’rtasida xavfsizlik, savdo-sotiq, madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlashni maqsad qiladi.

Siyosiy tahlilchilar bu davr oraligʻida ShHT global miqyosda nufuzli tashkilotga aylanganini e’tirof etadi. Uning obroʻsi Hindiston va Pokistonni aʼzolikka olish bilan yanada mustahkamlangan.

Ayni damda Qirgʻiziston, Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Rossiya, Tojikiston, Xitoy, Pokiston va Hindiston davlatlari tashkilotga to’liq aʼzo. Belarus, Mongoliya, Eron va Afgʻoniston kuzatuvchi maqomiga ega.

Qirgʻizistonlik siyosatshunos Iqbol Mirsaitovning aytishicha, ShHTning muvaffaqiyatlaridan biri o’zaro qarama-qarshiliklarga ega davlatlarni bir davraga keltira olganidadir.

“Masalan, Hindiston va Xitoy. Undan keyin, Pokiston va Hindiston. Toʻgʻri, bu ikki davlatlar orasida yechilmagan muammolar bor. Lekin shu hamkorlikka kirib, bu davlatlarning bir-biri bilan muloqot qilishi, menimcha, katta yutuq”, - deydi siyosatshunos.

Uning qoʻshimcha qilishicha, Qirgʻiziston Shanxay hamkorlik tashkilotidan kerakli darajada foydalana olishga tayyor emasligini sezish mumkin.

“Men ShHTda ikki-uch yil ekspert boʻlib ishlaganman. Ekspertlar forumlarida ishtirok etganman. Bizga tashkilot tomonidan katta ahamiyat berilgan. Lekin biz oʻzimiz shu ahamiyatga yarasha munosabat bildira olmayapmiz. Masalan, Xitoydan Oʻshga, Andijonga qatnovchi poyezd uchun yoʻl qurish masalasida Xitoy bizdan amaliy taklif kutyapti. Ammo imkoniyatlarimiz kamroq. Temir yoʻli qurilishini biz [Qirgʻiziston hukumati] toʻxtatib turibmiz. Tashkilot manfaatlariga tayyor emasmiz hali”, - deydi Iqbol Mirsaitov.

Qirgʻiziston Prezidenti Sooronbay Jeyenbekov sammitda Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston temir yoʻl tarmog’ini qurish boʻyicha loyihani amalga oshirishni tezlatish tarafdori ekanini taʼkidlab oʻtdi.

Xalqaro aloqalar boʻyicha mutaxassis Chinara Esengul fikricha, ShHT hozirgi vaqtda oʻzini dunyoda yirik siyosiy tashkilot sifatida koʻrsatishga urinmoqda. Ammo iqtisodiy jihatdan, deydi u, buning uddasidan chiqa olmagan.

“ShHT Taraqqiyot banki yoki boshqa loyihalarini olib qarasak, konkret turda hali ishga tushgani yoʻq”, - deydi u.

Qirgʻizistonlik yana bir tahlilchi, jamoat arbobi Emil Umataliyevning aytishicha, ShHTning iqtisodiy imkoniyatlaridan toʻliq foydalanish uchun Qirgʻizistonning Bojxona ittifoqi va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga ham aʼzoligi halal beryapti. Chunki bu ittifoqlarning qonun-qoidalari, joriy etgan cheklovlari Qirg’izistonning ShHTga aʼzo davlatlar bilan iqtisodiy aloqalarida ayrim toʻsiqlar qoʻymoqda, deydi u.

“Shanxay hamkorlik tashkilotiga Hindiston va Pokistonning aʼzo boʻlishi bilan birga yangi imkoniyatlar vujudga kelishi mumkin. Chunki endi guruhga aʼzo davlatlar umumiy aholisi soni dunyoning yarmidan koʻpini tashkil etadi. Bu esa Qirgʻiziston uchun savdoni rivojlantirishda yangi imkoniyatlar yaratishiga umid qilsak boʻladi”, - deydi tahlilchi.

Asosan xavfsizlik masalalarini hal qilish maqsadida tashkil etilgan “Shanxay beshligi” tashkiloti poydevoriga qurilgan Shanxay hamkorlik tashkiloti iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishni maqsadlaridan biri deb belgilaganiga qaramay, tashkilot kun tartibida, asosan, xavfsizlik, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash masalalari oldingi oʻringa chiqishini koʻrish mumkin.

Siyosatshunos Iqbol Mirsaitov fikricha, chindan ham mintaqada bu masalalar muhim ahamiyatga ega.

“Islomiy davlat” degan terroristik guruh Afgʻonistonga kelgani haqida gap boʻlmoqda. Shuning uchun bu birinchi xavf. Ikkinchi xavf esa Markaziy Osiyodan Suriya, Iroqqa chiqib ketgan fuqarolarimiz qaytib kelmoqda. Davlat tashabbusi bilan ayollar, yosh bolalar qaytarilmoqda, ammo qurol bilan yurgan erkaklar emas. Bular qayerda hozir? Shu savol tugʻiladi”, - deydi siyosatshunos.

Uning qoʻshimcha qilishicha, Shanxay hamkorlik tashkiloti terrorizm va ekstremizm bilan albatta kurashishi kerak, ammo faqatgina kuch bilan hech narsani hal qilib boʻlmaydi. Bu masalada iqtisodiy-ijtimoiy yo’nalishda ish olib borish kerak, deydi u.

Tahlilchi Emil Umataliyev fikricha esa, ayrim davlatlar terrorizm bilan kurash bahonasida sirtqi xavflarni emas, balki ichki noroziliklar, xalq noroziligini terrorizm deb, unga qarshi kuch qoʻllashni ham odat qilib olishgan.

“Buni ham yoddan chiqarmaslik kerak”, - deydi ekspert.

Shu bilan birga, tahlilchi ShHT aʼzolarining aksariyati barqaror demokratiyaga ega deb tan olinmagan davlatlar ekanini unutmaslik lozimligini aytadi.

“Biz buni hisobga olishimiz kerak. Biz kichik davlat boʻlganimiz uchun nodemokratik davlatlar orasida oʻz mustaqilligimizni saqlay olamizmi, bu tashkilot orqali xalq kutgan adolat oʻrnatila oladimi? Yoki kuchli, ammo demokratik boʻlmagan davlatlarning koʻpligi bizni demokratik yoʻldan chalgʻitib ketadimi, shu kabi xavfli ehtimollarni ham unutmaslik kerak”, - deydi Emil Umataliyev.

XS
SM
MD
LG