AQShning 37 shtatida fuqarolar erta ovoz bermoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQShning 37 shtatida erta saylovlar bo'lib o'tmoqda. Millionlab amerikaliklar 8-noyabr kungi saylovdan oldin AQSh prezidenti uchun ovoz bermoqda. "Amerika Ovozi" muxbiri kim g'olib chiqishi noma'lum shtatlardan biri bo'lgan Shimoliy Karolinaga borib, saylovchilar fikri bilan qiziqdi.

Skot Herrik bu yilgi saylovni intizorlik bilan kutdi. Atrof-muhit masalalariga alohida e'tibor qaratdim, deydi u.

"Iqlim o'zgarishi bor gap. Bu masalada Hillari Klintonning qarashi menga to'g'ri keladi. Bu yil respublikachi va demokrat o'rtasida an'anaviy saylov bo'ldi, deb o'ylamayman. Aksincha, demokrat va totalitar o'rtasida kurash kechdi", - deydi u.

Respublikachi Lyus Hatchinson Donald Trampga ovoz berdi. U Amerikada ish o'rinlarining boy berilayotgani va muhojirlar ko'payayotganidan xavotirda.

"Musulmonlarga chegarani yopish haqidagi gaplari yoqdi. Musulmonlarni umuman kiritmaslik kerak, demayman. Faqat qonuniy yo'l bilan kirishsin", - deydi u.

Silviya Richardson AQShga Afrikadan kelgan. U Trampning immigratsiya siyosatidan norozi.

"Tramp hammani AQShdan haydab soladigandek gapirmoqda. Bu yerdagi odamlarning ko'pi muhojir. AQShdan chiqarilishi kerak bo'lgan yomon odamlar ham bor, lekin ular orasida yaxshilar ham bor", - deydi u.

Talaba Metti Heyn ilk bor ovoz bermoqda. U ayollar huquqlari va ta'lim masalasiga e'tibor qaratgan.

"Kelajakda nima bo'lishini bolalar hal qiladi. Agar ularda kuchli asos bo'lmasa, ularning kamol topishi qiyin bo'ladi", - deydi u.

Geba Makdaniel uchun ham ta'lim muhim. U o'g'li Malikning demokratiyaga guvoh bo'lishini xohlaydi.

"Uch farzandim bor. 14 yoshli o'g'lim ovoz berish qanday bo'lishini ko'rishini xohlayman", - deydi u.

Malik 18 yoshgacha ovoz bera olmaydi, ammo onasining umid qilishicha, demokratiyaning ahamiyatini tushunadi.